Prezident tashrifi yangi Andijon tarixi sahifalarida zarhal harflar bilan bitiladigan bo‘ldi

02.02.2023, 11:48

Prezident tashrifi yangi Andijon tarixi sahifalarida zarhal harflar bilan bitiladigan bo‘ldi

Andijon viloyati xalqi davlat rahbarining tashrifini katta intiqlik bilan kutadi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Negaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashrifi har safar o‘zining amaliy yechimlari bilan g‘oyat ahamiyatli bo‘ladi.

Yurtboshimiz 2021 yil 17 iyun kuni Andijon tumanidagi adirlikda Yangi Andijon shaharchasi qurilishiga poydevor qo‘ygan edi. Bugun bu yerda ko‘p qavatli uylar, maktab va bog‘chalar qad ko‘tarib, zamonaviy infrastrukturaga ega shaharcha bo‘y cho‘zyapti.

Andijon vodiy viloyatlari orasida aholisi zichligi bilan ajralib turadigan hudud hisoblanadi. Viloyat iqtisodiyotning o‘sishi va aholisi ortgani sayin elektr energiyasi iste’moliga bo‘lgan talab ham oshib borayotgandi. Xususan, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarida elektrga talab 40 foizga ko‘paygandi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning viloyatimizga bu galgi tashrifi hudud aholisi va tadbirkorlarini o‘ylantirib turgan mazkur masalaga to‘g‘ri yechim topib berilgani bilan muhim ahamiyat kasb etdi.

Prezidentimiz viloyatimizga tashrifi chog‘ida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ommalashtirish va aholi bandligini ta’minlash choralari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda yurtboshimiz mamlakat iqtisodiyoti va aholi o‘sishi bilan elektr iste’moli ham kundan-kunga oshayotgan bir sharoitda eng to‘g‘ri yechim qayta tiklanuvchi energiya manbalarini ko‘paytirish ekanini alohida qayd etarkan, quyosh va shamol stansiyalari loyihalariga e’tibor qaratdi.

Prezidentimiz Oliy Majlis va O’zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida ham energiya resurslaridan samarali foydalanish masalasini ko‘tarib, buning qanchalik muhimligini izohlab bergandi.

Murojaatnomada kelgusi yilda yana 4,5 ming megavattli 11 ta yirik loyihani yakuniga yetkazilib, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Samarqand, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobidan qo‘shimcha 14 milliard kilovatt elektr ishlab chiqarilishi belgilangan edi.

Davlat rahbarining Andijonga tashrifi chog‘ida Murojaatnomada belgilangan energiya resurslaridan samarali foydalanish masalasi borasidagi vazifalarni ro‘yobga chiqarishda o‘z ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.

Xususan, Andijonda 41 ta mikro gidroelektr stansiya qurish imkoniyati borligi haqida to‘xtalarkan, yirik korxonalarda ham qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, umuman, ularni elektr bilan o‘zini o‘zi ta’minlashga o‘tkazish kerakligini ta’kidladi.

Shuningdek, yig‘ilishda ijtimoiy ob’ektlarda quyosh energiyasidan foydalanish uchun alohida kompaniya tashkil etiladi. Unga 200 million dollar mablag‘ beriladi. Kompaniya quyosh panellari va suv isitish qurilmalarini o‘zi o‘rnatadi hamda budjet korxonasiga “yashil energiya” sotadi. Shuningdek, ijtimoiy ob’ektlardagi 3 mingta eskirgan qozonlarni zamonaviy uskunaga almashtirish zarurligi qayd etildi.

Andijonning o‘ziga xos xususiyatini juda yaxshi bilgan Prezidentimiz viloyatda energiya resurslarini iqtisod qilish choralarini ham ko‘rsatib o‘tdi. Mutasaddilar oldiga aholining quyosh energiyasidan foydalanishi uchun jozibador tizim yaratish vazifasini qo‘ydi.

Men davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida o‘z ijobiy yechimini topgan birgina masalaga to‘xtaldim, xolos. Tashrif chog‘ida Andijon ahlini qiynab turgan, viloyatning barqaror rivojlanishi uchun to‘siq bo‘layotgan kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash borasidagi masalalarning yechimiga ham katta e’tibor qaratildi.

Bir so‘z bilan aytganda yurtboshimizning viloyatimizga tashrifi bu yerda barqaror energiya manbalari yaratilib, tadbirkorlik rivojlantirilib, aholi daromadlarining o‘sishi, turmush farovonligini oshishiga sabab bo‘lgan ulkan voqelik sifatida Yangi Andijon tarixida zarhal xarflar bilan bitiladigan bo‘ldi.

Xurshida XALILOVA,

O’zLiDeP Andijon viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    249
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+