Yangi O’zbekiston – kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlat bo‘ladi!

01.06.2023, 18:02

Yangi O’zbekiston – kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlat bo‘ladi!

Partiyamizdan O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatilgan nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturi haqida ma’ruza qilarkan, iqtisodiyot, xususan, sanoatni rivojlantirish borasidagi g‘oyat dolzarb vazifalarga ham e’tibor qaratdi.

Eng avvalo, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantiramiz, deb sohani yanada taraqqiy ettirishda amalga oshirilishi rejalashtirilgan maqsadlarni bayon etdiki, bu sanoatlashgan viloyatlardan bo‘lgan Toshkent viloyati sanoatchilarining ham quvonchiga sabab bo‘ldi.

Viloyatimiz sanoati rivojlangan hududlardan bo‘lib, bu yerda mamlakat rangli va qora metallurgiya sanoatining yetakchi korxonalaridan bo‘lgan “O’zbekiston metallurgiya kombinati” AJ hamda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ faoliyat olib borishadi.

Nomzodimiz o‘z saylovoldi dasturidan kelib chiquvchi ma’ruzasida ta’kidlab o‘tganidek, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish natijasida mehnat unumdorligi 2 barobar oshadi.

Shu maqsadda xorijiy hamkorlarimiz bilan birga umumiy qiymati 115 milliard dollar bo‘lgan yirik loyihalarni boshladik. Xususan, keyingi yillarda Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi, Ohangaron misni qayta ishlash klasteri, foforit xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi kabi strategik megaloyihalarning ishga tushirilishi g‘oyat quvonchli hodisa.

Negaki, mazkur korxonalarning ish boshlashi natijasida 2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin – 1,5 karra, kumush – 3 marta, uran – 3 barobarga oshiriladi. Tabiiyki, yangi ish o‘rinlari yaratiladi, aholining moddiy farovonligi ortadi.

Saylovoldi dasturda sanoat va iqtisodiyotning kelajagi – eksport ekaniga urg‘u berilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilishi va unga 1 milliard dollar ajratilishining zamirida ham uzoqni ko‘zlangan siyosat yotibdi.

Bir so‘z bilan aytganda, bugun nomzodimizning xalqchil tashabbuslari va konseptual g‘oyalari jamlangan saylovoldi dasturidan o‘rin olgan barcha muhim masalalarning ijobiy yechimini topib, ro‘yobga chiqarilishi albatta, o‘z samarasini berishi muqarrar!

Zotan, yurtboshimiz o‘zining ma’ruzasida g‘oyat o‘rinli ta’kidlaganidek, Yangi O’zbekiston, bu – global ishlab chiqarishning muhim va ajralmas bo‘g‘iniga aylangan, kuchli iqtisodiyotga ega bo‘lgan davlatdir!

To‘lqinjon Fayziyev,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari viloyat Kengashidagi

partiya deputatlik guruhi rahbari

  • Ko'rildi
    126
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+