Non aziz, inson qadri esa undan ham azizroqdir!

25.01.2023, 12:37

Non aziz, inson qadri esa undan ham azizroqdir!

Kecha tongdan kun yarmigacha ijtimoiy tarmoqda O‘zLiDePning Xorazmdagi faollari tomonidan uyushtirilgan xayriya amallari aks etgan suratlar orasidan yulib olingan bitta rasm rosa «do‘mbira» qilib chalindi. Umrida bitta bemor yo muhtoj qo‘shnisini ikkita non ko‘tarib ziyorat qilmagan blogeriyam, nuqul xayru saxovat bobida bobillab yuradigan tuppa-tuzuk ziyolilar ham, xullas, kunu tun «o‘ldi-so‘ydi, zo‘rladi»dan bo‘shamaydigan saytu telegramchi «obuna terimchi»larni qo‘yavering. O’zlaricha ana shu nufuzli partiya raisidan tortib, uning oddiy a’zosigacha, xullas, hammani rosa «obborib-obkelishdi»... Qoyil devorasan kishi. Qaniydi, boshqa savobli ishlardayam ana shunday «ommaviy» uyushishsa, qancha quvongan bo‘lardik. Bularga aslida non bahona xolos, ularning «noni» boshqa yoqda, qanday qilib bo‘lsa-da, ommani chalg‘itsa, soxta piar orqali xayp yasasa.

To‘g‘ri, «anomal» degan, lekin xalqona ibora bilan aytganda, qorasovuqda qiynalib qolgan, mehr-muruvvatga muhtoj oilalar, bemor va keksalar holidan xabar olish mamlakat miqyosida ommaviy tus oldi. Buning nimasi yomon, ayting? Bu biror qaror yo buyruq asosida qilinmayapti. To‘g‘ri, balki biror davlatmi yo nodavlatmi, tashkilotning rahbari xodimlariga hoy, baraka topgurlar, qo‘ni-qo‘shni, mahalladoshlarimizni shunday sinovli kunlarda bir yo‘qlab qo‘ysak bo‘lar, degandir. Buyam odamgarchilik yuzasidan qilinadigan ish-ku aslida.

Kechagi holat Xorazmning Hazorasp tumanida bo‘lgan ekan. Aynan ana shu xayrli ishga bosh-qosh bo‘lgan partiya faolining izoh berishicha, ular yashaydigan mahallada (yaqinda Toshkentda ommaviy ravishda osh tarqatish marosimlari uyushtirilganida og‘zidan bol tomib maqtaganlaram bor anavi piarchilar orasida) doshqozonda osh pishirilib tarqatilibdi. Va tabiiyki, ehtiyojmand xonadonlarga palov bilan birga turli oziq-ovqat mahsulotlari hamda bir-ikki yuz kilodan ko‘mir ham berilibdi. Bor gap shu. Ijtimoiy tarmoqlar(yoqamni ushlab qoldim: nega demaysizmi, bir yoqda ona tilimiz, tibbiyotdagi yovuzliklar,  yoki bo‘lmasa necha martalab qayta-qayta bosilib-yopilib yotgan maktab darsliklari, toptalayotgan qadriyatlar bir zumda unutilib, shimoliy mintaqadagi chekka qishloqda saxovat urug‘i sepilayotgan manazaradan bittagina kadr yulib olinib...muhokama qilinayotgani qaysi mantiqqa to‘g‘ri keladi?!

Aqli raso odam o‘zbekchilikni tushunadi. Qani aytinglar, qay birimiz tanishmi-notanishmi xonadonga kirayotgan bo‘lsak, darvozadan yugurib chiqqan bolakayga biror shirinlik yo pul uzatmaganmizmi? Yo ayollarimiz istalgan xonadonga bo‘sh qo‘l bilan nonsiz kirganini kim eslaydi? Yana xorazmlik qo‘li ochiq insonlarni qoralab, uyalmay-netmay yozmagan, aytmagan shuncha malomat, haqoratlar qaysi insoniy qoidaga to‘g‘ri keladi? 

Ijtimoiy tarmoqda «non-non» deya dod solgan shov-shuvchilar, yaqindagina qaysidir hokim yo vazir yordam so‘rab murojaat etgan bemor yotgan palatagacha tuflisi bilan kirib borganida teleekranu sayt va kanallaringizda ovoza qilmaganmidingiz? Yoki qaysidir nomdor tadbirkor yo neft-gaz tarmog‘i idorasi, yo urilib-surilib yana sahnani bermayotgan qaysidir boyroq artist ko‘chadami, dang‘illama uyidami, go‘yoki biror xayriya aksiyasi o‘tkazsa, yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘ziqorindek «navbatchi» kunda-shunda blogerlaru ayfon ko‘targan «xabarkush»lar bostirib borib hammayoqda shov-shuv ko‘tarayotganingiz yolg‘onmi?

O’ylamang, shaxsan men bu postim bilan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi sha’nini himoya qilayotganim yo‘q. U mening himoyamga muhtoj ham emas. Men bor-yo‘g‘i azaliy qadriyatlarimizdan biri bo‘lmish oddiygina SAXOVATPYeShALIK, MYeHR-MURUVVAT degan ulug‘ urf-odatlarimiz toptalgani, kalaka qilingani uchun tomoshabin bo‘lib turolmadim.

Oddiy haqiqat shu: Non aziz, inson qadr-qimmati esa undan ham azizroqdir!

Norqobil JALIL,

"XXI asr" gazetasi bosh muharriri,

O’zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    208
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+