Ijara munosabatlari yanada kengayadi

28.07.2023, 17:33

Ijara munosabatlari yanada kengayadi

Har bir inson yashashi, rizq topishi, farovon turmush kechirishi uchun yerdan unumli foydalanmog‘i lozim. Buning natijasi esa inson uchun ham, xalq va davlat uchun ham katta manfaat keltiradi.

Zero, yerdan samarali foydalanish va ularni muhofaza qilish, bunda barchaga teng imkoniyatlar yaratish hamda qonun ustuvorligini ta’minlash eng ustuvor  vazifalardan biridir. Boisi tiriklik manbai bo‘lib kelgan yerning har qarichidan oqilona foydalanish iqtisodiy barqarorlik kafolati, farovon hayotimizning mustahkam poydevoridir.

Keyingi yillarda yurtimizda yerga bo‘lgan munosabat tubdan o‘zgarib, sohada  sezilarli o‘zgarishlar bo‘ldi. Xususan, 2019 yildan yerga (qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan) xususiy mulkchilik joriy etildi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yerga bo‘lgan munosabatlarga taalluqli bir qator vakolatlari bekor qilindi.

Yerdan foydalanish sohasini raqamlashtirish borasida katta ishlar amalga oshirilgani tufayli sohada oshkoralik ta’minlandi. Eng muhimi, yerlarni iqtisodiy oborotga kiritish, ularni oldi-sotdi va garov ob’ektiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin yaratildi.

Shu bilan birga, mulkiy huquqlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, xususiy mulkka egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqlarni cheklayotgan omillarni bartaraf etish hamda mulkiy munosabatlarda bozor iqtisodiyoti tamoyillarini to‘liq joriy qilish bo‘yicha ham izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, yer uchastkalarini ajratishning barcha uchun teng, shaffof va bozor tamoyillariga asoslangan tartibini joriy etish, yerga oid mulkiy va huquqiy munosabatlarda barqarorlikni ta’minlash, yerlarni muhofaza qilish, yer egalarining mulkiy huquqlarini kafolatlashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Yangi O’zbekiston Taraqqiyot strategiyasida ham bevosita mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash, mulkiy, shu jumladan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni so‘zsiz ta’minlash masalasi o‘z ifodasini topgan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 68 moddasida esa yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni ta’minlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk bo‘lishi mumkin, deb belgilab qo‘yildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yaqinda bo‘lib o‘tgan majlisida ko‘rib chiqilgan “Yer to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasidan ham bu borada muhim yangiliklar o‘rin olgani e’tiborga molikdir.

Xususan, ushbu hujjat bilan O’zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi va O’zbekiston Respublikasining Yer kodeksi servitut shartnomasi, servitut ishtirokchilarining huquq va majburiyatlari, servitutni o‘zgartirish, bekor qilish, servitut uchun haq to‘lash, ommaviy servitutni belgilashga oid qoidalar bilan to‘ldirilmoqda.

Aytish joizki, mazkur qonun loyihasini  birinchi o‘qishda muhokama qilish chog‘ida deputatlar tomonidan bir qator takliflar, fikr-mulohazalar berilgan edi.

Hujjat loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlarning taklif va tavsiyalari asosida yer uchastkalari ijara munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari aniq belgilanib, o‘zganing ko‘chmas mulkidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) tartibi yanada takomillashtirildi.

Shu nuqtai nazardan aytganda, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bog‘liq munosabatlar huquqiy jihatdan tartibga solinishiga xizmat qiladi.

Botirbek TO’RAZODA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    291
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+