Konstitutsiya farovon hayotimiz kafolati

21.06.2022, 15:40

Konstitutsiya farovon hayotimiz kafolati

Barchamizga yaxshi ma’lum, bugun davlatimiz rahbari Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashdi.

Davlat rahbari ilgari surayotgan tashabbuslar mohiyatini jamiyatimizda kechayotgan qizg‘in jarayonlar kontekstida tahlil qilsak, ularning naqadar jiddiy ahamiyatga molikligiga amin bo‘lamiz. Masalan, uzoq yillar davomida birinchi navbatda davlat oldida turgan vazifa va muammolarni hal qilish, mmuhim jarayonlarga davlat manfaatlari nuqtai nazaridan yondashish, shundan so‘nggina jamiyat va inson turmushi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratish amaliyoti hukm surdi. Shu sababdan amal qilib kelayotgan barcha huquqiy hujjatlarda davlat manfaatlari ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. Keyingi yillarda esa “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili islohotlarning bosh qoidasiga aylantirildi. Kelajakda ushbu tamoyil asosida amalga oshiriladigan o‘zgarishlar tendensiyaviy tus olishi uchun eng avvalo “inson – jamiyat – davlat” tamoyilini konstitutsion norma sifatida mustahkamlamoq zarur.

Ma’lumki, xususiy mulksiz, uning ishonchli kafolatisiz kuchli ijtimoiy davlatni qurib bo‘lmaydi. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan Bosh qomusimizda xususiy mulk himoyasini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan konstitutsiyaviy kafolatlarni kuchaytirish taklifi ilgari surildi. Rivojlangan davlatlardagi kabi, shunday tartib o‘rnatilishi lozimki, mulkdor sud qarorisiz, o‘zining roziligisiz, adolatli tovon pulisiz, mulkidan mahrum etilmasin.

Shu bilan birga, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqmaslik hamda bekor qilmaslik masalasini ham Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilash lozimligi qayd etildi. Iqtisodiyotimizni harakatga keltiruvchi asosiy kuch bo‘lgan tadbirkorlikning rivojlanishi yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash masalasi ko‘tarildi. Bu ishlarning zamirida faqat va faqat inson manfaatlari mujassam.

Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat Asosiy qonuniga o‘zgartirishlar kiritish jarayonining boshlanayotgani jamiyat a’zolari oldida muayyan vazifalarni qo‘ymoqda. Bugungi kunda barchamizdan mazkur jarayonlarda faol ishtirok etish, asosiy hujjatga kiritiladigan o‘zgartishlar yuzasidan o‘z fikrini bildirishni fuqarolik mas’uliyati sifatida qabul qilish talab etilmoqda. Biz barcha vatandoshlarimizni ushbu muhim ijtimoiy jarayonda astoydil qatnashib, o‘z fuqarolik burchini mufassal ado etishga chaqirib qolamiz.

Xurshidaxon Xalilova,

O‘zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi, 

xalq deputatlari Andijon viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    296
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+