G’uzorda xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda

05.10.2022, 17:02

G’uzorda xotin-qizlar bandligi ta’minlanmoqda

Partiyamiz deputatlari tashabbusi bilan ochilgan “Buyursin” xususiy korxonasi vohadagi 500 dan ortiq xotin-qizlarni ish bilan ta’minlab kelmoqda. Bosh ofisi Chiroqchi tumanida joylashgan, tadbirkor G’anisher Jalolov tomonidan asos solingan mazkur korxonada tayyorlanayotgan mahsulotlar do‘konlar peshtaxtalarida turib qolayotgani yo‘q. Shu bilan birga yirik korxona va tashkilotlardan buyurtmalar ham kelib tushmoqda. Sifatli va bejirim vetrovkalarga xorijliklarning ham qiziqishlari ortib borayotir. Bo‘limimiz tomonidan G’uzor tumanidagi “Buyursin” xususiy korxonasi filialida “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida tashkil etilgan  tadbirda ham xotin-qizlar bandligini ta’minlash, turmush farovonligini oshirish, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishda ayollar tadbirkorligini o‘rni borasida so‘z bordi.  Tumanning Amir Temur, Obod, Mustaqillik, Chanoq, Buyuk karvon mahallalarida istiqomat qilayotgan xotin-qizlar ishtirok etgan tadbirda mahalliy ishlab chiqarishni ko‘paytirish orqali xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari borasida amaliy takliflar o‘rtaga tashlandi.

- Joriy yilning 5 fevral kuni bu yerdagi bo‘sh turgan binoni ijaraga olib, korxonamizning filialini ochib, 120 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minladik,- deydi korxona ish yurituvchi ustozi Zebo Abrayeva. – Ularning aksariyati uyda o‘tirgan, ishsiz xotin-qizlar edi. 15 xil turdagi vetrovka kurtkalar, erkaklar kuylaklari va boshqa kiyim-kechaklar ishlab chiqarayapmiz. Mahsulotlarimizning bir qismini xorij mamlakatlariga eksport qilayapmiz. Bugungi tadbir jarayonida bir guruh ishlovchilarimiz o‘z tadbirkorliklarini yo‘lga qo‘ymoqchi ekanliklari, joy va kredit olish borasida partiya faollaridan amaliy yordam so‘rashdi.

Qiziqarli savol-javoblarga boy bo‘lgan anjuman ishtirokchilariga Prezidentimizning “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va aholining daromad manbaini kengaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori, partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalari targ‘ibotini yanada kuchaytirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ayollarni kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik sohalariga keng jalb etish, shuningdek, bugungi islohotlar mazmun-mohiyatini jamiyatimizning ilg‘or qatlami bo‘lmish tadbirkor xotin-qizlarga yetkazish, ularning tajribasini ommalashtirish, zamonaviy eksportbop va raqobatdosh mahsulotlarni ishlab chiqarish, joylarda ayniqsa, chekka qishloqlarda yangi ish o‘rinlari yaratish yuzasidan tizimli ishlarni amalga oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan “Bunyodkor ayollar” loyihasi haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir so‘ngida ishtirokchilarga siyosiy kuchning dasturiy maqsadlarini targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatildi

Gulbahor TO’RAYEVA,

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi

bo‘limi mudiri.

  • Ko'rildi
    491
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+