Deputatlarning aholi bilan muloqotlarida muammolarga yechim topilmoqda

13.07.2023, 09:53

Deputatlarning aholi bilan muloqotlarida muammolarga yechim topilmoqda

Bugungi kunda aholi, xususan, saylovchilar bilan doimiy muloqot qilish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarni hal etish deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayev ham xalq bilan muloqot qilish, joylardagi mavjud muammolarni mahallabay, xonadonbay o‘rganish maqsadida Urgut tumanida bo‘ldi.

Deputat dastlab tumanning Dehqonobod mahallasida bo‘lib, davlat investitsiya dasturi asosida zamonaviy tipda qad rostlayotgan kiymati 4 milliard 600 million so‘m bo‘lgan 120 o‘rinli 30-davlat maktagacha ta’lim tashkilotida olib borilayotgan qurilish jarayonlari bilan tanishdi.

— Bizning ta’lim tashkilotimiz o‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan bo‘lib, 50 o‘ringa mo‘ljallangan. Ta’mirlash ishlari boshlanguniga qadar muassasada 100 dan ortiq bola tarbiyalanardi, — deydi 30-DMTT direktori Mavsuma Ahmedova. — Mana bugun davlatimiz tomonidan bolalarimiz uchun yangi va zamonaviy bino qurib berilyapti. Buni joriy yilning sentyabr oyigacha foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bundan, qishloq ahli, ota-onalarimiz ham juda mamnun.

Deputat N.Rizayev o‘rganshlar chog‘ida tumandagi 3400 nafar aholi istiqomat qilib kelayotgan Nisbot mahallasida ham bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi. Ularning yashash tarzi, sharoitlarini o‘rgandi.

Darvoqe, deputatning mazkur mahalla aholisi bilan avvalgi uchrashuvlarida fuqarolar bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish borasidagi murojaatlari asosida bevosita deputatning tashabbusi bilan Urgut tumanining Nisbot va Sariqtepa mahallalari hududidagi bo‘sh turgan 180 gektar yer maydoni kam ta’minlangan oilalar, ishsiz fuqarolarga vaqtincha ajratib berilgan edi. Ayni paytda ushbu ekin maydonlarida fuqarolar takroriy ekin ekib yerdan unumli foydalanishga erishdi. Bu bilan ularning bandligi ta’minlandi, real daromadga ega bo‘ladigan bo‘ldi.

— Urgut tumanining Nisbot va Sariqtepa mahallalari hududidagi bo‘sh turgan 180 gektar yer maydonidan xalqimiz foydalanishini so‘rab Oliy Majlis Konunchilik palatasi deputati Navro‘z Rizayevga murojaat qilgan edik, — deydi Nisbot MFY raisi Zayniddin Suyunov. — Mana bugun deputat va tuman hokimining aralashuvi bilan yerlar muhtoj oilalarga vaqtincha ajratib berildi. Ular bu yerlarga takroriy ekin ekib, sharoitlarini yaxshilab olishmoqda. Xalqimiz bundan juda mamnun.

Deputatning keyingi manzili tumanda bunyod etilayotgan Yangi O‘zbekiston massivi bo‘ldi. N.Rizayev massivda 900 o‘rinli maktabning qurilish jarayonlarini ko‘zdan kechirdi. Xalq dardi bilan yashash, ularni qiynab kelayotgan masalalarni joyiga chiqqan holda o‘rganish va hal etish bugun barcha darajadagi rahbarlar oldida turgan muhim va ustuvor masalalardan biriga aylangan. Bunday hayotbaxsh islohotlar zamirida xalqimizni har jihatdan farovon va to‘la-to‘kis baxtli xayot kechirishidek ezgu maqsad mujassamdir.

  • Ko'rildi
    1477
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+