Va’da berish oson, lekin uddalash qiyin

03.02.2023, 10:25

Va’da berish oson, lekin uddalash qiyin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Doniyor G’aniyev bilan suhbat

– Doniyor Avazovich, kutilgan va kutilmagan savollarga javob berish uchun rozilik berib, vaqt ajratganingiz uchun rahmat. Ayting-chi, deputatlikka nomzodini qo‘ygan vaqtdagi G’aniyev bilan hozir amaldagi parlament vakili G’aniyevning dunyoqarashi, mavjud muammolar yechimiga munosabatida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

– Inson tafakkuri, dunyoqarashi shakllanishi evolyutsion jarayon ekanligi hisobga olinsa, vaqt o‘tishi bilan jamiyatda yuz berayotgan ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy o‘zgarishlar ta’sirida har bir insonning dunyoqarashi, uning atrofdagi voqelik va muammolarga munosabati tabiiy ravishda o‘zgarib boradi.

Shu ma’noda aytishim mumkinki, deputat sifatida o‘tgan uch yildagi faoliyatim shaxs sifatida shakllanishimda katta maktab vazifasini o‘tadi. Orttirilgan tajriba va bilimlarim natijasida siyosiy-iqtisodiy qarashlarim tubdan o‘zgardi, deb ayta olaman. Jamiyat taraqqiyoti, iqtisodiy farovonlik va erkinlikni ta’minlashda hamda biz yuz tutayotgan ko‘plab muammolarga mamlakatda siyosiy va iqtisodiy institutlar shakllanishi va ularning samarali ishlashi eng to‘g‘ri tizimli yechim ekanini anglab yetdim.

– O’sha paytda o‘z nomzodingizning aynan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan qo‘yilishiga rozilik bildirganingizda nimalar haqida o‘ylagansiz? Sizningcha, partiyaning caylov oldi dasturiga kiritilgan ustuvor vazifalarning qaysilari bugungacha bajarib bo‘lindi?

– Shaxsan men tabiatan siyosiy-iqtisodiy qarashlari liberal insonman. Ya’ni jamiyatda har bir fuqaro o‘z ijtimoiy-iqtisodiy tanlovlarida erkin bo‘lishi (albatta, boshqa bir fuqaroning huquq va erkinligini suiiste’mol qilmagan holda), davlatning iqtisodiyotda ulushi va roli cheklanib, faqat o‘yin qoidalarini belgilovchi sifatida bo‘lishi, barcha iqtisodiy munosabatlar bozor qoidalari asosida amalga oshirilishi tarafdoriman. O‘zLiDePning ham asosiy maqsad va prinsiplari shaxsiy qarashlarimga bevosita hamohang. Ya’ni jamiyatda tadbirkorlikni rivojlantirish, fuqarolarning shaxsiy erkinligi va huquqlarini kengaytirish kabi oliy g‘oyalar atrofiga qurilgan. Shu bois ham menga O‘zLiDeP siyosiy kuch sifatida tabiiy tanlov bo‘lgan.

Endi aynan shu partiyaning saylovoldi dasturiga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘ylaymanki, o‘tgan muddat oralig‘ida partiya o‘z oldiga qo‘ygan bir qator maqsadlarni amalga oshirishga, tashabbuslarni ilgari surishga erishdi. Xususan, iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash va byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, yer uchastkalarini xususiylashtirish va xususiy mulk daxlsizligini mus tahkamlash, shaxsning fuqarolik huquq va erkinliklarini kafolatlash, davlat xizmatlari sohasini tartibga solish, qishloq xo‘jaligi sohasida davlat buyurtmasiga chek qo‘yish borasida muhim qonun hujjatlari qabul qilishga erishildi. Jumladan, O‘zLiDePning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari tashabbusi va faolligi bilan qabul qilingan “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi kabi qonunlarni bunga misol sifatida keltirish mumkin.

Lekin tan olish kerak, hali saylovoldi jarayonlarda elektorat oldida berilgan va’dalarimizning uddasidan to‘la chiqa olganimiz yo‘q. Parlamentdagi eng yirik partiya sifatida saylovchilar ishonchini qozonish, ularning manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan bajarilishi muhim bo‘lgan bir qator masalalar hamon o‘z yechimini kutmoqda. Xususan, iqtisodiyotda monopoliyaga chek qo‘yish yoki ularning ulushini qisqartirish, tashqi savdoni erkinlashtirish, korrupsiyaga qarshi kurash, qonun ustuvorligini va odil sudlovni ta’minlash, energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish bo‘yi cha qonunchilikni takomillashtirish kabi vazifalar oldimizda turibdi.

– Ba’zan saylovchilar va, ayniqsa, OAV vakillaridan deputatlar faoliyatiga oid har xil e’tirozli gap-so‘zlarni ham eshitib qolamiz. Ayrim dolzarb muammo va masalalar keng jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotganida xalq saylagan vakillar munosabat bildirishda sustkashlik qilishdi, degan qarashlarga nima deysiz?

– Vaziyatga umumiy rakurs bilan qaraganda, tan olib aytish kerakki, so‘nggi yillarda mamlakat boshqaruvi jarayonida parlamentning roli va ishtiroki sezilarli darajada faollashdi. Shu bilan birga, parlament faoliyatida jamoatchilik bilan aloqalar yaxshilandi, qonun loyihalari muhokamalari va ularni qabul qilish jarayonlari shaffoflashdi.

Boshqa tomondan, davlat rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan siyosiy islohotlar natijasida fuqarolarning ham siyosiy jarayonlarda ishtiroki kengaydi, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan jamaotchilik nazorati o‘rnatish va ularga baho berish imkoniyati yaratildi. Bu esa o‘z-o‘zidan fuqarolar tomonidan nafaqat parlament yoki deputatlar, balki barcha davlat organlari mansabdor shaxslari faoliyatiga nisbatan tanqidiy qarashlar shakllanishiga olib keldi. Qaysidir ma’noda bu tabiiy jarayon ham.

Shu bilan birga, tan olish ham kerak, barcha bo‘g‘indagi deputatlar faoliyati to‘la-to‘kis qoniqarli deb maqtashga shoshilmaylik. 2019 yilgi “Yangi O’zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida bo‘lib o‘tgan saylovlarda xalqimiz o‘zi saylagan deputatlar, partiyalarga katta ishonch bildirgan edi, lekin ana shu bildirilgan ishonch qay darajada o‘zini oqladi, degan savolga javob topish fursati ham yetib keldi deb o‘ylayman. Afsuski, saylovchilarni qiynayotgan masalalar va muammolarni har doim ham “katta minbarga” olib chiqolganimiz yo‘q.

Aslida fuqarolar tomonidan deputatlar sha’niga bildirilayotgan haqli e’tiroz va asosli tanqidlar siyosiy partiyalarga ham o‘ziga xos signal bo‘lishi kerak. Agar voqealar rivoji o‘zgarib, partiyalar va deputatlar faoliyati keskin o‘zgarmasa, kelgusi saylovlarda siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar uchun oson bo‘lmasligini taxmin qilish qiyin emas.

– Bundan 20-25 kuncha avval, ya’ni xalqona ibora bilan aytadigan bo‘lsak, qora sovuq mahalidagi ayrim idoralar tomonidan palapartishlik, shoshqaloqlik bilan qabul qilingan o‘zgaruvchan qarorlar, bugungi gapning ertaga to‘g‘ri kelmasligi, ba’zi mutasaddi vazirliklarning xatti-harakatlariga deputat sifatida qanday munosabat bildirasiz?

– Anomal sovuq deb nomlangan sinovli kunlarda o‘quv muassasalarida ta’til muddatini uzaytirish borasidagi pala-partish qarorlar qaysidir ma’noda boshqaruv tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatib berdi. Birinchi navbatda, qarorlarning bu shaklda qabul qilinishi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, boshqaruv tizimi hali ham “qo‘l boshqaruvi” asosida yuritilayotganining isboti bo‘ldi.

Ikkinchidan, vazirliklar tomonidan qabul qilingan qarorlarning qisqa muddatda qayta-qayta o‘zgartirilishi o‘sha mahkamalarda o‘z sohalariga oid davlat siyosatini amalga oshirishda boshqaruv mustaqilligi yetishmasligini, vazirlarda esa, afsuski, qabul qilingan qarorlar uchun siyosiy mas’uliyat va javobgarlik yo‘qligini anglatdi.

Uchinchidan, hududlarda hokimlar yakka boshqaruviga chek qo‘yilib, mahalliy hokimiyat organlariga malaka, ko‘nikma va layoqat jihatidan munosib hokimlar tayinlanishi/saylanishi naqadar muhimligini anglab yetdik. Toki hududlarda mustaqil, professional ishlovchi va, eng asosiysi, ijro hokimiyatining faoliyati ustidan nazorat o‘rnata oladigan, hokimlar vakolatini tiyib turadigan xolis mahalliy kengashlar faoliyati yo‘lga qo‘yilmas ekan, hech kimga hisobdor bo‘lmagan, vakolatlari cheksiz hokimlarning qarorlari ijrosi bo‘yicha muammolar yechimini topish og‘ir kechadi.

– Nisbatan chekina boshlagan qish faslining injiqliklariga hammamiz guvoh bo‘ldik, to‘g‘rimi? Masalan, anomal sovuq kunlari yurtimizda yuzaga kelgan energetik inqirozlarni oqilona yengib o‘tishda parlament va partiyalarning hozirgi o‘rni qanday bo‘lishi kerak? Jumladan, siz a’zosi hisoblangan O‘zLiDeP fraksiyasi qanday tashabbuslarni ilgari sursa, mavjud muammolar yumshashiga, oddiy odamlar hayoti va umumiqtisodiyotga zarari kamayishiga erishiladi?

– Parlament va siyosiy partiyalarning ma’lum bir tarmoqqa oid muammolar yechimidagi asosiy vazifasi soha rivoji uchun mustahkam huquqiy asoslarni yaratish hamda mazkur qonun hujjatlarining ijrosi yuzasidan ijro hokimiyati faoliyatini nazorat qilib borishdan iborat. Shu ma’noda, bir muddat mamlakatda yuzaga kelgan energetik inqirozlarni bartaraf etish uchun sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan islohotlar uchun parlament tomonidan zarur qonunlar qabul qilinishi, huquqiy asoslar yaratilishi kerak, deb hisoblayman.

Tahlillarga qaraydigan bo‘lsak, keyingi paytlarda energetika sohasi bo‘yicha muammolar yuzaga kelayotganining bosh sababi aholi va korxonalar hamda issiqlik tashkilotlariga yetarli miqdor va bosimlarda gaz yetkazib berilmayotgani bilan bog‘liq. Ya’ni sohaga bozor munosabatlari joriy qilinmagani bois gaz qazib chiqarish keskin kamaygan, chunki gaz qazib chiqarishni oshirishga iqtisodiy rag‘bat yo‘q. Qolaversa, narxlar talab va taklif asosida belgilanmasligi oqibatida amaldagi gaz iste’mol xarajatlarini qoplash uchun bir yilda budjetdan 16 trln. so‘mdan oshiq mablag‘ yo‘naltirilmoqda. Lekin davlat budjetidan ajratilayotgan bu subsidiya mab lag‘laridan gaz va elektr yaxshi ta’minlangan, ya’ni asosan poytaxt va markaziy shaharlarda yashovchi daromadi nisbatan yuqori aholi foydalanmoqda.

O’ylaymanki, energetika sohasiga ham to‘liq bozor munosabatlarini joriy etish, narxlarning erkin belgilanishi uchun kerakli huquqiy asos yaratish zarur. Bu bir tomondan, gaz xomashyosini yetkazib berishni (xoh mahalliy, xoh import) oshirsa, ikkinchidan, aholi va korxonalar tomonidan energetika iste’molida tejamkorlikni rag‘batlantiradi. Albatta, bu kommunal xizmatlar narxlarining oshishiga sabab bo‘lishi va aholining kam daromadli qismiga qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Lekin hozirda gaz qazib chiqarish uchun ajratishdan tejaladigan 16 trln. so‘m mab lag‘ning bir qismini aholining aynan qiynalgan qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri, manzilli ro‘yxat asosida qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirish orqali narxlar oshishining salbiy oqibatlarini yumshatish mumkin.

Ozod RAJABOV suhbatlashdi.

  • Ko'rildi
    215
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+