Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik muassisi bo‘lishi taqiqlanadi

16.08.2022, 11:07

Davlat xizmatchilariga tadbirkorlik muassisi  bo‘lishi taqiqlanadi

Bugun davlat organlarining samarali faoliyatini malakali, tashabbuskor va xalqparvar davlat xizmatchilarisiz tasavvur etib bo‘lmasligi kundek ravshanlashmoqda. Zero, har qanday davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida yuksak malakali kadrlar muhim o‘rin tutadi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda professional, chuqur bilimga ega, zamonaviy fikrlaydigan va vatanparvarlik ruhida tarbiyalangan yangi avlod kadrlarini shakllantirishga katta e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda. Chunki yuqori malakali kadrlar mamlakat taraqqiyotini ta’minlaydi, katta o‘zgarishlar, yangiliklar qilishga qodir bo‘ladi.

Davlat xizmatini isloh qilish va boshqaruvda natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari yuzasidan shu yil 4 avgust kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilgan talablardan kelib chiqib, davlat idoralari oldida turgan ustuvor vazifalar muhokama qilingan edi.

Oradan to‘rt kun o‘tib, Prezidentimiz ushbu qonunni imzoladi. Ushbu hujjatda davlat fuqarolik xizmatiga kirish, bu xizmatni o‘tash, xizmatdagi cheklovlar, majburiyatlar, huquqlar, ijtimoiy ta’minot masalalari o‘z ifodasini topgan.

Qonun davlat fuqarolik xizmatchisining huquqiy maqomi, lavozimlar toifalari va malaka darajalarini, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarining yagona tartibotini, kadrlarning kasbiy-ma’naviy fazilatlari va alohida xizmatlarning ob’ektiv hamda adolatli baholash asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish kafolatlarini, umuman, yagona davlat fuqarolik xizmatining tashkiliy-huquqiy mexanizmini tartibga soladi.

10 ta bob va 64 ta moddani qamrab olgan qonunda davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari, majburiyatlari, odob-axloq qoidalari kabi tushunchalari ham belgilangan. U O’zbekistonda ijro hokimiyati funksiyalarini amalga oshiruvchi davlat organlari va tashkilotlaridagi 118 mingdan ortiq davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyati bilan bog‘liq barcha munosabatlarni yagona qoidalar asosida tartibga soladi.

Hujjatga binoan davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O’zbekistondan tashqarida hisob varaqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi ta’qiqlanadi. Qonunda davlat xizmatchilari uchun 5 kunlik ish haftasi va haftasiga 40 soatdan oshmaydigan ish davomiyligi belgilandi.

Shuni alohida aytish joizki, qonunni ishlab chiqishda xalqaro tajribalar o‘rganildi. Jumladan, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh kabi davlatlar tajribasi mutaxassislar tomonidan sinchiklab o‘rganildi. Bu jarayonga xorijiy ekspertlarning ishtirok etgani esa uning xolisligini ta’minladi.

Mazkur qonunda davlat organlarida fuqarolik xizmatini o‘tash tartibi, ushbu sohadagi davlat boshqaruvi, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi ham belgilangan. Xususan, davlat xizmatiga davlat tilini biladigan, tegishli malaka talablariga javob beradigan O’zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.

Qonunga ko‘ra, davlat xizmatchisi o‘zaro yaqin qarindoshlikda yoki quda tomondan qarindosh bo‘lgan shaxslarning aynan bitta davlat organi va tashkilotida birga xizmat qilishi mumkin emas. Ularning pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turlari bilan, qolaversa, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shu bilan birga, endilikda davlat fuqarolik xizmati tatbiq etiladigan barcha vazirlik va idoralarda xodimlarni ishga qabul qilish, faoliyati samaradorligini baholash, ularni xizmat pog‘onalarida o‘stirish, rag‘batlantirish yoki intizomiy jazolash va xizmatni tugatish masalalarida har xil yondashuvlarga barham beriladi.

Umuman olganda, ushbu hujjat davlat xizmatida uzoq yillardan buyon o‘z yechimini topmagan tizimli muammolarni hal qilishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Shu nuqtai nazardan, biz deputatlar joylarda mazkur qonunning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilishimiz lozim.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    369
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+