Davlat dasturining bajarilishi: Hisobot hisobot uchun bo‘lmadi

02.02.2023, 11:57

Davlat dasturining bajarilishi: Hisobot hisobot uchun bo‘lmadi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida Vazirlar Mahkamasining 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O’zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2022 yilda bajarilishi to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, hukumat hisoboti dastlab OʻzLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida muhokama etildi, unda keltirilgan har bir raqam va tahlillar deputatlar tomonidan atroflicha ko‘rib chiqilib, savollarga javob olindi. Ochiq qolgan savollar bo‘yicha deputatlarga qo‘shimcha ma’lumotlar berildi. Muhokamalarda iqtisodiyotni rivojlantirishning va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarga partiya maqsadlari va vazifalaridan kelib chiqqan holda alohida e’tibor qaratildi.

Fraksiyamiz “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” davlat dasturida amalga oshirilgan ishlarni ijobiy baholaydi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida belgilangan ustuvor maqsadlar doirasida sezilarli ishlar amalga oshirilgan. Partiyamiz dasturida fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berilgan. Bu borada davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish maqsadida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilingani alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.

Partiyamizning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli choralar ko‘rilayotganini e’tirof etamiz. Jumladan, mulk huquqining daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash maqsadida xususiy mulk daxlsizligi va kafolatlari kuchaytirilgan, mulkiy, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash choralari ko‘rilgan. 2022 yil 29 iyun kuni “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingani bu boradagi nizoli vaziyatlarning oldini olishga, mulk egalarining huquqlarini himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Investitsiya faolligini oshirish va eksportni rag‘batlantirishdagi muhim choralarni alohida qayd etamiz. Aytishim joizki, fraksiyamiz partiya faollari va mahalliy kengash deputatlari bilan birgalikda davlat dasturining ijrosini ta’minlash borasida Hukumat bilan yil davomida ish olib bordi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tuzilib, nazorat-tahlil faoliyati amalga oshirildi.

Muhokamada Davlat dasturida nazarda tutilgan ayrim qonun loyihalarining parlamentga kiritish ishlari kechiktirilgani yoki hanuzgacha kiritilmagani ham aytib o‘tildi.

Savol-javoblarga boy bo‘lgan yalpi majlisda Vazirlar Mahkamasining hisoboti ma’qullandi hamda Hukumat faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar aks etgan tegishli qaror qabul qilindi.

Aktam XAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari,

O’zLiDeP fraksiyasi rahbari.

  • Ko'rildi
    236
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+