Farovon hayot uchun ijtimoiy davlat kerak!

03.04.2023, 16:13

Farovon hayot uchun ijtimoiy davlat kerak!

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi tomonidan “Olmaliq shahar Ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasida “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonuni loyihasi mohiyatini sog‘liqni saqlash tizimida faoliyat yuritayotgan soha xodimlariga keng targ‘ib qilish maqsadida uchrashuv tashkil etildi.

Unda O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi deputati Atxam Nazirqulov, Olmaliq shahar Ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bekmurod Rasulov, partiya Olmaliq shahar Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari – apparat rahbari Abduvohid Shodiyev, ko‘p tarmoqli tibbiyot birlashmasi mutasaddilari va ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda so‘z olgan Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati Atxam Nazirqulov bugun yurtimizda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, inson qadrini yuksaltirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar,  Konstitutsiyamizning aholi hukmiga havola etilayotgan yangi loyihasida malakali tibbiy yordam kafolatlanayotgani, davlat tibbiyot sohasiga oid eng muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olayotgani xususida to‘xtaldi.

Konstitutsiyada fuqarolar davlat hisobidan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini olishga haqli ekanligi belgilanayotganini qayd etdi.

Buni g‘oyat muhim muhim ijtimoiy kafolat deya baholadi. Deputatning ta’kidlashicha, aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat o‘z fuqarosini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi kerak. Konstitutsiyadan o‘rin olayotgan ushbu modda aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutgani bilan yanada ahamiyatli bo‘lmoqda.

Tibbiy sohani, shu jumladan uning nodavlat shakllarini rivojlantirish ham davlat majburiyatlariga o‘tkazilishi fuqarolarga sifatsiz tibbiy yordam ko‘rsatish yoki umuman tibbiy yordam ko‘rsatmaslik holatlarining oldini olishga ko‘maklashishi muqarrar.

Ayniqsa, davlatning tibbiyot sohasiga oid eng muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olayotgani onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur masalalarning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishi – aholi salomatligi milliy manfaatlarimizning muhim tarkibiy qismi ekanligidan dalolat berishini ta’kidladi.

O’z so‘zi yakunida safdoshlarini yurtimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarga befarq bo‘lmasdan, bo‘lib o‘tadigan umumxalq Referendumida faol ishtirok etishga undadi.

Zuxro Mirzohamdamova,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi bo‘lim mudiri

Teglar
Referendum
  • Ko'rildi
    313
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+