Nurafshonda “aqlli shahar” qad ko‘taradi

09.01.2023, 17:57

Nurafshonda “aqlli shahar” qad ko‘taradi

O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi tomonidan Nurafshon shahrida tashkil etilgan navbatdagi deputat va saylovchilar uchrashuvida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Viktor Pak o‘zi saylangan okrugdagi aholi vakillari, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bilan samimiy suhbatlashar ekan, murojaatnomada ilgari surilgan takliflarning dolzarbligi xususida so‘z yuritdi.

Xususan, 2023 yildan Toshkent viloyatida “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi boshlanishi bilan odamlarga qator zamonaviy sharoit va imkoniyatlar yaratilishi, birinchi navbatda, turar-joyga ehtiyoji bor hamda yosh oilalar uchun uy-joylar barpo etilishi zamirida ijtimoiy davlat g‘oyasi mujassamligi qayd etildi. Nurafshonda boy infratuzilmaga ega bo‘lgan “aqlli shahar” tez fursatda qad ko‘tarishi esa saylovchilarni yanada ruhlantirib yubordi.

Murojaatnomada davlat boshqaruvini ixchamlashtirish, ta’lim, tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va faoliyatning huquqiy himoyasi, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida belgilab berilgan vazifalarga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizda so‘nggi olti yilda ro‘y bergan o‘zgarish, bunyodkorliklar ko‘lamining qiyosiy tahlili har birimizga faxr bag‘ishlashi tabiiy, albatta.

Uchrashuvda so‘z olgan O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi raisi To‘lqin Fayziyev murojaatnoma tarixiy voqealardan biri sifatida hayotimizdan o‘rin olganini alohida ta’kidladi. Unda jamiyatda mavjud muammolarning tizimli yechimlari aniq belgilab berilgan. “Avval – inson, keyin – jamiyat va davlat” degan g‘oya mamlakatimizda xalqqa berilayotgan e’tibordan yana bir darak. Modomiki, tilga olingan barcha masalalarning targ‘ibotini kuchaytirish – har bir partiya tashkiloti oldida turgan dolzarb vazifa bo‘lishi kerak.

Tadbir so‘nggida saylovchilarning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Ochiq muloqot ruhida o‘tgan tadbirda qatnashgan elektorat vakillari o‘zlarini qiziqtirgan barcha masalalar yuzasidan atroflicha javob olishdi.

Zuhro MIRZOHAMDAMOVA,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    124
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+