Aholi bandligini ta’minlashda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozim

16.12.2022, 12:07

Aholi bandligini ta’minlashda yaratilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanish lozim

Foydali mehnat qilib, ro‘zg‘origa ham, davlatga ham naf keltirayotgan kishining o‘y-fikri, dunyoqarashi va kelajakka ishonchi yuksak bo‘ladi. Chunki u o‘z mehnati bilan oila boqyapti, farzandlarni kamolga yetkazyapti va qolaversa, jamiyat oldidagi burch hamda majburiyatlarini  to‘laqonli ado etyapti. Binobarin, aholining bandligi yurt  taraqqiyotining muhim shartidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlik va sanoatni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida asosan shu masalalar muhokama qilindi. Unda aytilganidek, yil boshidan tadbirkorlik, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda 2 million aholining doimiy bandligi ta’minlandi.

Bundan tashqari, 4 milliondan ziyod aholi mavsumiy mehnat orqali daromadli bo‘ldi. Oilalarga dehqonchilik uchun tarqatilgan 100 ming gektar yerlarda, 1 million 200 ming aholi doimiy va mavsumiy band bo‘ldi.

Hududlarda korxonalar 85 mingtaga ko‘payib, ularning soni 550 mingtaga yetdi. Buning hisobiga 2022 yilda daromad solig‘i to‘layotgan rasmiy band bo‘lganlar soni 400 mingtaga oshdi.

Shuningdek, 3,5 mingta sanoat loyihasi ishga tushirilib, 160 mingta doimiy ish o‘rni yaratildi. Yangi O’zbekiston massivlari qurilayotgani, ipoteka va qurilish bozori kengaygani hisobiga bu yilning o‘zida 4,5 mingta yangi qurilish korxonasi tashkil etildi va 135 ming doimiy ish o‘rni yaratildi.

Bu yaxshi ammo, yaratilgan imkoniyatlarga qaramasdan bir qator tumanlarda aholi uchun zarur ish o‘rinlari ochishga e’tibor qaratilmayotgani ham yig‘ilishda alohida aytib o‘tildi. Xususan, 2022 yil davomida doimiy bandlar soni Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat tumanlarida kamaygan. Ayniqsa, xususiy sektorda faoliyat ko‘rsatayotgan  232 mingta korxonada 1 nafardan ishchi faoliyat ko‘rsatayotgani  haliyam “yashirin iqtisodiyot” sharoitida ish olib borilyotganini ko‘rsatmoqda. Bunday holat, Nukus, Zarbdor, Mirishkor, Muzrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida – 80 foiz, Jondor, Koson, Urgut, Pastdarg‘om, Uchqo‘rg‘onda – 75 foiz, Guliston, Namangan, Qo‘shko‘pir tumanlarida – 70 foizni tashkil etmoqda.

Yana shu narsa aytib o‘tildiki, joylarda aholiga tarqatish uchun ajratilgan 100 ming gektar yerning 4 ming gektarida ekin ekilmagan.

Shu narsa ayonki, mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash uchun imkoniyatlar yetarli. Faqat undan o‘zimiz unumli foydalana olmayapmiz. Qolaversa, yig‘ilishda davlatimiz rahbari ta’kidlab o‘tganidek, davlatimiz tomonidan bu borada qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Aholini foydali mehnatga jalb qilishda mahalliy hokimliklar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari astoydil ish olib borishlari zarur.

Hazratqul Xo‘jamqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    522
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+