Rishtonda faoliyat boshlagan tomorqachilik klasterlari va aholi tomorqalari o‘rganildi

10.11.2022, 16:11

Rishtonda faoliyat boshlagan tomorqachilik klasterlari va aholi tomorqalari o‘rganildi

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi, O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Xaitov Rishton tumanida faoliyat boshlagan tomorqachilik klasterlari va aholi xonadonlarining tomorqalarini ko‘zdan kechirdi.

Partiya yetakchisi dastlab “Birlashgan” MFY hududida joylashgan Rishton Tomorqachilik klasterida bo‘lib, faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Bugungi kunda mazkur klaster tomonidan 2 ta 10 sotixli issiqxona tashkil qilingan bo‘lib, u yerda limon, apelsin va mandarin o‘simliklari parvarishlanmoqda. Ko‘chatlar 4 yoshga to‘lgan bo‘lib, limon ko‘chatlarini har bir tupidan 50-60 kg, mandarin va apelsin ko‘chatlaridan esa 40-45 kg hosil bermoqda. Tomorqachilik klasterida sitrus mevalarni ko‘paytirish va aholini bilim-ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘quv markazi tashkil qilingan. Hozirgi kunda tomorqa klasterida 2 ta minitraktor, 10 ta motokultivator, 2 ta yuk tashuvchi transporti hamda 500 tonnali muzlatgich tashkil qilingan. Bundan tashqari parrandachilikni rivojlantirish maqsadida aholi xonadonlariga jami 20 ming dona jo‘jalar yetkazib berildi.

Aktam Xaitov suhbat davomida bu kabi tomorqachilik klasterlar sonini oshirish, ular faoliyatini yanada kengaytirish uchun subsidiyalar ajratib berilayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

Partiya rahbari Rishton tumanidagi “Qayrag‘och” MFYda bo‘lib, aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirdi. Aholi bilan bevosita muloqotlari davomida har bir qarich yerdan samarali foydalanish, daromadlarini oshirish, isiqxonalar tashkil qilish va bu jarayonda Kengash doimo ko‘makchi bo‘lishligini bildirdi.

Ta’kidlash joizki, hozirda mazkur mahallada jami 538 ta xonadon bo‘lib, 45 gektar ekin ekiladigan maydonlari mavjud. Mahalla aholisi ixtisoslashuvi uzumchilik hisoblanadi. Mazkur mahallada yashovchi fuqaro Mahkamov Adxamjon va Tojaliyev Rustamjon xonadoni uzoq yillardan beri uzumchilik bilan shug‘ullanib keladi. Xonadon sohiblari mahsulotlarini tumanning ichki bozorini taminlabgina qolmay qo‘shni davlatlarga ham eksport qilmoqda.

Partiya rahbari ushbu uzumchilikni yanada rivojlantirib, mahsulotlarni ko‘proq eksportga yo‘naltirish, shu orqali daromadlarini oshirish borasida o‘z takliflarini berib o‘tdi.

  • Ko'rildi
    470
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+