Yer usti metrosi qurilishi ham “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaldagi ifodasidir

09.06.2022, 11:19

Yer usti metrosi qurilishi ham “Inson qadri uchun” g‘oyasining amaldagi ifodasidir

Prezidentimiz kecha Toshkent yer usti xalqa metro liniyasining ikkinchi bosqichi qurilishini borib ko‘rdi. Olib borilayotgan ishlar sifatini ko‘zdan kechirdi.  Davlatimiz rahbari metro harakatining tannarxi, aholining jamoat transportiga xarajati va kutish vaqti sezilarli qisqarishiga qaratilgan takliflarni ma’qulladi, mahallalar aholisining metroga kelib-ketishi uchun qulayliklar yaratish, bekatlar yonida avto va veloturargohlar tashkil etish muhimligini ta’kidladi.

Prezidentimizning mazkur qurilishga tashrifi  munosabati bilan ba’zi fikr-mulohazalarimizni bayon etishni joiz topdik.

Mamlakatimizning barcha hududlarida turli yirik qurilishlar ketyapti, ulkan ob’ektlar barpo etilyapti. Lekin poytaxtimizda bunyod etilayotgan yerusti metrosi katta qurilishlar ichida eng kattasi, mislsiz bunyodkorlik namunasidir. Fikrimizcha, barcha yurtdoshlarimiz ham mazkur qurilishning salmog‘i, ulkan ahamiyatini ravshan tasavvur qilolmayapti. Vaholanki,  metropoliten noyob transport vositasi bo‘lib, uning qurilishi ham g‘oyat murakkab, shunga yarasha katta mas’uliyat, aqliy salohiyat hamda moliyaviy resurslarni  talab qiladi. Shuning uchun ham hozir jahondagi 200 dan ziyod mamlakatlarning 71 tasidagina metro xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur transport turi izchil rivojlanayotgan davlatlar qatorida turganimiz bizga iftixor bag‘ishlaydi.

Mazkur qurilish O’zbekiston  bunyodkorlik jabhasida ham boy tajribaga ega, iqtisodiy salohiyati yuksak davlat ekanligini amalda namoyon qilmoqda. Qayd etish kerakki, soha xodimlariga oson bo‘lmayapti: qurilish olib borilayotgan joylardagi avtomobil yo‘llari, tirbandliklar, yo‘nalishdagi burilishlar, aholining gavjumligi, ayrim kutilmagan qiyinchiliklar...  Biroq temiryo‘lchilar bu kabi qiyinchiliklarni yengib o‘tishyapti.

Pandemiyadan keyingi va hozirgi iqtisodiy qiyin sharoitda ijtimoiy loyihalarga pul ajratadigan davlatlar juda kam. E’tiborlisi, mamlakatimizda odamlarning mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilishga qaratilgan xayrli ishlar bir zum to‘xtagani yo‘q. “Inson qadri uchun” g‘oyasi bu jabhada ham ro‘yobga chiqmoqda. Zero, yer usti metrosining aholiga nafi juda katta. Poytaxtimizda avtomobillar soni kundan-kunga oshib, tirbandliklar ko‘payyapti. Ishlatilayotgan benzin, gaz havoning ifloslanishiga  sabab bo‘lyapti. Yerusti metrosi esa arzon, qulay va xavfsiz. U shahardagi tirbandliklarni kamaytiradi, yo‘lovchilar vaqtini tejaydi.

Muxtasar aytganda, yer usti metrosi xalq manfaatlari ko‘zlanib qurilyapti.

Dilshod ShOUMAROV,

Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    395
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+