To‘qson yoshli G’aybulla otaning issiqxonachilik tajribasi o‘rganildi
20.01.2023, 18:25

O’zLiDeP Siyosiy kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov Kasbi tumanidagi Oqqamish mahallasida yashovchi G’aybulla ota Xudoyberdiyev xonadoni bo‘ldi. Otaxon farzandlari bilan o‘n besh yildan buyon issiqxonada sitrus mevalar yetishtirib keladi. Issiqxonada apelsin, mandarin, papaya, limon kabi sitrus mevalar yetishtirishda bu insonga teng keladigani Qashqadaryoda yo‘q hisobi.
- Farzandlarimning barchasi tomorqalarida issiqxona tashkil etishgan, - deydi to‘qson yoshli G’aybulla ota. - Ularga issiqxonada mahsulot yetishtirish borasida muttasil saboq berib kelayapman. Abdurahmon men bilan birga yashaydi. 3 sotix issiqxonadan yiliga o‘n besh million so‘mdan ortiq daromad qilamiz. Issiqxona yil o‘n ikki oy mobaynida bo‘sh turmaydi. Limon orasiga ko‘k piyoz va ko‘katlar ekib olamiz. Pomidor bodring ham yetishtiriladi. Mahallamizdagi yuzdan ortiq xonadonda issiqxona bor. Hammasi mening shogirdlarim. Haligacha maslahatga kelib turishadi. Bu yilgi sovuq ularni yana bir bor sinovdan o‘tkazdi. Ko‘mir va o‘tin yoqib, issiqxonadagi mahsulotni saqlab qolishdi.
Kasbilik tomorqa yer egalari va issiqxonachilar bilan muloqotda A. Xaitov sovuqdan zarar ko‘rgan limon, apelsin, mandarin ko‘chatlarini tiklash uchun qilinishi lozim bo‘lgan agrotexnik tadbirlar haqida batafsil aytib berdi. Keksa issiqxonachi G’aybulla Xudoyberdiyevga O’zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan tayyorlangan dehqonchilik ilmiga oid qo‘llanma kitoblar jamlamasi tuhfa etildi.
Keyingi manzil Kasbi tuman Mesit mahallasida faoliyat olib borayotgan Temirmalik Normo‘minov xonadoni bo‘ldi. Yosh tadbirkor 6 yildan buyon issiqxonachilik bilan shug‘ullanib keladi. Jami 60 sotix yer maydoni bo‘lib, hozirda 15 sotix maydonda pomidorning alamina navini yetishtirmoqda. Yillik daromad 100 million so‘mdan oshayapti.
Aktam Xaitov Mesit mahallasida issiqxonachilarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun “Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kooperatsiyasi” tashkil etilishini bildirdi. Kooperatsiyaga tadbirkorlar tomonidan mablag‘ qo‘yilib, kim ish boshlasa o‘shanga yordam sifatida beriladi. U esa olgan daromadidan pulni yana joyiga qo‘yadi. Shu tariqa yosh tadbirkorlarga o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishlari uchun ko‘mak beriladi.
Ishchi guruh vakillari bilan muloqotda mahalla vakillari issiqxonada mahsulot yetishtirish borasidagi yangiliklardan boxabar bo‘lishdi. Bilim va tajribalarini yanada mustahkamlab olishdi.
O’zLiDeP Qashqadaryo viloyat kengashi
Matbuot xizmati.
O'xshash yangiliklar
-
Iqtisodiy hamkorlik taraqqiyotga xizmat qiladi
10.11.2023, 15:58
-
Oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini ta’minlash masalasi muhokamalar markazida bo‘ldi
07.11.2023, 14:49
-
Prezidentimiz Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida muhim tashabbuslarni ilgari surdi
06.11.2023, 10:35
-
Guliston shahrida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish hamda oziq-ovqat xavfsizligi borasida amalga oshirilgan ishlarning holati qay darajada
06.11.2023, 10:01
-
Tuman mutasaddi rahbarlari o‘tgan yilgi anomal sovuqdan tegishli saboq chiqarishgan
02.11.2023, 17:11
Fikringizni qoldiring