Inson qadri ustuvor bo‘lgan yurtda rivojlanish bo‘ladi

23.12.2022, 16:30

Inson qadri ustuvor bo‘lgan yurtda rivojlanish bo‘ladi

Prezidentimiz tomonidan 2023 yilga “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom berilishi ham “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oya kelguyi yilda ham davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishidan dalolatdir.  Bu haqda Prezidentimiz shunday dedilar: «Inson qadri degan g‘oyani hech qachon unutmasligimiz kerak. Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili deb e’lon qilishimiz, agar [buni] chuqur tahlil qilsak, juda ko‘p o‘ylandik, nimalar qo‘yish mumkin, deb. Albatta, kechagi qilgan ishimiz bilan bugungisining davomiyligi, bardavomligi bo‘lishi kerak. Bardavomlik nuqtai nazardan, yana va yana Inson qadri degan g‘oya yillarga qo‘shilib davom etishi kerak. Shuning uchun „Insonga e’tibor va sifatli ta’lim“ deb nom qo‘ydik” «Nima uchun yilga bunday nom beryapmiz? Biz O’zbekistonda olib borayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta’minlashni ustuvor vazifa etib belgilaganmiz. Aslida ham bizning eng bebaho boyligimiz bu — bunyodkor xalqimiz, duogo‘y ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi? Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sog‘lig‘i joyida bo‘lishi, yaxshi ta’lim olishi, oilasini tebratish uchun qanday sharoit kerak bo‘lsa, hammasini yaratib berishga harakat qilyapmiz va bu yo‘ldan aslo to‘xtamaymiz», — dedi davlat rahbari.

 Murojaatnomada katta-katta rahbarlar mahalla va qishloqlarda bo‘lib, aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganishlari, ularni bartaraf etish uchun amaliy ishlarni qilishlari eng dolzarb vazifa ekanligi aytib o‘tildi. Xalqni bugungi hayotdan rozi qilish, ozod va obod maskanda umrguzaronlik qilayotganligidan mamnunlik hissini tuyishiga erishish eng xayrli ishlardan sanaladi. “Odamlarimiz ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot yo‘nalishlaridagi aniq-aniq masalalarni ko‘tarib, ular bo‘yicha tizimli yechimlarni ham taklif qilgan. Bular hozirgi vaqtda odamlarni qiynayotgan va ertangi kunimizga, o‘zgarishimizga, taraqqiyotimizga to‘g‘ri zamin yaratish bo‘yicha takliflar”, - dedi yurtboshimiz.  

Davlatimiz rahbarining ta’kidlashicha,  “Aholi bizdan maktab, bog‘cha va shifoxonalar ko‘paytirish, ta’lim va tibbiyot sifati oshirish; mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolari hal qilish; ish o‘rinlarini ko‘paytirish, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratishni; adolat ta’minlash, ovoragarchilik, byurokratiya, eng asosiysi, korrupsiyani yo‘q qilishni kutmoqda. Ko‘tarilgan masalalar aniq va o‘rinlidir. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz bu muammolarni yechishimiz shart». 

Xalqni qiynab kelayotgan muammolarni faqat o‘zimizgina bartaraf etishimiz mumkinligi, hech kim hech qayerdan kelib qilib bermasligini yaxshi bilamiz. Odamlarni hamjihatlikka chorlash, ularning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish borasida barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Darhaqiqat, prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Qancha sharoit yaratsak, shuncha odamlarimiz rozi bo‘lib, o‘z hayotini, o‘z turmushini, o‘z yo‘nalishini, o‘z rejalarini mutlaqo katta-katta pog‘onada, baland rejalarni amalga oshiryapti”.

Yurt taraqqiyoti, el ma’murligiga  bilimdon va iqtidorli kadrlar tayyorlash orqaligina erisha olamiz. Prezidentimiz har bir chiqishlarida kelajagimiz egalarini bilimdon va barkamol insonlar qilib tarbiyalash eng ustuvor vazifamiz ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydilar:  Ta’lim, ta’lim, ta’lim va yana bir marta ta’lim. Men olti yil oldin shu masalalarga chuqur e’tibor qilib, birinchi kundan beri ta’limimiz haqida ko‘p gapiraman. Agar ta’lim bo‘lsa, bilim bo‘lsa, sifat o‘zgaradi. Ta’lim bo‘lmasa, sifat o‘zgarmasa, e’tibor ham o‘zgarmaydi”.  

Bugun vohamizning barcha tashkilot, korxona va muassalarida, mahallalarda partiyamiz deputatlari va faollari ishtirokida Prezident Murojaatnomasi mazmun –mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Asosiy maqsad –yaqinlashib kelayotgan yangi yilda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan silohotlarning bardavomligini ta’minlashda maslakdoshlarimizning faol ishtirokini ta’minlashdir. Bu borada Murojaatnoma biz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Shuhrat ASLANOV,

O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    753
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+