Turizm — mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni

10.05.2023, 10:34

Turizm — mamlakatimiz iqtisodiyotining ertangi kuni

Mamlakatimiz turizm sohasida ulkan salohiyatga ega bo‘la turib, uzoq yillar bu imkoniyatdan to‘liq foydalanilmadi. Turizm rivoji uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilmadi, hamma o‘z bilganicha faoliyat yuritib keldi.

Keyingi yillarda ushbu sohaga e’tibor ham, munosabat ham, tubdan o‘zgardi. Turizmni rivojlantirishga qaratilgan qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Bu sa’y-harakatlar natijasida turizm milliy iqtisodiyotning “o‘sish nuqtalaridan” biriga aylandi.

Ushbu sohaga bu darajada katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki bu soha aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Ya’ni turizm orqali topilgan daromadning 30 foizi odamlarga ish haqi sifatida beriladi, sanoatda va boshqa tarmoqlarda bu 10 foizdan oshmaydi.

Eng qadimgi tamaddun va madaniyatlar chorrahasida joylashgan O‘zbekiston turizm jozibadorligi jihatidan dunyodagi sanoqli davlatlardan biri bo‘lib, mamlakatimizda 7 mingdan ziyod nodir tarixiy yodgorlik va ulug‘vor hamda betakror arxitektura namunalari mavjud.

Diyorimizda jonli tabiati, musaffo havosi, bir-biridan go‘zal manzaralari bilan sayyohlarni o‘ziga tortadigan maskanlar ko‘p. Ilgari sayyohlar yurtimizga asosan qadimiy obidalar, xususan, Samarqand, Buxoroga borishga qiziqish bildirgan bo‘lsa, hozir mamlakatimizning yangilanib borayotgan zamonaviy qiyofasini tomosha qilish maqsadida kelayotgan xorijliklar soni ortib borayotir.

Agar raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2022 yilda O‘zbekistonga kelgan chet ellik sayyohlar soni deyarli 2 barobar oshgan. 2017 yilda ular soni 2,7 millionni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatkich 5,2 millionga yetgani keyingi yillarda sohada olib borilayotgan islohotlar natijasidir.

Quvonarlisi, ilgari asosiy e’tibor xorijlik sayyohlarni tarixiy shaharlarimizga jalb qilishga qaratilgan bo‘lsa, hozir ichki turizmni rivojlantirish masalasi ham muhim vazifa sifatida kun tartibidan o‘rin olgan. Bu orqali fuqarolarimiz oila a’zolari bilan yurtimizdagi tarixiy obidalarni ziyorat qilayotir.

Bugungi kunda turizmni jadal rivojlantirish borasidagi ishlar yangi ko‘lam kasb etdi. Prezidentimizning joriy yil 26 apreldagi “Respublikaning turizm salohiyatini jadal rivojlantirish hamda mahalliy va xorijiy turistlar sonini yanada oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori esa o‘z vaqtida qabul qilingani bilan ahamiyatlidir.

Xorijiy sayyohlarni jalb etishda qulay transport xizmati, xususan, aviaqatnovlar muntazamligini ta’minlash, arzon, sifatli va xavfsiz xizmat ko‘rsatilishiga erishish juda muhim. Shu bois, ushbu hujjatga muvofiq, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan birgalikda 2023 yil Davlat budjeti parametrlarida avtomobil yo‘llarini qurish-ta’mirlash ishlari uchun ko‘zda tutilgan mablag‘lar doirasida turizm va madaniy meros obyektlariga olib boruvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash ishlari amalga oshiradi.

Vazirlik bir hafta muddatda “Samarqand” xalqaro aeroportida joriy etilgan “Ochiq osmon” rejimi doirasida xorijiy aviakompaniyalar uchun reyslar va yo‘nalishlarga bo‘lgan cheklovlarni olib tashlaydi hamda “beshinchi havo erkinligi”ni qo‘llab, shuningdek, xorijiy davlatlarning aviatsiya ma’muriyatlari, chet el aviatashuvchilarini bu haqda belgilangan tartibda xabardor qiladi.

Shu bilan birga, 2023 yil 1 maydan “Uzbekistan Airports” AJ bilan birgalikda Farg‘ona, Namangan yoki Andijondan Buxoro, Samarqand, Termiz, Urganchga, shuningdek, Termiz– Nukus, Samarqand – Urganch, Buxoro – Urganch, Farg‘ona – Urganch kabi yo‘nalishlar bo‘yicha muntazam aviareyslarni yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkentdan Nukus, Urganch, Buxoro, Qarshi va Samarqandga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yib, amaldagidan ikki baravargacha arzon tariflarni joriy etadi. Yangi tashkil etilgan rezident aviakompaniyalarga xorijiy yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirish uchun kvotalarning ajratilishini ta’minlaydi.

Mazkur hujjat bilan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun respublika bo‘ylab sayohatlar tashkil etish maqsadida “Sayohat barcha uchun!” loyihasi amalga oshirilishi ham e’tiborga molikdir. Zero, ushbu loyiha doirasida 500 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar sayohati tashkil qilinib, dastlabki bosqichda Xorazm, Buxoro va Samarqand viloyatlarida 100 nafar surdo-gidlarni tayyorlash bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi.

Umuman olganda, ushbu hujjat Respublikaning turizm salohiyatidan to‘liq va samarali foydalanish, birinchi navbatda transport-logistika va turizm infratuzilmasidagi muammolarni tezkor hal etishga xizmat qiladi. Turizm sohasining salohiyatini bunday yuksalishi, shubhasiz, xalqimiz farovonligini yanada oshishiga zamin yaratadi.

Muxtor IBRAGIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining

Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    431
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+