Yangi Konstitutsiyadagi talay normalar asosiy elektoratimiz manfaatlarini ifodalamoqda

03.05.2023, 18:29

Yangi Konstitutsiyadagi talay normalar asosiy elektoratimiz manfaatlarini ifodalamoqda

Uch kun avval bo‘lib o‘tgan referendumda qabul qilingan “O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun 1 maydan kuchga kirdi. Boshqacha ifodalaganda, mamlakatimiz rivojlanishning yangi tarixiy taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilmoqda. Ta’kidlash zarurki, endilikda qonunlar va qonunosti hujjatlari normalari yangi tahridagi Konstitutsiyaga zid bo‘lsa, sudlar konstitutsiyaga qarab qaror qabul qiladi. Bu xalqimiz hayotidagi juda ulkan ijobiy o‘zgarishdir.

Yangilangan  Asosiy qonun xalqimizni ijtimoiy-huquqiy jihatdan himoya qilish, farovonlikni oshirish, fuqarolar huquqi va manfaati muhofazasini yanada mustahkamlash uchun mustahkam asos yaratadi, uzoq muddatli rivojlanish strategiyasini ishonchli kafolatlaydi.  Mazkur fundamental hujjat xalqimizning demokratik tanlovi asosida izchil rivojlanishni ta’minlaydi, yurtdoshlarimizda ertangi kunga ishonchni mustahkamlaydi.

Prezidentimiz Yangi O’zbekiston taraqqiyot strategiyasi asarida: “Yangi O’zbekistonni halol mehnat qilib muvaffaqiyatga erishishni orzu qiladigan, tadbirkorlik orqali o‘zi va oilasi farovonligini ta’minlashga intiladigan, Vatani va xalqiga sidqidildan xizmat qilishni istaydigan barcha fuqarolar uchun keng imkoniyatlar mamlakatiga aylantirishimiz shart va zarur” deya qayd etgandi. Davlatimiz rahbarining ushbu ezgu istagi, da’vati yangi Konstitutsiyada o‘z ifodasini topdi.

Xususan,   “O’zbekiston Respublikasi hududida iqtisodiy makon birligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘larning erkin harakatlanishi kafolatlanadi” degan norma 67-moddasidan o‘rin oldi. Bu qoidaning joriy etilishi natijasida O’zbekistondagi barcha ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar uchun mamlakat hududi yagona iqtisodiy makonga aylanadi. Bundan buyon tovar va xizmatlarning respublikada hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishi davlat tomonidan kafolatlanadi. Shu bilan birga, mehnat resurslari va moliyaviy mablag‘lar harakatlanishida to‘siqlar bo‘lmasligi to‘g‘risidagi majburiyatni ham davlat o‘z zimmasiga olyapti. Respublikamiz hududida moliyaviy mablag‘lar erkin harakatlanishi nafaqat hududlar bo‘ylab to‘siqsiz to‘lovlar va o‘tkazmalarni amalga oshirish imkonini, balki viloyatlar o‘rtasida ko‘chmas mulk hamda korxona aksiyalarini sotib olish, shu bilan birga, mintaqalarning salohiyatidan kelib chiqib, turli investitsiya loyihalarini amalga oshirishga imkon yaratilyapti. Albatta, bu o‘zgarishlar tadbirkorlarimiz uchun ayni muddaodir. Pul va kapital bozorlarini yanada erkinlashtirish hisobiga moliya bozoridagi turli sohalar rivojlanishiga erishiladi. Valyuta bozorini liberallashtirish, kiritilgan investitsiyalar bo‘yicha foydani qaytarish kafolatini ta’minlaydi. Shular barobarida davlat organlari va mansabdor shaxslar tomonidan xomashyo, tovarlar va xizmatlarning erkin harakatlanishi va realizatsiya qilinishini noqonuniy cheklashning oldini olishga, tadbirkorlik sub’ektining qaysidir hududda soliq to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishini talab qilishga barham berilishiga hamda mehnat resurslarining erkin harakatiga zamin yaratadi. Jo‘nroq  aytadigan bo‘lsak, hech kim tadbirkor va fermerlar mahsulotini bir viloyatdan boshqa viloyatga olib o‘tishiga, sotishiga to‘sqinlik qilolmaydi.

Bundan tashqari, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimizda mulk daxlsizligi va u bilan bog‘liq huquqlarning ta’minlanishi davlat tomonidan kafolatlanishi, mulkiy huquqlarni cheklash faqat sud qarori asosida bo‘lishi mustahkamlanyapti. Bu iqtisodiyot barqaror o‘sishi, farovon hayotimiz tayanchi hisoblangan tadbirkor va ishbilarmonlarning erkin faoliyati uchun mustahkam huquqiy kafolatni ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, tadbirkorlarning erkin va samarali faoliyat yuritishi, biznes muhitini yaxshilash, ichki va tashqi savdo rivojlanishi, aholini tadbirkorlikka keng jalb qilish orqali bandligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Qisqasi, yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi ko‘plab normalar O’zLiDeP asosiy elektoratining xohishini yorqin ifoda etmoqda.

Mamlakatimiz rahbari “...Inson manfaatlari va yana bir bor inson manfaatlari – iqtisodiy islohotlarimizning o‘zak masalasidir” deya ta’kidlagandi. Ana shu muhim g‘oya Asosiy qonunimizga ham ko‘chdi. Bosh qomusda belgilangan iqtisodiy yo‘nalishdagi o‘zgarishlarning mohiyati shundaki, xalqchil davlatni bunyod etishning eng muhim sharti bo‘lgan islohotlar jarayonida inson manfaatlari ta’minlanishiga erishilmoqda. Yangilangan Konstitutsiyada “Inson — jamiyat — davlat”, “Yangi O’zbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyillarini mustahkamlash, iqtisodiy islohotlar jarayonida inson manfaatlarini ta’minlashga bosh mezon sifatida qaralmoqda. Takomillashgan Asosiy qonunda aholining barcha qatlamlari singari xususiy sektor vakillari uchun ham nihoyatda zarur bo‘lgan yangi jamiyat, yangi ijtimoiy muhit asoslari belgilangan.

Ushbu fundamental hujjat Taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish, Bosh qomusimiz yangilanishida faol ishtirok etgan xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos, ishonchli kafolat bo‘ladi.

Behzod Isroilov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi

mafkuraviy ishlar bo‘limi xodimi

  • Ko'rildi
    634
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+