Xususiy mulk daxlsizligi qanday kafolatlangan?

15.10.2022, 11:49

Xususiy mulk daxlsizligi qanday kafolatlangan?

Vatanimiz mustaqillikka erishgandan so‘ng qabul qilingan ilk tarixiy hujjatlardan biri – “O’zbekiston Respublikasida mulkchilik to‘g‘risida”gi qonundir. Unda har bir shaxs mulk huquqiga ega bo‘lishi va mulkning daxlsizligi aniq belgilab berilgan.

Bu yil qabul qilinganiga 30 yil to‘ladigan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida esa mamlakat iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishi, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani kafolatlangan.

Mazkur konstitutsiyaviy qoida tadbirkorlikka oid qonunchilik hujjatlarining yaratilishiga asos bo‘lib xizmat qildi. O’tgan yillar mobaynida bu sohada qator hujjatlar ishlab chiqildi. Endilikda ularni yaxlit qonunga, ya’ni kodeksga aylantirish ehtiyoji yuzaga keldi. Shu bilan birga, tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qiladigan ins titutsional tizim yaratilganini alohida ta’kidl ash joiz. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi tadbirkorlik sub’ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yi cha vakili (biznes ombudsman) tashkil etilgani ham fikrimiz dalilidir.

Ayni paytda xususiy mulk daxlsizligi bilan bog‘liq nizolar, jumladan, nosog‘lom raqobat natijasida tadbirkorning mol-mulkidan ayrilishi, davlat organining mansabdor shaxsi tomonidan chiqarilgan noqonuniy qarorlar sabab mulkning olib qo‘yilishi yoxud adolatli tovon pulini bermaslik bilan bog‘liq muammolar haligacha to‘liq yechimini topmagani ham haqiqatdir.

Aslini olganda,  monopoliya, nosog‘lom raqobat va qonun ustuvorligining ta’minlamasligi davlatning iqtisodiy rivojlanishiga to‘siq bo‘ladigan omillar hisoblanadi. Bunday illatlar mavjud muhitda tadbirkor o‘zining novatorlik g‘oyalari bilan davlat iqtisodiyotiga hissasini qo‘shishi imkoniyati cheklanadi, aholi daromadi oshmaydi. Sifatsiz mahsulotlarni iste’mol qiluvchi makon paydo bo‘ladi.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida xususiy mulk daxlsizligi bilan bog‘liq qator qoidalar ishonchli kafolat sifatida belgilanishini ko‘rishimiz mumkin. Xususan, 53-moddada iqtisodiy faoliyatda nosog‘lom raqobatga, monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligi, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi va bekor qilinmasligi o‘z aksini topmoqda.  Agar mulk jamoat ehtiyojlari uchun majburiy ravishda  boshqa  shaxsga o‘tkazilsa, o‘rnini oldindan va teng qiymatda qoplash sharti belgilanmoqda.

Binobarin, Prezidentimiz Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuv jarayonida ta’kidlaganidek, Asosiy qonunda fuqarolarning  uy-joyga  bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, uning daxlsizligini kafolatlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash zarur.

Modomiki, mulkning huquqiy taqdirini belgilash, yuzaga kelgan nizolarni bartaraf etish faqat sud tomonidan hal qilinishi xalqaro hujjatlar va rivojlangan davlatlarning tajribalari bilan isbotlangan. Xususiy  mulkni himoya qilishga qaratilgan qoidalarning Konstitutsiya  darajasida  aks ettirilishi, xususan, hech bir shaxs o‘z mulkidan sudning qarorisiz mahrum etilishi mumkin emasligi qat’iy norma sifatida kiritilishi jamiyatning iqtisodiy negizi sanalgan bozor munosabatlarining rivojlanishiga, qulay va xavfsiz biznes muhitining shakllanishiga xizmat qiladi.

Azat MATMURATOV,

Xalq deputatlari Taxiatosh tuman kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1624
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+