ShHT Samarqand sammiti: ikki tomonlama uchrashuvlar hozirgi global muammolar yechimiga yo‘l ochadi

20.09.2022, 16:41

ShHT Samarqand sammiti: ikki tomonlama uchrashuvlar hozirgi global muammolar yechimiga yo‘l ochadi

O’zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotiga asos solgan davlatlardan biri sifatida uning ko‘p qirrali faoliyatida muhim va faol rol o‘ynamoqda. O’zbekistonning tashabbuslari ShHTning xalqaro nufuzini va salohiyatini yuksaltirishga, ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga hamisha xizmat qilib kelgan. O’zbekistonning 2021-2022 yillarda ShHTga raisligi mazmundorligi va natijaga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Dunyo hamjamiyati, xalqaro yetakchi ekspertlar tamonidan bildirilayotgan xulosalarga ko‘ra  pandemiya va global inqiroz oqibatlariga qaramasdan, O’zbekistonning ShHTga Raislik rejasi birgalikda to‘liq amalga oshirildi. 80 dan ortiq yirik xalqaro tadbirlar o‘tkazildi. ShHT doirasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, oziq-ovqat xavfsizligi va kambag‘allikni qisqartirish kabi sohalardagi hamkorlikning yangi format va mexanizmlari ishga tushirildi. Iqtisodiyot, sanoat, innovatsiyalar, turizm, sog‘liqni saqlash, xalq diplomatiyasi, gender tengligi va ayollar tadbirkorligini ilgari surish borasidagi dolzarb masalalar bo‘yicha forumlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlar o‘tkazildi.

Ushbu xalqaro nufuzli tadbirning aynan Samarqandda o‘tkazilishida ham katta mazmun –ma’no bor. Samarqand qadim-qadimdan Sharqiy Osiyodan to Shimoliy Afrika, Yaqin Sharq va Yevropagacha bo‘lgan makonda yashaydigan xalqlar o‘rtasida ma’naviy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy almashuvlarning markazi bo‘lib kelgan.

Samarqand O’zbekiston raisligida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisida tarixiy voqeyliklar guvohi bo‘ldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Samarqandda asrlar davomida turli sivilizatsiyalar vakillari o‘rtasida samarali muloqotning o‘ziga xos madaniyati yaralgani, Samarqand – ShHTni tuzishda asos qilib olingan bag‘rikenglik, turli xalqlarning an’ana va qadriyatlariga hurmat tamoyillari asrlar davomida amalda bo‘lgan hayotiy bir namuna ekanini o‘z ma’ruzalarida aytib o‘tdilar.

Sammit doirasida ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tgani hozirgi global muammolar yechimiga yo‘l ochishiga ishonchimiz komil.

Prezidentimiz xorijiy delegatsiyalar rahbarlari Xitoy Xalq Respublikasi, Eron, Tojikiston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Turkmaniston va boshqa qator davlatlar rahbarlari   bilan dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi masalalarni, zamonamizning global muammolarini muhokama qildilar.

Ushbu uchrashuvlarda turli davlat raxbarlari bilan global va mintaqaviy rivojlanishning asosiy masalalari muhokama qilindi. Muzokaralar natijasida mintaqadagi keskinlikni pasaytirishga xizmat qilgan muhim qarorlar qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari aytganlaridek, samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yo‘l hisoblanadi. Ishonchimiz komilki, Sammit doirasida bo‘lib o‘tgan  ko‘plab ikki tomonlama uchrashuvlar hozirgi global muammolar yechimiga sabab bo‘ladi.

 Nigora Qutlimuratova

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    448
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+