Inson huquqlari — eng oliy qadriyat

10.02.2023, 16:17

Inson huquqlari — eng oliy qadriyat

Xalqimizda azaldan xolislik, haqqoniylik, to‘g‘riso‘zlik va adolatlilik ulug‘ qadriyat sanalib, bu ezgu fazilatlar zamirida inson huquqlariga nisbatan hurmat va ehtirom mujassam desak, sira mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Davlatimiz rahbari taklifi bilan 2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”, 2023 yilni “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb atalishi ham millatimizning ana shu ezgu qadriyatlari bardavomligini ta’minlashga xizmat qilyapti.

Yaqinda Prezidentimizning “O’zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi va bu hujjat mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’lim har bir fuqaroning inson huquqlariga nisbatan hurmatini rag‘batlantirish va unga har tomonlama rioya etilishini ta’minlashda, zo‘ravonlik va nizolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.  Shu o‘rinda 2020-2024 yillarda inson huquqlari sohasida ta’lim berish orqali yoshlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichi  amalga oshirilayotganini alohida qayd etish joiz.

Binobarin, mazkur qarori mohiyatida mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, Inson huquqlari bo‘yicha O’zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi ijrosini ta’minlash, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirishdek ululg‘vor maqsadlar yotibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Qolaversa, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasining 76-sessiyasi hamda Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi tashabbus va takliflarini amalga oshirish doirasida 2022 yil 5-6 dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari bo‘yicha ta’lim” Global forumi o‘tkazilgani ham fikrimizni tasdiqlab turibdi.

Bu qarorning yana bir ahamiyati shundaki, unga ko‘ra, O’zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturi tasdiqlandi. Bu dastur orqali 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv va maxsus kurslar joriy etilishi belgilandi. Ayniqsa, “Inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi ta’lim va innovatsiyalar” milliy tanlovi tashkil etilishi esa yoshlarimizda bu boradagi bilim va salohiyatini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Shuningdek, qarorda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari, ayollar huquqlari, bola huquqlari va migrantlar huquqlari yo‘nalishlarida faoliyati mazkur shaxslar bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan tashkilotlarda o‘quv kurslari va seminar-treninglar tashkillashtirilishi qayd etildi.

Albatta, mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi milliy ta’lim dasturining tasdiqlanishi muhim ijtimoiy-siyosiy voqea bo‘lib, bu dasturni amalga oshirishda tegishli vazirlik hamda qo‘mitalar mutasaddilari, deputat va senatorlar, qolaversa, keng jamoatchilik o‘zini mas’ul ekanini unutmaslik lozim. Chunki inson huquqlarini yaxshi bilgan mamlakat fuqarosi shu mamlakat taaraqqiyotiga katta hissa qo‘shadi. Zero, yurtimizda adolat va taraqqiyotni ravnaq toptirishda fuqarolarimizning huquqiy bilim va salohiyatini yuksaltirishning ahamiyati beqiyos.

        Hazratqul XO’JAMQULOV,

    Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati,

O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi.

  • Ko'rildi
    577
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+