Piskentda ayollarning turmush sharoitlari o‘rganildi

15.09.2022, 16:18

Piskentda ayollarning turmush sharoitlari o‘rganildi

Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, partiya fraksiyasi a’zosi Mavluda Ibragimova, O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri Sevara Muslimova hamda partiya Toshkent viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” vakillari Piskent tumanida bo‘lib, xotin-qizlarning muammo va tkaliflarini o‘rgandi.

Xotin-qizlar bilan bevosita ochiq muloqotda bo‘lish, ularni qiynab turgan muammolarni o‘rganish va joyida tizimli bartaraf etish, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, aholining ish bilan bandligini ta’minlashga xissa qo‘shayotgan ishbilarmon ayollar faoliyatini yaqindan o‘rganib, tajribalarini targ‘ib qilish, ommalashtirish maqsadida kelgan ishchi guruh a’zolari Piskentning “Yangiobod” hamda “Oybek” mahallalaridagi xonadonlarda bo‘lishdi.

“Oybek” MFYning Bobur ko‘chasida yashovchi Zulayxo opa Rustamova xonadonida bo‘lgan ishchi guruh a’zolari oila gulchilik, ko‘chatchilik ortidan moddiy daromad topib, turmush sifatini yaxshilashga erishganining guvohi bo‘lishdi. Tuman mutasaddilariga bir oyda atigi bir sotix maydondan iborat tomorqasida yetishtirilgan gul va ko‘chatlar orqasidan 15 million so‘mdan ortiq damromad olayotgan opaning tajribasini ommalashtirish kerakligini uqtirishdi.

Xonadonma-xonadon o‘rganish ishlarini olib borgan deputat Mavluda Ibragimova bu yerdagi o‘z-o‘zini ish bilan band qilgan, ishsiz, kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning turmush sharoitlari bilan yaqindan tanishdi. Ularni ish bilan bandlik, o‘z-o‘zini band qilish, o‘qish, sog‘likni tiklash masalasidagi muammolarini o‘rgandi.

Kunning ikkinchi yarmida ishchi guruh a’zolari tuman hokimiyatida hudud mahallalaridagi fuqarolar yig‘ini raisining oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, faollari bilan ham uchrashishdi.

Muloqotda deputat Mavluda Ibragimova bugun yurtimizda xotin-qizlarning ta’lim va kasbiy ko‘nikmalar olishlari, munosib ish topishlariga har tomonlama ko‘maklashish, tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash va ularning qobiliyatlarini to‘g‘ri yo‘naltirish borasida o‘ta samarali ishlar amalga oshirilayotgani haqida to‘xtaldi.

Toshkentda o‘tgan Parlamentlararo ittifoqqa a’zo davlatlar ayol rahbarlarining 14-sammitida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O’zbekistonda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, qobiliyat va salohiyatini ro‘yobga chiqarish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba shakllangani alohida e’tirof etilgani ham bejiz emasligini ta’kidladi.

Partiya ham xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqeini yanada oshirish yo‘lida tizimli ishlarni olib borayotgani to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Uchrashuvda tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Mirsoatova hududda Oqila ayollar harakati yo‘lga qo‘yilgani haqida so‘zladi. Xususan, tumandagi mahallalarda saylangan oqila ayollar orqali har bir xonadondagi xotin-qizlardan xabardorlik ishlari tizimli tashkillashttirilganiga alohida to‘xtaldi. Oqila ayollar bilan hamkorlikda ishlashda tuman partiya Kengashining ham o‘z munosib o‘rni borligiga urg‘u berdi.

Deputat Mavluda Ibragimova tuman mutasaddilari bilan o‘tgan suhbat chog‘ida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan har bir ayolga singlimiz, opamiz, onamiz, yurtdoshimiz, eng asosiysi, inson ekani nuqtai nazaridan yondashib, qo‘llab-quvvatlash, ko‘mak berish kerak ekanini uqtirdi.

Ishchi guruh a’zolari va tuman mutasaddilari “Ayollar daftari”, “Temir daftari” da turuvchi opa-singillarimizni qo‘llab-quvvatlash, ish bilan ta’minlash, moddiy farovonligini oshirish orqali mazkur daftarlardan chiqarish, ulardagi boqimandalik kayfiyatini yo‘qotish ishlarida o‘zaro hamkorlik o‘rnatish borasida kelgusidagi istiqbolli chora-tadbirlar rejasini ham ishlab chiqishdi.

Uchrashuv yakunida tumanda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy, huquqiy himoya qilish ishlarida jonbozlik ko‘rsatayotgan bir qator mutasaddi, rahbar va oqila ayollar partiyaning tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi

matbuot xizmati kotibi

  • Ko'rildi
    318
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+