Yangi O’zbekistonni barpo etishda azm-u shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz!

21.08.2023, 15:10

Yangi O’zbekistonni barpo etishda azm-u shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz!

Ma’lumki, tarixda bironta xalq, biron-bir millat o‘z mustaqilligini hech qachon osonlik bilan qo‘lga kiritmagan. Shu bilan birga, istiqlolga erishish va uning ne’matlaridan foydalanish bir kun va hatto, bir necha yil davomida amalga oshmagan. O’z yurtining ozodligi va xalqining baxt-soadati uchun hayot-mamot janglarida jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning muqaddas nomlarini g‘urur bilan tilga olamiz. To‘maris, Shiroq, Spitamen, Najmiddin Kubro, Temur Malik, Jaloliddin Manguberdi, Mahmud Tarobiy, Amir Temurlar bosqinchilarga qarshi ozodlik uchun kurash olib bordilar va avlodlar xotirasida abadiy saqlanib qoldilar.

Bugungi kunda O’zbekiston aholisi umumiy sonining 60 foizidan ortig‘ini – mutaqillik farzandlari bo‘lmish shijoatli, hurfikr qariyb 18 million yosh fuqarolar tashkil etmoqda. Shu bois, yoshlar masalalari davlat siyosatida strategik ahamiyat kasb etadi. Yoshlar ta’limi va tarbiyasi, kadrlar tayyorlash hamda o‘g‘il-qizlarimizni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs sifatida kamol toptirish o‘ttiz bir yillik tariximizda tizimli ravishda takomillashtirilib kelinmoqda.

Xususan, oxirgi 7 yilda yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 50 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. Mustaqillik yillaridan boshlab O’zbekistonda yoshlar tashkiloti o‘z faoliyatini olib bormoqda. Yosh avlod vakillarining ijtimoiy harakati o‘z atrofida millionlab faol yoshlarni birlashtira oldi.

Qayd etish joizki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahbarligining ilk kunlaridan yoshlar siyosatida ham yangicha yondashuv va munosabatni ilgari surdilar. Bu yo‘nalishga eng ustuvor ahamiyat qaratib, birinchi imzolagan hujjatlari ham “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun bo‘ldi.

Mazkur qonunda O’zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilab beruvchi ijtimoy, iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar o‘z aksini topdi.  Yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi har bir subektning vakolatlari aniq belgilandi.

Shu bilan bir qatorda, O’zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatini
2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi, 2019-2023 yillarga mo‘ljallangan “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasi, 2020-2025-yillarga mo‘ljallangan Kitobxonlikni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dastur” doirasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar esa, yoshlar masalalari va ularni qiynayotgan muammolarni bevosita davlat darajasida ko‘rib chiqish va hal etish imkonini ta’minlamoqda.

Ta’kidlash joizki, bugungi zamonaviy tendensiyalar yosh avlodning  hayotiy va axloqiy qadriyatlariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Mazkur vaziyatda yoshlarni taraqqiyot ishtirokchisi qilish orqali ularda islohotlar mohiyatini tushunish, imkoniyatlarni qadrlash hissini shakllantirishimiz mumkin.

Prezidentimiz ham yoshlar bugungi islohotlarning kuzatuvchisi emas, talaba, yosh olim, davlat xizmatchisi, tadbirkor, sportchi sifatida ularning ishtirokchisi bo‘lishlarini hamda yoshlarga oid davlat siyosatini ro‘yobga chiqarishda faol ishtirok etishini ta’minlashga e’tibor qaratmoqdalar. Zero, “Biz Yangi O’zbekistonni barpo etishda azm-u shijoatli yoshlarimizni xalqimizning chinakam tayanchi va suyanchi, deb bilamiz!”

Otabek Sobitov,

O’zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi bo‘lim mudiri,

Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisi o‘rinbosari

  • Ko'rildi
    181
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+