Yosh avlod kamolotiga e’tibor yanada kuchaytiriladi

14.04.2023, 16:53

Yosh avlod kamolotiga e’tibor yanada kuchaytiriladi

Xabaringiz bor, shu kunlarda O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashabbusi bilan respublika bo‘ylab konstitutsiyaviy qonun loyihasi mazmun-mohiyati tashviqotiga bag‘ishlangan ochiq osmon ostidagi tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Ularning navbatdagisi partiya Toshkent shahar va Chilonzor  tuman kengashlari hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamkorligida bo‘lib o‘tdi. Tadbirni siyosiy kuchning Toshkent shahar kengashi raisi Ravshan Fozilov ochib berdi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputatlari, adabiyot, san’at va sport  ustalari so‘zga chiqib, yangilanayotgan Bosh qomusimiz, unga kiritilayotgan hayotbaxsh yangiliklar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Qayd etilganidek, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash jarayonida 400 dan ortiq xalqaro hujjat, 190 ga yaqin davlatlar konstitutsiyasi puxta taxlil etildi. Xalqaro ekspert va mutaxassislar tomonidan xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha qoidalarini o‘zida mujassam etgan hujjat sifatida yuqori baholangandi.

Bundan tashqari Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilishi Yangi O’zbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligiga yaqqol ishoradir. Oliy ta’lim tashkilotlariga akademik erkinlik berilishi, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olinishi, nodavlat ta’lim tashkilotlari qo‘llab-quvvatlanishi to‘g‘risidagi qoidalar yosh avlod hayotini yaxshilash, ularning orzu-intilishlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy mutaxassisliklarni egallagan holda hayotda o‘z o‘rnini topishi va shaxsiy rivojlanishi uchun imkoniyat yaratadi.

Katta bayram tarzida o‘tkazilgan targ‘ibot tadbirida xalqimizning sevimli san’atkorlari, shou-biznes vakillari kuylashdi. Universitet iqtidorli talabalari ham o‘zlarining badiiy chiqishlari va kuy-qo‘shiqlari bilan  yig‘ilganlarni xushnud etishdi.

Uchrashuv so‘ngida faollar barchani xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan, 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirishdi.

Teglar
Referendum
  • Ko'rildi
    126
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+