Tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi

23.12.2022, 16:40

Tuman va shaharlar mavjud sharoiti, salohiyati va imkoniyatlaridan kelib chiqib, 5 ta toifaga ajratiladi

Taraqqiy etgan davlatlarga nazar solsak, har birining rivojlanishi zamirida asosiy omil sifatida tadbirkorlik sub’ektlari yotadi. Mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan rivojlanish strategiyasida ham tadbirkorlar asosiy drayver bo‘lib xizmat qilmoqda.

Xo‘sh, nima uchun har galgidek, navbatdagi Murojaatnomada ham tadbirkorlarga qator imkoniyatlar, imtiyozlar va sharoitlar yaratish borasida alohida e’tibor qaratilmoqda?

Biz bozor munosabatlariga o‘tishni ixtiyor qilgan ekanmiz va maqsadimiz islohotlar pirovardida xalqni farovon turmush tarzini ta’minlash ekan, tadbirkorlik faoliyatini erkinligi davlat tomonidan kafolatlanishi va qo‘llab-quvvatlanishi yagona yo‘ldir.

Buning sababi, birinchidan, ular tomonidan yaratilayotgan ish o‘rinlari ijtimoiy masalalarni hal qiladi. Ikkinchidan, tadbirkorlar to‘layotgan soliqlar budjetni shakllantirib, mablag‘lar evaziga infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari moliyalashtiriladi. Bu esa, mamlakatimizning rivojlanishi, aholi turmush farovonligining oshishining muhim omili hisoblanadi.

Uchinchidan, hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan iqtisodiy va murakkab geosiyosiy vaziyatda kichik biznes sub’ektlarining moslashuvchanlik qobiliyati yuksak bo‘lib, qiyinchiliklarsiz o‘z faoliyatini diversifikatsiya qilish xususiyatiga ega. Natijada jahon iqtisodiyotida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan murakkab sharoitdan ham kichik talofat bilan chiqib ketishi mumkin.

Shu bois, davlatimiz rahbari Prezidentlik faoliyatining ilk davridanoq tadbirkorlarga katta e’tibor qaratib kelyapti. Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining strategik yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga va O’zbekiston xalqiga murojaatnomasida kichik, o‘rta va xususiy tadbirkorlik vakillarini qiynab kelayotgan muammolarni ochiq o‘rtaga tashladi. Shuningdek, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab tashabbuslar ilgari surildi.

Jumladan, bundan keyin tadbirkorlar uchun subsidiya, kreditlar va kompensatsiyalar hududlarning toifalardan kelib chiqib ajratiladi. Ular uchun, soliq stavkalarining ham har xil bo‘lishi soha xodimlari faoliyatining talab darajasida bo‘lishiga samarali ta’sir ko‘rsatadi.

Davlat rahbariga fikricha  respublikamizdagi 20 ta eng og‘ir sharoitli tuman uchun aylanmadan olinadigan soliq, foyda solig‘i, ijtimoiy soliq stavkalar 1 foiz miqdorida belgilanadi. Mazkur tumanlardagi tadbirkorlar yer va mol-mulk soliqlari bo‘yicha hisoblangan summaning atigi 1 foizini to‘laydi. Yakka tadbirkorlar qat’iy stavkadagi soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Xuddi shunday, boshqa toifadagi tumanlarda kreditlarga pasaytirilgan foiz stavkalarini qo‘llash, infratuzilma harajatlarini davlat tomonidan qoplab berish kabi bir qator yengilliklar beriladi.

Buxoro viloyatidagi Qorovulbozor, Romitan hamda Kogon tumanlari 2 toifadagi, Qorako‘l, Buxoro, G’ijduvon tumanlari 3 – toifadagi, Olot tumani esa4-toifadagi tumanlar sirasiga kiritilgan.

Bu o‘z navbatida shu tumanlardagi aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, xalq xo‘jaligining barcha tarmoqlarini taraqqiy ettirish, bir so‘z bilan aytganda insonga e’tibor va sifatli ta’lim jarayonini ham to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar oddiy tadbirkorning muammosiga yechim bo‘lish bilan birgalikda tizimli muammolarning ham yechimidir. Bunda har bir yo‘nalish bir-biri bilan bog‘liq bo‘lib, o‘zaro to‘ldirib turadi. Ayniqsa, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etilishi muhim yangilik hisoblanib, joylardagi tadbirkorlik sub’ektlarini rivojlanishi va aholi turmush farovonligini yuksalishiga olib keladi.

Umuman olganda, davlatimiz rahbarining bu yilgi Murojaatnomasi tadbirkorlarga ham ko‘tarinki kayfiyat, rag‘bat va ularning o‘zlariga bo‘lgan ishonchni ortishi bilan birgalikda vatanimiz taraqqiyoti hamda aholi turmush farovonligini oshishi uchun muhim turtki bo‘ldi.

Farmon Aminov, 

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi,

viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    295
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+