O‘zgarishlar odamlarning kundalik hayotida aks etmoqda

16.08.2023, 17:18

O‘zgarishlar odamlarning kundalik hayotida aks etmoqda

Buxoro — O‘zbekistonning eng qadimiy shaharlaridan biri hisoblanadi. Uning har bir ko‘chayu xiyoboni, bog‘iyu maydoni, har bir go‘shasida olis o‘tmishning aks-sadosi, qoldirgan izi bor. Ko‘kka bo‘y cho‘zgan minoralar, obidayu qadamjolar, osoru antiqalar inson aql-zakovatini namoyish qiladi.

Qariyb o‘ttiz asrlik tarixga ega shahar bugun ham dunyo xalqlari tomonidan izzat-ikrom, hurmat va ehtirom ila tilga olinadi. Sharq gavhari, jahon mo‘jizasi, nurli shahar, O‘rta Osiyo durdonasi, Osiyo javohiri nomlari bilan yanada shuhrat topib, boy o‘tmishi va shonli kelajagi bilan boqiy yashamoqda.

Keyingi yillarda esa ma’rifat va ma’naviyat beshigi sanalgan Buxoroda bunyodkorlik, yaratuvchanlik yumushlari yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. O‘tgan davrda viloyatda ko‘plab sohalarda yuksalishga erishildi. Zamonaviy korxonalar ishga tushib, shaharu qishloqlar obod bo‘ldi.

Odamlarni yillar davomida o‘ylantirib kelgan yo‘llar, ichimlik suv, elektr energiyasi bilan bog‘liq masalalar yechildi. Shaharliklar ham orzu qiladigan bog‘cha, maktab, mahalla binolari, yangi-yangi korxonalar qurildi. Aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, ijtimoiy muammolarni adolatli hal etish, odamlarning farovon yashashi, orzu-istaklariga yetishishi uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Insonni e’zozlash, uning hayotiy manfaatlari, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish maqsadida katta-katta marralarni ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi aholini farovonlikka, taraqqiyot sari dadil yetaklab boryapti. Bunday o‘zgarishlarni ko‘rib, o‘n yillab hal bo‘lmagan masalalarni, mana, qisqa fursatda hal qilsa bo‘lar ekan-ku, deysiz.

Ayniqsa, shahar va tumanlar yanada obod va ko‘rkam maskanlarga, chinakam islohotlar maydoniga aylangan. Prezidentimizning viloyatga tashrifi chog‘ida amalga oshiriladigan har bir islohot, avvalo, inson qadr-qimmati, sha’nini yanada yuksaltirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Birgina viloyatda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida shu yilning yanvar-iyun oylari davomida to‘rtta tuman ishsizlikdan holi hududga aylantirildi. Jami viloyat bo‘yicha 472 mahalla ishsizlikdan holi mahalla toifasiga o‘tkazildi. O‘zingiz ayting, bir necha yil oldin bunday natijalarni tasavvur qilish mumkinmidi? Yo‘q, albatta. Bu ulkan evrilishlar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xalqchil siyosati bilan bog‘liq.

Davlatimiz rahbarining 10-11 avgust kunlari Buxoro viloyatiga navbatdagi tashrifi ham buxoroliklar hayotida yangi sahifalar ochishiga ishonamiz. Zero, uzoq kutilgan tashrif hudud ahlining kayfiyatini yanada ko‘tardi, ularni faollikka chorladi, yangi marralar sari ruhlantirdi, ta’bir joiz bo‘lsa, harakatga keltirdi. Ayniqsa, safar chog‘ida belgilab berilgan ustuvor vazifalar viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, xalqimizni rozi qilishga qaratilgani bilan diqqatga sazovor.

Yangi O‘zbekistondagi yangi yo‘nalish

Ilgari bir tadbirkor ish boshlasa, uning faoliyatiga aralashib, huda-behuda tekshiruvi bilan to‘siq qo‘yadiganlardan ko‘pi bo‘lmasdi. Mahsulot ishlab chiqarish, unga bozor topish, yangi ish o‘rni yaratish – bari katta mashaqqat, bu yoqda tadbirkorga yordam berish o‘rniga uning ishiga xalal qilish, albatta, rivojlanish yo‘lidagi to‘siq edi.

2016 yildan boshlab mamlakatimizda tadbirkorlarga munosabat tubdan o‘zgardi. Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, erkin va samarali faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratildi. Sohani rivojlantirishga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilib, keyingi yetti yilda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan aniq manzilli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Prezidentimiz rahbarligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, yaratilayotgan qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi subyektlar keskin ko‘payib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirdi. Hozir nafaqat viloyat markazlarida, balki chekka-chekka hududlarda ham zamonaviy korxonalar qad rostlab, aholi bandligini ta’minlash va ularning daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.

Yetti yil oldin boshlangan bu boradagi amaliy ishlar samarasi bugun mamlakatda tadbirkorlikning taraqqiy etib borayotgani, yangi-yangi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgani, aholining salmoqli qismi shu sohada mehnat qilayotganida namoyon bo‘layotir. Bu yangilanishlar orzu-havasli insonlar yaxshilikka intilib yashashi uchun emasmi?!

Kogon tumanidagi “Siyovush tekstil” korxonasi ham shunday majmualardan biri sanaladi. Ilgari bu yer unumsiz, bo‘sh turgan maydon edi. Tadbirkorlarga sharoit yaratish maqsadida hudud “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasiga kiritildi. Zarur infratuzilma barpo etilgach, bu yerda sanoat rivojlandi.

“Siyovush tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 36 million dollarlik loyihasi o‘tgan oyda ishga tushdi. Unda yiliga 40 ming tonna akril ip-kalava yigirish quvvati hamda 600 ish o‘rni yaratildi. Hech shubhasiz, bu Yangi O‘zbekistondagi yangi yo‘nalishdir.

Sir emaski, keyingi yillarda yurtimizda to‘qimachilik sanoati ham rivojlanyapti. Agar korxonalar qo‘shilgan qiymat yaratib, daromadini oshiraman desa, qisman akril ishlatishiga to‘g‘ri keladi. Undan tayyorlangan mahsulot qiymati 5 barobar oshadi. Bu — manfaatdorlik, barqarorlik, odamlarga ish o‘rni, degani.

Korxonada loyihaning birinchi bosqichi ish boshlagan. Ayni paytda xorijlik hamkorlar bilan korxona faoliyatini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda. Rejaga ko‘ra, keyingi bosqichda akril tola hamda undan tayyor mahsulot ishlab chiqarish to‘liq mahalliylashtiriladi. Natijada jami ish o‘rni soni 1 ming 200 taga yetadi.

Eng muhimi, erishilgan yutuqlar bilan chegaralanib qolayotganimiz yo‘q. Ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha samaradorligi tan olingan, chuqur o‘ylangan chora-tadbirlar tizimli va uzluksiz davom etyapti. Keyingi yillarda hududda bunday korxonalar soni tobora ortib borayotgani yurtimizda sohaga qaratilayotgan katta e’tiborning yuksak namunasi, desak ayni haqiqat.

«Qahramon» mahallasidagi katta o‘zgarishlar

Mahalla — jamiyatda tinchlik-totuvlik, o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, oilalar jipsligini ta’minlash, aholining kundalik muammolarini hal etishda xalqimizga eng yaqin ijtimoiy tuzilma sanaladi.

Keyingi yillarda o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan bu idoraning nufuzini oshirish, uni chinakam xalq vijdoniga aylantirish, huquq va vakolatlarini kengaytirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi hamda profilaktika inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu islohotlar mahallalarda tadbirkorlik rivojlanib, yangi ish o‘rinlari, doimiy daromad manbalari yaratilayotgani, barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhit mustahkamlanib, jinoyatchilik kamayib borayotganida namoyon bo‘layotir.

O‘tgan davrda mahallalarni obod qilish, ularning ijtimoiy infratuzilmasini yaxshilash, aholi daromad manbaini ko‘paytirish borasida olib borilgan sa’y-harakatlar bugun xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilyapti. Bu borada Buxoro viloyatida ham salmoqli ishlar qilindiki, bularning barchasini odamlar o‘z hayotida sezmoqda, his etmoqda.

Romitan tumanidagi Qahramon mahallasida 3 ming 900 nafarga yaqin aholi yashaydi. Hunarmandlik va issiqxona xo‘jaligi mahallaning drayveri hisoblanadi. Chunki 200 gektar maydondagi issiqxonalarda bozorbop sabzavotlar yetishtirib sotiladi. Shuningdek, bu yerda mebelsozlik, tikuvchilik, zardo‘zlik yaxshi rivojlangan.

Mahallada o‘ndan ortiq savdo do‘koni, tikuvchilik ustaxonalari, mehmonxona va restoranlar bor. Ularda mahalliy yoshlar ishlab, daromad topmoqda. Umuman aytganda, mahallada ishsiz odam yo‘q, o‘tgan davrda bironta jinoyat sodir etilmagan.

“Obod mahalla” dasturi asosida infratuzilma yaxshilangan. Xususan, ichki yo‘llar asfaltlanib, piyodalar yo‘laklari qurilgan. Transformator o‘rnatilib, elektr tarmoqlari yangilangan. Aytish mumkinki, bugun viloyatda har bitta mahallada ana shunday o‘zgarishlar, yangilanishlar ro‘y berayotir.

Barcha hududlarda mahalla guzari, do‘kon, kutubxona, bolalar maydonchalari barpo etilyapti. Odamlar mehnat qilib, daromad topishi, har bir kunidan, hayotdan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinmoqda. Ayting, bularning hammasi kim uchun qilinmoqda, bu imkoniyatlar kim uchun yaratilmoqda? Albatta, har bir insonning qayerda yashashi va ishlashidan qat’i nazar, qadr topishi, farovon yashashi, murod-maqsadiga yetishi uchundir.

73 ming gektar maydonning ijara muddati 30 yilga uzaytiriladi

Bugungi kunda Buxoro viloyatida aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, tomorqalardan yiliga ikki-uch marotabagacha hosil olish uchun katta imkoniyatlar bor. Bu orqali qancha odam ishli bo‘ladi, oilalarga daromad, baraka kiradi. Eng muhimi, bozorlarda to‘kin-sochinlik bo‘ladi, narx-navo barqarorligi ta’minlanadi. Ming-minglab yoshlar ishli bo‘lib, daromad manbaiga ega bo‘ladi.

Sir emaski, bu yilgi qahraton qish va yozdagi o‘ta issiq kunlar sinovli bo‘ldi. Shu bois, kelayotgan qishga hozirdanoq tayyorlanish, buning uchun yetarli oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish zarur. O‘tgan yillarda paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholiga dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratilgani oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirishda muhim omil bo‘ldi.

Quvonarlisi, bu orqali 700 ming nafar aholi doimiy, yana 1 million 300 ming nafari mavsumiy ish bilan ta’minlandi. 605 ming nafar dehqonning daromadi oshdi. Kartoshka, piyoz, sabzi bilan o‘zini o‘zi ta’minlaydigan tumanlar ko‘paydi. Lekin bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish lozim.

Boisi ayni chog‘da bir qator tuman va shaharlar sabzavotlar, go‘sht va tuxumni boshqa hududlardan olib kelmoqda. Buning sababi ajratilgan yerlardan foydalanish to‘g‘ri tashkil qilinmayotgani bilan bog‘liq. Tashrif chog‘ida Buxoro shahrida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ushbu masalaga alohida e’tibor qaratildi va bu borada yangi tashabbuslar ilgari surildi.

Endi dastlabki bosqichda 10 yil muddatga ajratilgan 73 ming gektar maydonning ijara muddatlari 30 yilga uzaytirib beriladi. Bu mirishkorlarimiz uchun katta imkoniyat bo‘lib, bu davrda ular yerdan samarali foydalanish bilan birga, yoshlar bandligini ta’minlaydi. Bo‘sh turgan 100 ming gektar yaylovlarni chorvasi bor aholi kamida 10 gektardan 10 yil muddatga ijaraga olishiga ruxsat berilishi ham ayni muddao bo‘ldi. “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan ehtiyojmand aholiga yerlarni berishda ular yer uchun barcha to‘lovlardan ozod qilinishi ham eng to‘g‘ri va oqilona qaror bo‘ldi.

Shuningdek, talabgor topilmagan maydonlarni suvli va aholiga yaqin yerlarga almashtirish, yangi ekin joylarini ochiq-oshkora savdoga chiqarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildiki, bular hisobiga 1 million tonna mahsulot yetishtirib, qo‘shimcha 800 ming aholini daromadli qilish mumkin.

Dala chetlarida uzum, kadi, qovun, tarvuz va sabzavot ekib, qo‘shimcha 220 ming tonna mahsulot yetishtirish, 600 ming bosh parranda va 300 ming dona asalari oilasini boqish bo‘yicha dastur ijrosi ko‘rib chiqildi. Narxlarni jilovlash takroriy ekinlarni ko‘paytirish va mahsulot hajmini oshirish orqali bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

So‘nggi yillarda issiqxonalar maydoni 3 barobarga ko‘payib, ularda yetishtirilayotgan mahsulotlar hajmi 90 ming tonnadan 300 ming tonnaga ko‘paygan. Ularda 150 ming aholi yuqori daromadli ish bilan band. Kuz-qish mavsumida issiqxonalarga yoqilg‘i mahsulotlarini uzluksiz yetkazib berish, zarur bo‘lsa, buning xaridi uchun kreditlar ajratish muhimligi qayd etildi. Bu esa aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, narx-navo barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Turizm — asosiy daromad manbaiga aylanmoqda

Keyingi yillarda ko‘hna va boqiy Buxoroning turizm salohiyatini yanada yuksaltirish, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish, turistik yo‘nalishlarni ko‘paytirish, xizmat ko‘rsatish va servis xizmatlarini takomillashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buni Buxoroga kelayotgan sayyohlar oqimi yildan yilga oshayotganida ko‘rish mumkin. Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2021 yilda xorijiy sayyohlar soni 30 ming 800 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yilda bu ko‘rsatgich 550 ming nafarga yetgan. Joriy yilning dastlabki choragida boqiy Buxoroni ko‘rish istagida kelgan chet ellik sayyohlar soni 400 mingtani tashkil etmoqda.

Qadimiy kent o‘ziga xos jozibasi bilan mehmonlarni maftun etadi. Chunki ko‘p ming yillik bu tarixiy evrilishlar davrini bosib o‘tgan shaharning takrorlanmas me’moriy obidalarida o‘zgacha sehr, mahobat bor. Labi hovuz, Ark qo‘rg‘oni, Nodir devonbegi madrasasi, Somoniylar maqbarasi, yana boshqa obidalar dizayni, sharqona go‘zalligi bilan sayyohlarning qiziqishini oshiradi.

Mahalliy sayyohlar misolida olsak, 2021 yilda 1 million 405 ming, 2022 yilda 2 million 700 mingdan ortiq mehmon Buxoroga tashrif buyurgan. Shu yilning aprel holatida esa bu ko‘rsatgich 1 million 200 ming kishini tashkil etgan.

Ko‘hna va boqiy Buxoroning iqtisodiyoti o‘sishi uchun xizmat qiladigan asosiy yo‘nalishlardan biri bu xizmatlar ko‘rsatish servis sohasi hisoblanadi. Buxoro shahriga 2022 yilda 3,5 million mahalliy va xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lsa, joriy yil yakuniga qadar bu ko‘rsatkichni 5 milliondan oshirish kutilmoqda.

Betakror tarixiy obidalari, ulkan turizm salohiyati bilan xorijliklarni tobora o‘ziga jalb etayotgan qadimiy kentda kelgusida sayyohlar oqimi yanada oshishi, shubhasiz.

Tashrif davomida Buxoro shahrini rivojlantirish loyihasi ko‘rib chiqilib, uning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini yaxshilash va sayyohlar uchun sharoitlarni kengaytirish lozimligi ta’kidlandi. To‘dako‘l suv omborining g‘arbiy hududi esa Buxoro viloyatiga o‘tkazilib, dam olish turizmi tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu loyiha o‘z navbatida, mahalliy va xorijiy sayyohlarda birdek qiziqish uyg‘otadi va viloyatga sayyohlar oqmini yanada kengaytiradi.

Mubolag‘asiz aytish mumkinki, bugun uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan pragmatik xalqchil siyosat tufayli odamlar yelkasidan tashvish, muammolar tog‘i ag‘darilmoqda, ko‘ngillarga cho‘kkan qorong‘u pardalar sidirib tashlanmoqda. Odamlarga orzu-havaslar qaytmoqda, faxr-iftixor qaytmoqda, shodlik qaytmoqda. Tashrif chog‘ida belgilab berilgan vazifalar ijrosi hududning beqiyos imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, turmush sharoitini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining Buxoroga tashrifi, vohada amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar viloyat aholisiga yanada rag‘bat, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Yangi loyihalarni hayotga tatbiq etilishiga ko‘maklashish O‘zLiDeP faollari va uning parlamentdagi fraksiya a’zolari zimmasiga mas’uliyatli vazifalar yuklaydi. Istiqbolli vazifalar ijrosini ta’minlashda biz deputatlar bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etamiz.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikeri o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    185
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+