Haqiqat muloqotlarda yuzaga chiqadi

25.02.2023, 17:35

Haqiqat muloqotlarda yuzaga chiqadi

Ayni kunlarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari xalq bilan yaqindan muloqot qilish, mavjud muammolarni o‘rganish va ularga yechim topish maqsadida o‘z saylov okruglarida aholi bilan yaqindan muloqotlar o‘tkazmoqda. Zero, xalq bilan muloqotlarda haqiqat yuzaga chiqadi, yechim topish harakatlari boshlanadi.

Quyi palata deputati Odinaxon Otaxonovaning Andijon viloyatidagi uchrashuvlari ham avvalgilardan farqli ravishda amaliy natijalarga boy bo‘ldi. Deputat har bir fuqaroning muammosini eshitdi, aholi murojaatlariga yuzaki qaramadi, aksariyat masalalar joyida ijobiy yechim topdi.

Shuningdek, xalq vakili Asaka tumanida meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash sohasida faoliyat yuritayotgan “Obod turmush orzusi” fermer xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi. Mazkur xo‘jalikning “Andijan golden fruits” brendi ostidagi mahsulotlari Yevropaning uch davlati va qo‘shni mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Deputat bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan muloqot qildi. Mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlar haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumotlar berdi.

Mazkur uchrashuvlar chog‘ida xalq vakili Asaka tumanidagi “Ulug‘bek” MFY aholisi bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashdi. Muloqotlar davomida aholi e’tiroziga sabab bo‘layotgan va hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator masalalar ko‘tarildi va ularga ijobiy yechim izlandi.

O.Otaxonovaning shahrixonlik saylovchilar bilan uchrashuvi ham ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi. Xalq vakili mahalla faollari bilan yuzma-yuz muloqot qilib, ularni o‘ylantirayotgan masalalar bilan qiziqdi.

Ma’lum bo‘lishicha, “Dorilomon” MFYda yashovchi Dilnoza Mamataliyeva subsidiya olib tadbirkorlik faoliyatini boshlagan holda mahalladagi ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatib, ish bilan ta’minlamoqda. Xalq vakili u bilan suhbatlashib, muammolarini o‘rgandi. Faoliyatini kengaytirish bo‘yicha zarur tavsiyalar, takliflar berdi.

Deputat ko‘magi bilan shu mahallada yashovchi Malika Siddiqovaga nogironlik aravachasi olib berildi. Ishsiz xotin-qizlar muammolari tinglanib, ularning salmoqli qismi shu yerning o‘zida hal etildi.

Shu kuni xalq vakili Shahrixon tumanida faoliyat yuritayotgan bir qator fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, mirishkorlar bilan muloqot qildi. Ularga qishloq xo‘jaligi sohasida olib borilayotgan islohotlar, fermer va dehqonlarga berilayotgan imkoniyatlar haqida atroflicha ma’lumotlar berdi.

Xalq vakilining saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.

  • Ko'rildi
    155
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+