O‘zLiDePning referendum tashviqotiga bag‘ishlangan navbatdagi event-tadbiri Chirchiq shahrida o‘tkazildi

14.04.2023, 16:28

O‘zLiDePning referendum tashviqotiga bag‘ishlangan navbatdagi event-tadbiri Chirchiq shahrida o‘tkazildi

Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan “Bu mening tanlovim – bu mening Konstitutsiyam!” shiori ostidagi yirik targ‘ibot tadbiri Toshkent viloyatining so‘lim maskanlaridan biri – Chirchiq shahridagi “Kimyogarlar” madaniyat saroyi hovlisida bayramona va ko‘tarinki ruhda o‘tdi.

Ochiq osmon ostida o‘tgan tadbirda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov, Senat a’zosi Mahmud Toir, parlament quyi palatasi deputatlari Dilbar Usmanova, Atxam Nazirqulov, Nodirbek Abduvaliyev va mahalliy kengash deputatlari, O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod,  “Maxam chirchiq” AJ boshqaruv raisi Hotam Sayidahmedov, Chirchiq davlat Pedagogika universiteti rektori  G’afurjon Muhammedov, keng jamoatchilik vakillari, ilm-fan va madaniyat arboblari, nuroniylar va yoshlar ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar qo‘llariga “Seniki”, “Meniki”, “Bizniki”, “Konstitutsiya – o‘zimizniki!”, “Bu mening tanlovim – mening Konstitutsiyam!”, “Biz erkinlik uchun ovoz beramiz!” yozuvlari tushirilgan rang-barang plakatlar, shuningdek, “O’zbekiston Respublikasining referendumi – 2023” yozuvi aks etgan oq rangli bayroqlarni ko‘tarib chiqishdi.

Tadbirni O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ochib berar ekan, yangilanayotgan Konstitutsiyaning asl mazmun-mohiyati O’zbekistonni yanada barqaror rivojlantirishga qaratilgani haqida so‘zladi. Konstitutsiyaviy islohotni fuqarolarimiz fikri va qo‘llab-quvvatlashi asosida, referendum orqali amalga oshirilishi xalqimiz xohish-irodasining ifodasi – haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga puxta zamin yaratishini qayd etdi. Yangilanayotgan qomus bevosita xalq tomonidan qabul qilinadigan birinchi huquqiy hujjat ekanini, referendumdagi har bir ovoz katta ahamiyatga ega bo‘lishini alohida uqtirdi.

Bugun xalqimiz tomonidan jamiyatimizda yuz berayotgan o‘zgarishlarga mutanosib holda yaratilayotgan Bosh Qomusimiz ertangi yanada osuda, obod va farovon hayotimizning ishonchli kafolati bo‘lishini ta’kidladi.

Senator, O’zbekiston xalq shoiri Maxmud Toir esa yangi tahrirdagi Qomus xalqchil Konstitutsiya sifatida dunyo yuzini ko‘rayotgani xususidagi o‘z mulohazalarini bildirdi. Bugun dunyo mamlakatlarida kechayotgan tahlikali hayot bolalarni otasidan, ayollarni sevimli yoridan, onalarni farzandlaridan ayirayotgan bir zamonda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik ne’mati va Asosiy qonun xalqimizni yanada jipslashtirib turganiga e’tibor qaratdi. Yangi O’zbekistonning baxti birlik va jipslikda ekanini madh etuvchi ijod namunalaridan o‘qib berdi.

Tadbirda so‘z olgan xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqib berilgan takliflar qonun loyihasida aks etgani to‘g‘risida ham to‘xtalishdi. Ushbu o‘zgarishlarning aksariyati tadbirkorlarimiz, fermerlarimiz uzoq kutgan, mulkdorlar qatlami uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lganini alohida e’tirof etishdi.

Chirchiq davlat Pedagogika universiteti rektori G’afurjon Muhammedov esa O’zbekistonning ta’lim va intellektual rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyoda eng yuqori reytingga ega 30 ta davlat qatoridan joy olishini ta’minlash yuzasidan keng qamrovli harakatlar olib borilayotgani xususida to‘xtaldi. Yaqin yillarda ushbu ulug‘vor maqsadga erishish O‘zLiDeP dasturida ham o‘z ifodasini topgani, shunga mos ravishda yangilanayotgan Konstitutsiyamizda ta’lim va ilm-fanga oid normalar qariyb 2 barobarga oshayotganini alohida e’tirof etdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli” degan normaning mustahkamlanishi ushbu vazifani konstitutsiyaviy darajadagi kafolatini ta’minlashga xizmat qilishi muqarrar ekanini ta’kidladi. Mazkur qoida mazmunida davlat tomonidan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida doimiy ravishda tanlov asosida davlat ta’lim tashkilotlarida bepul oliy ma’ulumot olish huquqi kafolatlanayotgani tahsinga sazovor ekanini aytarkan, mamlakatning yorug‘ istiqboliga befarq bo‘lmasdan, umumxalq referendumida faol ishtirok etishga chorladi.

O’zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Bobur Bobomurod yangi tahrirdagi Konstitutsiya faqat bayram kuni eslanadigan hujjat emas, kitobcha emas, ko‘ksida olib yuradigan yo‘lchiroq, dasturilamal bo‘ladigan Qomus ekanini uqtirdi. Yoshlarni Ona yurt taqdiri, o‘z kelajagiga befarq bo‘lmasdan, Yangi O’zbekistonni barpo etishdek ulug‘vor maslak yo‘lida jipslashib, referendumda munosib ishtirok etishga da’vat etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z so‘zida tariximizda ilk bora O’zbekiston – ijtimoiy davlat, deb belgilanayotgani, ya’ni, insonga e’tibor hamda g‘amxo‘rlik – davlat va jamiyatning eng asosiy burchi deya mustahkamlanayotganiga urg‘u berdilar. Davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq Konstitutsiyadagi normalar uch barobar ko‘paytirilayotganini qayd etishdi.

Tadbirga yig‘ilganlarning barchasini umumxalq ovozi yakuniy qarorni belgilab beradigan g‘oyat muhim siyosiy tadbirda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Shuningdek, bir qator professor-o‘qituvchi va talabalar, sportchilar Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga oid o‘z mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning har bir moddasi inson qadri uchun xizmat qilishini bot-bot ta’kidlashdi.

Bayramona ruhda kechgan tadbirda elimiz suygan taniqli xonandalar Toshpo‘lat Matkarimov, Anvar G’aniyev, Kanizaning yoshlik, muhabbat va ona yurt madhini tarannum etgan kuy-qo‘shiqlari davraga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.

Tadbirda turli millat va elat vakillarining yurtimizda totuvlikda bahamjihat kechayotgan osuda hayotni alqovchi raqslar, kuy-qo‘shiqlarni o‘zida jamlagan dasturlariy chiqishlari ham namoyish etildi.

Zuhro MIRZOHAMDAMOVA,

O‘zLiDeP Toshkent viloyat kengashi

bo‘lim mudiri

  • Ko'rildi
    229
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+