Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimi

28.12.2022, 15:22

Ixcham va samarali davlat boshqaruv tizimi

yurtimizning barqaror taraqqiyoti yo‘lida muhim qadam bo‘ladi

Davlat boshqaruvida markazlashuvning yuqoriligi oqibatida murakkab masalalarga aniq yechim topishda ortiqcha kuch, vaqt va resurs sarf etilardi. Shu bois, davlat organlarining sohaga oid bo‘lmagan vazifalarini qisqartirish va faoliyatiga raqamli texnologiyalarni joriy etishni davrning o‘zi taqazo etayotgan edi. Prezidentimizning 2022 yil 23 dekabrdagi “Yangi O’zbekiston ma’muriy islohotlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni zamonaviy talablarga javob beradigan ixcham davlat boshqaruvi tizimini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Farmonga binoan vazirliklar isloh qilinadi, hukumat ish uslubi ham tubdan o‘zgaradi. Vazirlik va idoralar soni  hozirgi 61 tadan 28 taga kamaytiriladi. Yoki vazirliklar 25 tadan 21 taga qisqartirildi. Davlat boshqaruvining ixchamlashtirilishi sabablari haqida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida ham batafsil fikr yuritildi. Jumladan, unda davlat apparatida takrorlanish ko‘pligi, ortiqcha shtatlar mavjudligi, vazirlarning hukumat qabul qilayotgan qarorlarni hayotga joriy etishdagi ishtiroki va mas’uliyati yetarli emasligiga urg‘u berildi.

Murojaatnomada ma’muriy islohotlar xususida gap ketar ekan, davlat xizmatchilari soni 30-35 foizga qisqarishi natijasida iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltirilishi aytildi. Har bir vazirning siyosiy maqomi, Prezident, parlament va jamoatchilik oldidagi mas’uliyati va javobgarligi oshirilishi ta’kidlandi.

Binobarin, vazirliklar faoliyatida ochiqlik, qonuniylik, natijadorlik va sifat asosiy mezonga aylanishi muhim. Davlat vakillari halol mehnati, oddiyligi, xalqparvarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan  odamlar mehrini qozonishi lozim. Shu jihatdan Parlament vakillari va vazirliklar o‘rtasida uzviylikni mustahkamlash, aholi fikrlarini o‘rganib, muammolarni birgalikda yechim topishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki maqsad bitta: yurt taraqqiyoti va xalq farovonligiga erishishdir. Shunday ekan Parlament vakillari va vazirliklar o‘rtasida sun’iy “devor” bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Men aminmanki, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlar o‘zining ijobiy samaralarini beradi. Yangi 2023 yilni mamlakatimizda “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilinishi yangi-yangi marralarni egallashimizda va xalqimiz turmushini yanada farovon bo‘lishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Ostonada turgan Yangi 2023 yil barchamizga omad, baxt va to‘kinlik olib kelsin!

                            Hazratqul XO’JAMQULOV,

                            Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    289
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+