Prezidentimizning ishbilarmonlar bilan muloqoti tadbirkorlikning yangi davrini boshlab bermoqda

21.08.2023, 09:48

Prezidentimizning ishbilarmonlar  bilan muloqoti tadbirkorlikning yangi davrini boshlab bermoqda

Keyingi yetti yilda  Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tadbirkorlarga  mamlakatimiz tarixida misli ko‘rilmagan yengilliklar, erkinliklar berildi.  “Tadbirkor yo‘liga to‘siq bo‘lish –davlat siyosatiga xiyonat qilish demak”,  “Men o‘z mablag‘i, tashkilotchiligi bilan hech bo‘lmaganda 2-3 ta ish o‘rni yaratgan tadbirkorni boshimga ko‘tarishga tayyorman”... Prezidentimizning tadbirkorlarga xayrixohligi, g‘amxo‘rligi aks etgan shu va boshqa talay so‘zlari hayotimizga ko‘chdi. Bu sohani rivojlantirishga qaratilgan 20 dan ziyod qonun, 100 dan ortiq farmon va qarorlar qabul qilindi. Biznes yuritishga doir  114 ta litsenziya va ruxsatnoma bekor qilindi, 33 ta faoliyat turi xabardor qilish tartibiga o‘tkazildi. Ruxsatnomalarni rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilib, muddatlari o‘rtacha 2 baravarga qisqartirildi. Ortiqcha tekshirishlar, naqd pul, valyuta va xomashyo bo‘yicha ko‘plab cheklovlarga barham berildi.

Shuningdek, Biznes ombudsman, Bosh vazir qabulxonalari singari tadbirkorlar bilan ishlaydigan, ularning haq-huquqlari va manfaatlarini himoya qiladigan butunlay yangi institutlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bunday qulaylik va imkoniyatlar natijasida yangi sub’ektlar keskin ko‘payib, avvaldan ishlayotganlari faoliyatini kengaytirmoqda. Bugunga kelib,  tadbirkorlar soni qariyb 3 baravar oshdi va deyarli 700 mingga yetdi. Ichki va tashqi bozorda o‘z nufuzi va brendiga ega tadbirkorlar sinfi shakllana boshladi.

E’tiborlisi, mamlakatimizda har yili yaratilayotgan ish o‘rinlarining 90 foizi xususiy sektor hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Hozirgi kunda ushbu tarmoqda 5 milliondan ziyod aholi, ayniqsa, yoshlarimiz mehnat qilayotgani xususiy biznesning nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni ham ortib borayotganini ko‘rsatadi. Umuman olganda ham  tadbirkorlik – qariyb barcha sohalar lokomotivi, degan gapda hech bir mubolag‘a yo‘q.

Respublikamizda 20 avgustning Tadbirkorlar kuni etib belgilanishi, shu sana munosabati bilan davlatimiz rahbarining ishbilarmonlar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishi  ham ishbilarmonlarga bildirilayotgan yuksak ishonch, hurmat-e’tibor timsolidir.  

18 avgust kuni Prezidentimizning  tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida – xayrli, yaxshi an’anaga aylangan uchrashuvda qatnashish uchun Xalqaro kongress markazi tomon yo‘l olar ekanman, ana shu ulkan ijobiy o‘zgarishlarni, yurtimizda ishbilarmonlik muhitining yuqori darajaga ko‘tarilganini yana bir karra  xayoldan o‘tkazdim.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari faol tadbirkorlarga yuksak davlat mukofotlarini topshirdi. Bunday e’tibor va rag‘bat jamiyatimizda tadbirkorlarning mavqeini yanada yuksaltiradi, davlat idoralarining munosabatini yaxshilaydi,  ishbilarmonlikka qiziqish, ishtiyoqni kuchaytiradi.

 Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalar to‘g‘risidagi nutqi esa mamlakatimizda biznes muhitini yaxshilash borasida erishilgan natijalar bilan qanoatlanib qolmayotganimizni, tadbirkorlarga avvalgidan-da qulayroq shart-sharoit yaratilishini bildirishi bilan g‘oyat ahamiyatlidir.

Mamlakatimizda tadbirkorlik yanada keng quloch yozishidan barcha manfaatdor, desam yanglishmayman.  Shu bois mazkur nutqni, unda bayon qilingan yangi yengilliklar, imtiyozlarni nafaqat tadbirkorlar, balki butun xalqimiz mamnuniyat bilan qarshi oldi, deyishga haqlimiz. 

Masalan, Yurtboshimiz tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha qilib berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor va biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratilishini qayd etdi. Bunday yondashuv biznes rivoji uchun juda katta turtki beradi. Chunki shu paytgacha bu boradagi sa’y-harakatlar birmuncha tarqoq, samaradorligi talab darajasida emas edi. 

Partiyamizga, parlament quyi palatasidagi fraksiyamizga, xizmat safarlarida yurganimda shaxsan menga  tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati banklardan kredit olishdagi qiyinchiliklar to‘g‘risida. Endilikda mazkur muammoga oddiy, ayni paytda juda samarador yechim topilyapti:  tadbirkor ko‘p daromad topishidan bank manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi. Bu oqilona tadbir O’zbekistonni tadbirkorlar mamlakatiga aylantiradi. 

Shu bilan birga o‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi. Biznes bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz bu juda katta yengillik ekanini yaxshi biladilar, binobarin,  bu yangilik ularni g‘oyat sevintirgani shubhasiz. 

 Soliq tizimi tubdan isloh qilinib, soliq idoralari xodimlarining yondashuvlari butunlay o‘zgartirilishi ham ta’kidlandi.

Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi. Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab reytingi yuqori korxonalar  barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi,  ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi. 

Tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarurligi qayd etildi. Shu nuqtai-nazardan uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli me’yorlar belgilanadi. Ya’ni, endilikda soliq idoralari tadbirkorlarni qattiq nazorat qiluvchi, jazolovchi organ emas, aksincha, ishbilarmonlarni tushunuvchi, ularga madad beruvchi organga aylanyaptiki, bundan ruhlanmaslik mumkin emas.   

 Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlar olib tashlanadi.  Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga kamaytiriladi. Bundan tashqari, soliq yoki kredit qarzini undirish bo‘yicha sud qarori chiqarilganda, penya va foizlar hisoblash to‘xtatiladi. Bulardan tashqari Prezidentimiz  yana  ko‘plab yengilliklar, yangi shart-sharoitlarni tilga oldi.

Bu o‘zgarishlar, yangiliklar, xalqona aytganda, tadbirkorlar davri keldi, qandingni ur, tadbirkor, degani emasmi?

Zikr etilgan islohotlar, yuqorida aytganimizdek, nainki tadbirkorlik, balki butun mamlakatimiz rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, aholini sifatli mahsulotlar bilan ta’minlash, yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni ko‘paytirish, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish, yangi ish o‘rinlari yaratish masalalarida asosiy rol o‘ynayotgan tadbirkorlik  rivojlansa, albatta,  boshqa sohalar ham gullab-yashnaydi. Bu haqiqatni yuksak rivojlangan mamlakatlar tajribasi ham tasdiqlayapti.

Pirovardida shuni aytishni istardikki, mazkur yangilanishlar o‘z-o‘zidan, silliqina hayotimizdan o‘rin olmaydi. Binobarin, partiyamiz faollari  yangi tartib-taomillar joriy qilinishini yoqlovchi keng miqyosli targ‘ibot ishlarini olib boradilar. Bu borada izchil deputatlik va jamoatchilik nazoratini  yo‘lga qo‘yib, yangilanishlar ro‘yobga chiqishiga munosib hissa qo‘shadilar.

 Aktam Xaitov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari – O’zLiDeP fraksiyasi rahbari

  • Ko'rildi
    95
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+