Ijtimoiy davlat: hayotimiz farovonligi sari dadil qadam

05.07.2022, 09:58

Ijtimoiy davlat: hayotimiz farovonligi sari dadil qadam

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda dolzarb va aniq takliflar, amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Ayniqsa, Konstitutsiyamizda “O’zbekiston – ijtimoiy davlat”, degan tamoyilni mustahkamlash taklif etildiki, bu eng to‘g‘ri qaror bo‘ldi.

Nega desangiz, “Inson qadri” tushunchasi “Ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ushbu g‘oyaning tub negizida, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, aholiga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam.

Ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi. U ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modeli.

Shuningdek, ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur bo‘lgan iste’mol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qo‘yilishini nazarda tutadi. Shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni ta’minlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambag‘allikni qisqartirishni talab qiladi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi turmush darajasini yuksaltirish, bandlikni ta’minlash, kafolatlangan sifatli ta’lim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.

Shu kunlarda mamlakatimizda umumxalq muhokamasida bo‘lib turgan “O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator normalar o‘z ifodasini topgan.

Xususan, amalda Konstitutsiyamizning 37-moddasiga qo‘shimchalar kiritilib, “Har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”ligi belgilanmoqda.

Bu, bejiz emas, albatta. Sababi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi (27-modda), Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt (11-modda), Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini o‘rnatish tartib-taomillarini yaratish bo‘yicha 1928 yildagi, Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash bo‘yicha 1970 yildagi konvensiyalar talablariga asosan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini Konstitutsiyamizda aks ettirish zarurati kelib chiqayotgan edi.

Shu bois, qonun loyihasining 37-moddasiga “Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning o‘zi va oilasi yashashi uchun yetarli bo‘lishi kerakligi” to‘g‘risida qo‘shimcha norma kiritilayotgani ayni muddao bo‘ldi. Jumladan, homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. Har bir ishlovchi ayol homilador bo‘lgan taqdirda va tug‘ish davrida haq to‘lanadigan, yangi tug‘ilgan chaqaloqni parvarish qilish uchun yoki bolani farzandlikka olish uchun ta’tilga chiqish huquqiga egaligi nazarda tutilmoqda.

Amaldagi Konstitutsiyamizning 38-moddasiga esa, yollanib ishlayotgan fuqarolar dam olish huquqiga, dam olish va bayram kunlari, haq to‘lanadigan har yilgi ta’tilga chiqish huquqiga egaligi to‘g‘risida yangi band qo‘shilmoqda. Bu ham yollanib ishlayotgan ko‘plab fuqarolarimizni o‘ylantirayotgan masalaning Konstitutsiya darajasidagi yechimi bo‘ladi, desak yanglishmaymiz. Ushbu qo‘shimcha bilan nafaqat yollanib ishlayotganlar, balki barcha shaxslar dam olish huquqiga egaligi ko‘rsatilmoqda. Mazkur moddada xodimlarga nafaqat mehnat ta’tili berish, shuningdek, ish vaqtining davomiyligi, dam olish va bayram kunlari ham qonunlarda aniq belgilab qo‘yilishi ko‘rsatilyapti. Bunday normalar xodimlarning dam olish va mehnat qilish huquqlarini kafolatlashga xizmat qiladi.

Sir emaski, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi 25-moddasida “Har bir inson o‘zining hamda oilasining salomatligi va farovonligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan turmush darajasiga ega bo‘lish, jumladan, kiyim-kechak, oziq-ovqat, tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatga ega bo‘lishga hamda ishsizlik, kasallik, nogironlik, bevalik, qarilik yoki unga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarga ko‘ra tirikchilik uchun mablag‘ bo‘lmay qolgan boshqa hollarda ta’minlanish huquqiga ega”ligi belgilangan. Shu va ko‘plab fuqarolarimizning taklifiga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam berish hamda har bir shaxsning hayot sifati va darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilishini Asosiy qonunimizda mustahkamlash maqsadga muvofiqdir.

Shundan kelib chiqib, Konstitutsiyamiz 39-moddasida pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordamning boshqa turlari miqdori rasman belgilab qo‘yilgan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emasligi hamda davlat ijtimoiy xizmatlar tizimini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratishi, pensiyalar, nafaqalar va ijtimoiy yordamning boshqa turlarini belgilash, ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand va kam ta’minlangan, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj fuqarolarni qonunda belgilangan tartibda uy-joy bilan ta’minlash kabi normalar kiritilishi ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirishga muhim asos bo‘ladi, deyish mumkin.

E’tiborli tomoni, 39-moddaga nogironligi bor shaxslar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan normalar kiritilishi ham xalqimiz dilidagi ish bo‘ldi. Masalan, mazkur moddada davlat nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquq va manfaatlarini ta’minlash uchun zarur sharoitlarni yaratishi, ularga nisbatan har qanday ajratib qo‘yish, hisobga olmaslik, chetlatish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ob’ektlar va xizmatlardan foydalanishi uchun shart-sharoitlar yaratishdan bo‘yin tovlash taqiqlanishi belgilab qo‘yilmoqda.

Joriy yil 25 iyundan 5 iyulga qadar umumxalq muhokamasiga qo‘yilgan qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyati respublikamizning barcha hududlarida keng targ‘ib qilinmoqda. Bu jarayonda Qonunchilik palatasi deputatlari Konstitutsiyaviy qonun loyihasini aholiga yetkazishda faollik ko‘rsatyapti.

Xususan, Farg‘ona viloyatida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan turli uchrashuvlar o‘tkazilib, ularda keng jamoatchilik vakillari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar inobatga olinmoqda.

Albatta, yurtimizda olib borilayotgan insonparvar siyosatning asosiy maqsadi aholi turmush darajasini yaxshilash, ularning farovon hayot kechirishi uchun zarur bo‘lgan barcha shart-sharoit hamda qulayliklarni yaratishdan iborat.

Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqining huquqiy asosini tashkil etuvchi Konstitutsiyamiz yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, oila taqdirida, ularning bugungi hayoti, ertangi kelajagini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi kerak. Demak, hammamiz bugungi va ertangi farovon kelajagimiz uchun muhokama jarayonida o‘z takliflarimiz bilan faol ishtirok etishimiz lozim.

Mavluda XO’JAYEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi

  • Ko'rildi
    230
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+