Barcha soha va tarmoqlarda tizim o‘zgaradi

19.07.2023, 12:06

Barcha soha va tarmoqlarda tizim o‘zgaradi

Bugun jamiyatimiz katta islohotlar sari qadam qo‘ymoqda. Har bir sohada ulkan o‘zgarishlar, tub burilishlar hosil qilish uchun yangi saylangan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan katta rejalar va maqsadlar sari odimlashga qat’iy harakatlarni boshladik. Chunki vaqt, hayot bizni kutib turmaydi. Davrning o‘zi barchamizni tezkor bo‘lishga, kerak bo‘lsa, vaqtdan o‘zib ishlashga undamoqda. Endi barcha soha va tarmoqlarda tizim o‘zgaradi, vaziyat o‘zgaradi, shunga yarasha samaradorlik ham o‘zgaradi.

Bu haqida O’zbekiston Respublikasi Prezidentligiga yangi saylangan Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishishdagi tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida ham alohida ta’kidlagani bejiz emas. Chunki har bir berilgan kun – bu rivojlanish uchun bizga berilgan bir imkoniyatdir. Undan unumli foydalanishimiz, xalqning hayotini yaxshilash uchun berilgan va’dalarning bajarilishi ustida qat’iy turishimiz lozim.

Ma’lumki, Sh.Mirziyoyevning saylovoldi dasturida Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilganidek, jonajon O’zbekistonimizni millati, tili va dinidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz tinch va erkin, baxtli va farovon yashaydigan ijtimoiy davlatga aylantirishdek ulkan rejalar, vazifalar belgilangandi. Eng muhimi, ularni aholi yaxshi kutib olishdi va qo‘llab-quvvatlashdi. “Jumladan, ta’lim va tarbiya, sog‘liqni saqlash, ilm-fan, madaniyat va san’at, sport sohalarini rivojlantirish, yangi uy-joylar qurish, aholini ichimlik suvi, energiya bilan ishonchli ta’minlash, ijtimoiy infratuzilmalar ishini yaxshilash bo‘yicha belgilab olgan vazifalar ko‘pchilikka manzur bo‘ldi. Endi ularni bajarishga kirishilar ekan, dastavval, biz uchun Vatan ramzi bo‘lgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi bo‘g‘inga aylantiramiz”, — dedi yurtboshimiz.

Tadbirkorlik uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratib, yangi-yangi ish o‘rinlari ochish, aholi daromadlarini ko‘paytirish, yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning bandligini oshirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.

Aholining ehtiyojmand qatlamlari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi. Hech shubhasiz, biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan birga ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz.

Saylovoldi uchrashuvlarida milliy o‘zligimiz va ezgu qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash bo‘yicha belgilab olingan vazifalar esa keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshiriladi.

O’zbekiston fuqarolari dunyoning qaysi o‘lkasi yoki mintaqasida bo‘lmasin, qonunlarimiz himoyasida bo‘ladi. Chet eldagi vatandoshlarimiz bilan esa aloqalar yanada mustahkamlanadi. Bu yo‘lda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha mas’ullar bilan birgalikda, xalq vakillari – deputatlar ham astoydil mehnat qilishlari, odamlar orasida ko‘proq muloqotda bo‘lib, muammolarga yechim topish uchun muhim takliflarni berishimiz zarur bo‘ladi. Albatta, bu barchamizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklar ekan, endi oldingidanda ko‘proq mehnat qilishimiz lozim bo‘ladi.

Alisher RO’ZIYEV,
O’zLiDeP Surxondaryo viloyati Kengashi raisi,
Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    76
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+