Har bir kun bu – imkoniyat, har bir kun bu – kelajakka poydevor!

14.07.2023, 19:20

Har bir kun bu – imkoniyat, har bir kun bu – kelajakka poydevor!

Joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga muddatidan ilgari bo‘lib o‘tgan saylovda xalqimiz yana bir bor o‘zining siyosiy irodasini ko‘rsatdi. Xalqimiz tomonidan amaldagi Prezidentimizning olti yarim yildan buyon olib borayotgan siyosati qo‘llab-quvvatlandi va unga yana bir bor yuksak ishonch bildirildi.

Bugun bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida Prezidentlikka saylangan Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 108-moddasi va Saylov kodeksining 65-moddasiga asosan qasamyod qabul qildi va o‘z lavozimiga kirishdi.

Agar qasamyod matniga e’tibor qaratsak, unda shunday deyiladi: “O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”. Bu so‘zlar oddiygina so‘zlar emas, ular o‘ta mas’uliyat talab etadigan so‘zlar. Ular zamirida yaqindagina Referendum orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda davlatning uch marotabaga oshirilgan majburiyatlarini o‘z zimmasiga olish va fuqarolarimizning uch yarim martaga oshirilgan huquq va erkinliklarini kafolatlashdek ulkan zalvorli vazifalar yotibdi.

Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, tantanali marosimda Prezidentimiz parlament oldida turgan vazifalar va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan nutq so‘zladi.

Unda yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizga mos qonunlar qabul qilishni, amaldagilariga esa o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni tezlashtirish, inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlat qurish yo‘lida xalqimiz kutayotgan va davr talab qilayotgan yangi g‘oya va tashabbuslarni ilgari surish, har bir imkoniyatdan samarali foydalanish, tezkor bo‘lish va vaqtdan o‘zib ishlashga harakat qilish, pirovardda “Har bir kun bu – imkoniyat, har bir kun bu – kelajakka poydevor!” shiori mazmunini teran anglagan holda ishlash ustuvorlik kasb etishi zarurligi ta’kidlandi.

Donishmandlar aytganidek, “olg‘a yurishni istagan insonning eng katta dushmani – qo‘rquv, ikkilanish, shubha va gumondir”, dedi Prezident. Haqiqatan ham, oldimizga ulkan vazifalar qo‘yar ekanmiz, ularni ado etishda hech birimizda qo‘rquv, ikkilanish, shubha va gumonlar bo‘lmasligi kerak.

Prezidentimizning ushbu ta’birlari mening kelajakka yanada ishonchimni oshirishi barobarida parlamentda zimmamga yuklangan vazifalarni bajarishdagi mas’uliyatimni yana yuz chandon orttirdi.

Ishonchim komilki, barchamiz xalqimiz ishongan Prezidentimizga yelkadosh bo‘lib, Vatan va el-yurt manfaati yo‘lida yanada jipslashamiz va inson qadri ustuvor bo‘lgan jamiyat va xalqparvar davlatni birgalikda albatta quramiz!

Zafar XUDAYBЕRDIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi

  • Ko'rildi
    519
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+