Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi

06.10.2022, 11:19

Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etiladi

Bugun mamlakatimizda to‘qimachilik sanoati keng rivojlanib borayapti, berilayotgan imtiyozlar va imkoniyatlar natijasida tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini nafaqat ichki bozorga balki, xorijga eksportini yo‘lga qo‘ymoqda. O’zbekiston tadbirkorlarining mahsulotlari dunyo yuzini ko‘rmoqda, xaridorlari soni oshib boryapti. To‘qimachilik sanoati haqida gap ketganda albatta, namanganlik tadbirkorlarning ishlab chiqarayotgan mahsulotlarini alohida e’tirof etish joizdir. Sababi, Namangan viloyatida to‘qimachilik sanoati keng rivojlanib boryapti, tadbirkorlik sub’ektlari soni keskin oshib bormoqda. Bu esa ushbu viloyatda mutaxassislarni yetishtirish masalasi ham muhim sanaladi.

Prezidentimizning qarori bilan Namangan to‘qimachilik sanoati instituti tashkil etilayotganligi to‘qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashda muhim ahamiyatga egadir.

Qarorga ko‘ra, Institutda o‘quv jarayoni 2023-2024 o‘quv yilidan boshlanadi va kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi. 2024-2025 o‘quv yiliga qadar Institut huzurida to‘qimachilik texnoparki faoliyati ham yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilgan.

2026-2027 o‘quv yiliga qadar Institutning kamida 2 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va 3 ta magistratura mutaxassisligi xalqaro tan olingan tashkilotlar akkreditatsiyasidan o‘tkaziladi.

Institutning asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilanmoqda. Unga ko‘ra to‘qimachilik sanoati tarmoqlari uchun mehnat bozorida raqobatbardosh, yuqori malakaga ega oliy ma’lumotli va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash, shuningdek, mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; ta’lim dasturlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikda, jumladan, qo‘shma ta’lim dasturlari asosida joriy etish hamda ilmiy tadqiqotlar olib borish; ta’lim bilan ishlab chiqarishning integratsiyasini kuchaytirish, soha tashkilotlarida talabalarning malakaviy amaliyotini yo‘lga qo‘yish, kafedra filiallarini hamda professor-o‘qituvchilarning stajirovkasini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil bilim olish, tizimli tahlil qilish, ijodiy fikrlash va amaliy, jumladan, tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirish; o‘quv jarayoniga ilg‘or xorijiy tajribani, jumladan, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini tatbiq etish, ochiq axborot-ta’lim muhitini ta’minlash; ilmiy-pedagogik salohiyatni oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va ilmiy-tadqiqot markazlarida tashkil etish ham nazarda tutilgan.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, mazkur institutning viloyatimizga tashkil etilishi to‘qimachilik sanoati va tadbirkorlik sub’ektlari uchun malakali va tajribali mutaxassislarni yetishtirib berishda, minglab ish o‘rinlari yaratilishida turtki bo‘la oladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    351
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+