Iqlim kengashini tuzish – insoniyatni asrashga yo‘l

23.09.2022, 11:46

Iqlim kengashini tuzish – insoniyatni asrashga yo‘l

Ko‘hna Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHTning navbatdagi sammiti tarixiy qarorlar qabul qilingan maydon bo‘ldi. Ayniqsa, nufuzli tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlarining iqlim o‘zgarishiga qarshi choralar bo‘yicha qo‘shma bayonotini qabul qilishi Samarqand sammiti ekologik diplomatiyaning asosi bo‘ladi, deyish mumkin.

Bugungi kunda xalqaro munosabatlar murakkab inqirozni boshdan kechirmoqda. Iqlim o‘zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiya oqibatlari, energiya va oziq-ovqat xavfsizligi, tabiiy ofatlar, yerlarning degradatsiyasi, cho‘llanish va hokazolar iqtisodiy nomutanosiblik va ijtimoiy keskinliklarga olib kelmoqda. Kuchli suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, jazirama kuzatilmoqda. Bularni hal qilishda ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish juda muhim.

Shu maqsadda Samarqand sammitida ShHT Iqlim kengashini tuzish tashabbusi ilgari surildi va kengashga a’zo davlatlarning atrof-muhit, ekologiya masalalari bo‘yicha institutsional asoslarni mustahkamlashga hizmat qilishi belgilandi. Aytish joiz, ShHTga a’zo davlatlar ham doimiy ravishda yangi tadbirlarni boshlab kelmoqda. Xususan, Xitoy atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ishlab chiqish, atrof-muhitni rivojlantirish instituti, axborot almashish platformasi va ShHTning ekologik innovatsion bazasini yaratishga ko‘maklashmoqda. Qozog‘iston tashkilotga a’zo mamlakatlarning ekologik muammolar reyestrini tuzish, ShHTning ekotizim raqamli xaritasini ishlab chiqish, Orol dengizining qurigan tubini fitolesomelioratsiya qilish va alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va ekologik turizmni rivojlantirish dasturini qo‘llab-quvvatlaydi. Tojikiston muzliklarni himoya qilish xalqaro jamg‘armasini, O’zbekiston — ShHTning “yashil belbog‘” dasturini va Orol mintaqasi ekologik muammolarini har tomonlama hal etishni (BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasi doirasida) qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda. Hindiston innovatsiya va startaplar-ekotizimlar bo‘yicha ishchi guruh tuzishni taklif qilmoqda.

Umuman olganda, ushbu anjuman mintaqaviy va global muloqot maydoni bo‘libgina qolmay, o‘zaro anglashuv va hamkorlikni yanada mustahkamlashda salmoqli hissa qo‘shadi.

Baxtiboy ALDAMURATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    173
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+