Hisobr aqamdan roziliksiz pul yechib olinsa...

03.02.2023, 10:28

Hisobr aqamdan roziliksiz pul yechib olinsa...

Afsuski, bugungi kunda amaliyotda jismoniy va yuridik shaxslarning bank hisob raqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablag‘lari yechish, ko‘chirish yoki olib qo‘yish holatlari uchramoqda.

Tadbirkorlik – mazkur faoliyat sub’ektlari tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladigan, o‘zi tavakkal qilib va o‘z mulkiy javobgarligi ostida daromad olishga qaratilgan tashabbuskorlik faoliyatidir. Ushbu faoliyat sub’ektlari belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslardir.

Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunda tadbirkorlar o‘z pul mablag‘larini mustaqil ravishda tasarruf etishlari kafolatlangan bo‘lsa-da, ammo bugungi kunda amaliyotda ularning bank hisob raqamlaridan qonun hujjatlarida belgilanmagan tartibda pul mablag‘lari yechish, ko‘chirish yoki olib qo‘yish holatlari uchramoqda. Ushbu noqonuniy yechilgan pul mablag‘lari sud yoki ularning yuqori organlari tomonidan aniqlangan taqdirda ularga nisbatan hech qanday javobgarlik choralari qo‘llanmasdan qolmoqda. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda davlat organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan ortiqcha undirilgan va to‘langan pul mablag‘larini o‘z vaqtida qaytarmaslik uchun javobgarlik belgilanmagan. Bu esa soha vakillarining doimiy va haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi. Masalan, 2021–2022 yillarda yuqoridagi holatlardan norozi bo‘lib Biznes-ombudsmanga 840 ta murojaat kelib tushgan.

Bu kabi salbiy holatlarga nisbatan qonuniy ta’sir choralarini kuchaytirish, muammoni bartaraf etish maqsadida hozirda “O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlarning bank hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan muhokama etilmoqda.

Mazkur qonun loyihasining maqsadi tadbirkorlik sub’ektlarining bank hisob raqamlaridagi pul mablag‘larining daxlsizligini ta’minlash hamda davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat organlarining mansabdor shaxslari javobgarligini oshirishdan iborat. Ushbu hujjat bilan tadbirkorlarning bank hisob raqamlaridan pul mablag‘larini ularning roziligisiz ko‘chirish yoki olib qo‘yish holatlari bo‘yicha ma’muriy va jinoiy javobgarlik choralarini belgilash maqsadida O’zbekiston Respublikasining Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Jumladan, jismoniy va yuridik shaxs larning hisob raqamlaridagi pul mablag‘larini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoki olib qo‘yish mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan qirq baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Shunday harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslar va xizmatchilarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yuz soatdan uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda.

Ushbu loyihaning qonun sifatida qabul qilinishi O‘zLiDePning asosiy elektorati bo‘lgan tadbirkorlar va fermerlar faoliyatining jadal rivojlanishi, xususiy mulkni har tomonlama muhofaza qilish va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilash, mulk huquqi daxlsizligi ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Sardorbek G’IYOSOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

 O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    190
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+