Markaziy Osiyo integratsiyasi barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun noyob imkoniyat

09.08.2023, 12:06

Markaziy Osiyo integratsiyasi barqaror taraqqiyotni ta’minlash uchun noyob imkoniyat

O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qo‘shnilar bilan do‘stona aloqalarni har tomonlama mustahkamlash va Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lida katta o‘zgarishlarga asos soldi.

Bu borada Prezidentimiz tashabbuslari oliy darajada qo‘llab-quvvatlangan holda, o‘tgan qisqa davrda Markaziy Osiyoda siyosiy muhit sezilarli darajada yaxshilanib, chinakam yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro ishonch ruhi shakllandi. Mintaqadagi ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik darajasi yangi bosqichga ko‘tarildi.

Keyingi yillarda savdo, sanoat, energetika, qishloq va suv xo‘jaligi, transport sohalarida va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda amaliy hamkorlik kengayib borayotir. O‘zbekistonning bugungi tashqi siyosati, xususan, yaxshi qo‘shnichilik va pragmatik mintaqaviy siyosati davlatning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, Markaziy Osiyoning barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qilyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning shu yil 4 avgust kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida o‘tgan uch tomonlama sammitda ishtirok etgani va muhim tashabbuslarni ilgari surgani o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ladi.

E’tiborlisi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan ushbu uchrashuv Markaziy Osiyo respublikalari o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Sababi keyingi yillarda mintaqa mamlakatlarining mushtarak ochiqlik, birdamlik va hamjihatlik siyosati o‘z natijasini berayotganini ko‘rib turibmiz. Masalan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, energetika va logistika sohalarida savdo amaliyotlari va kooperatsiya kelishuvlari karrasiga oshdi. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar ham kengaydi.

Davlatimiz rahbari o‘z nuqtida yangi xavf-xatarlarga e’tibor qaratib, ularga munosib va chuqur o‘ylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini ko‘rsatib o‘tdi. Bu mintaqada suv tanqisligi tobora ortib, keyingi yillarda keskin tus olayotgan sharoitda ayniqsa muhimdir.

Bu borada suv tejaydigan ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini to‘plash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.

Bu bejiz emas albatta. Chunki ushbu masalalarda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasining butun salohiyatini hamda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish g‘oyat muhim.

Yana bir muhim masala. Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida energetika sohasida, shu jumladan energiya resurslarini yetkazib berish va ularning tranziti borasida yaqin, samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois, sammitda mamlakatlarimizning “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga intilishi mushtarak ekanini hisobga olib, gidro va issiqlik energetikasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron” yo‘lagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yo‘nalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning “Sharq – G‘arb” va “Shimol – Janub” xalqaro yo‘laklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishiga ishonch bildirildi. Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-o‘tkazish maskanlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yo‘lida birgalikda ishlash taklif qilindi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron” integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Bu Markaziy Osiyoning xalqaro yo‘laklarning tranzit markazi sifatida jozibadorligini oshiradi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta’minlashga qaratilgan tashabbuslarni bundan buyon ham ilgari surish niyatida ekanini ta’kidlagani ham e’tiborga molik.

Bu kabi uchrashuvlarning o‘tkazilishi suvni tejovchi ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiyalash, suv xo‘jaligi jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarni yig‘ish va saqlash infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilishi aniq.

Zero, ushbu uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — o‘zaro hamkorlikni tizimlashtirish va birgalikdagi sa’y-harakatlar vositasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalarni ularga hamma uchun maqbul bo‘lgan holdagi shakl va mazmunda birlashtirishdan iborat.

O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlarining uch tomonlama sammiti mavjud tajribani umumlashtirish va kelgusi hamkorlikning rejalarini belgilash, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida barqaror taraqqiyotni ta’minlashda birlashtiruvchi, yaratuvchi kuch va birgalikdagi qat’iyatni ko‘rsatish uchun noyob imkoniyat bo‘ldi.

Ishonchim komilki, ushbu uchrashuv Markaziy Osiyo mintaqasi salohiyatini mustahkamlash va Yevroosiyo qit’asining boshqa mintaqalari bilan o‘zaro bog‘liqligini kengaytirish uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yangi loyihalar ishlab chiqilishiga hamda mavjud umumiy loyihalar amalga oshirilishini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

  • Ko'rildi
    157
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+