Xitoy tajribasi asosida alohida dastur amalga oshiriladi

12.05.2023, 10:16

Xitoy tajribasi asosida alohida dastur  amalga oshiriladi

Odamlar ishli bo‘lsa, aholi jon boshiga daromad ko‘paysa, oilada tinchlik bo‘ladi. Mamlakatimizda keyingi yillarda aholini tadbirkorlikka jalb qilish va bandligini ta’minlash orqali ularning turmush darajasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani sababi ham shunda.

Xususan, ma’muriy islohotlar doirasida bu sohalarga mas’ul vazirlik tashkil etilib, barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratildi. Yurtimizda ilk bor minimal iste’mol xarajatlari qiymati joriy etildi.

Aholi bandligini ta’minlash uchun oilaviy tadbirkorlikka 15 trillion so‘m imtiyozli kredit va subsidiyalar, dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratildi. Shu davrda 300 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti tashkil qilinib, 20 mingta korxona faoliyati kengaytirildi. O’tgan yilning o‘zida 1 million nafar aholi kambag‘allikdan chiqarilgani bu boradagi amaliy ishlar natijasidir.

Bugungi kunda ayni maqsadga qaratilgan sa’y-harakatlar izchillik bilan davom etmoqda. Masalan,  shu yilning o‘tgan davrida jami 999,7 ming aholining doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish o‘rinlarida bandligi ta’minlandi. 111,8 ming nafar ishsiz fuqarolar korxona va tashkilotlardagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan bo‘lsa, ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan 10,2 ming nafar ehtiyojmand fuqarolar ish bilan ta’minlandi.

Shuningdek, 2023 yilda 15 ming nafar imkoniyati cheklangan nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash bo‘yicha alohida dastur ishlab chiqildi. Mazkur dastur asosida o‘tgan to‘rt oy davomida 5,0 ming nafar imkoniyati cheklangan nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligiga ko‘maklashildi.

Ushbu masalaga davlat siyosati darajasida katta e’tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ishsizlikni qisqartirish choralarini ko‘rish, yangi ish o‘rinlari ochish uchun sharoit yaratish davlatning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi. Shu sababli yangi Konstitutsiyamizda ham kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat o‘ziga majburiyatlar oldi.

Prezidentimiz 10 may kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishish chog‘ida bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish zarurligini, eng avvalo, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududlarda yangicha ishlashi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda salohiyatli tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlab, yangi ish o‘rni yaratishga rag‘batlantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun ular bilan malakali ishchi tayyorlash bo‘yicha shartnoma tuziladi. Ya’ni, korxonalarda ko‘plab “amaliy monomarkaz”lar tashkil qilinadi.

Davlat bunga zarur mablag‘lar ajratish bilan birga, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalar bo‘yicha yengilliklar beradi. Tadbirkor esa kambag‘al aholini daromadli ish bilan ta’minlaydi. Ushbu tizimni barcha tuman va shaharlarda joriy qilinishi aytish mumkinki, tez orada o‘z samarasini berishi aniq.

Mehnatkash xalqimiz uchun munosib mehnat qilish, yaxshi ish haqi olishi va farovon yashashi uchun sharoitlarni yaratish kechiktirib bo‘lmaydigan vazifa hisoblanadi. Shu bois, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun mamlakatimiz delegatsiyasi yaqinda Xitoyda bo‘lib qaytishdi.

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga u yerdan ekspertlar jalb qilindi. Endi Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha alohida dastur amalga oshiriladi. Bu borada kambag‘allik yuqori bo‘lgan tumanlarda yo‘l-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va o‘rta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Buning uchun albatta, zarur infratuzilma ham bo‘lishi kerak. Joriy yilda oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion so‘m kredit va 1,5 trillion so‘m subsidiyalar ajratilishi ayni muddao bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish bilan birga, ishsiz yoshlar, xotin-qizlarni bandligini ta’minlash, daromadini oshirishga xizmat qiladi.

Sir emaski, kambag‘allikni qisqartirish va bandlikni ta’minlash bo‘yicha 37 turdagi subsidiyalar mavjud. Lekin ularni ajratish shartlari oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, loyihaning o‘zini o‘zi oqlash muddatidan qat’iy nazar, barcha uchun deyarli bir xil. Demak, kredit va subsidiyalarni har bir kambag‘al oilaga alohida yondashuv asosida taqdim etish lozim. Bu orqali qanchadan-qancha oilalarni kambag‘allikdan chiqartirish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash mumkin.

Umuman olganda, yig‘ilishda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligini xalqchil tizimga aylantirish, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallaning o‘zida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildiki, bu aholini tayinli ishli qilish, ularning daromad manbaini oshirishga xizmat qiladi.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

 

  • Ko'rildi
    216
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+