Sanoat ipotekasi investitsiya muhitini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

22.08.2023, 12:13

Sanoat ipotekasi investitsiya muhitini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi

“O’zbekiston – 2030” strategiyasining 2023 yilga mo‘ljallangan amaliy tadbirlar rejasida sanoat ipotekasi tizimini joriy etish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilish, unda tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida bino berish mexanizmlarini, sanoat ipotekasini amaliyotga joriy etish hamda ularning asosiy shartlari va yo‘nalishlarini inobatga olish nazarda tutilmoqda. Shu o‘rinda sanoat ipotekasi nima, degan savol tug‘ilishi tabiiy.

Sanoat ipotekasi, deganda tijorat banklari tomonidan tadbirkorlarga “Tayyor biznes” shaklida bino-inshootlarni uzoq muddatli kredit asosida sotib olish taklifi o‘sha binonining o‘zini garovga olgan holda taqdim etilishi tushuniladi. Bu tizim sanoatni rivojlantirish bilan bir qatorda tadbirkorlik faoliyatini faol rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Sanoat ipotekasini yo‘lga qo‘yish tashabbusini davlatimiz rahbari 2022 yil 7 noyabrda mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan yig‘ilishida ilgari surgan edi. Shu maqsadda mutasaddilar oldiga qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilar bu yo‘nalishda dastur ishlab chiqish, birinchi bosqichda 7 yildan kam bo‘lmagan muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 50 mln. AQSh dollari yo‘naltirish, shuningdek Nukus, Buloqboshi, Qorovulbozor, Forish, Chust, Paxtachi, Sariosiyo va O’zbekiston tumanlarida qurilish materiallari industrial zonalarini barpo etish vazifasi qo‘yilgan. 

Faoliyati ishlab chiqarish bilan bog‘liq tadbirkorlar uchun o‘z ishini zarur infratuzilmaga ega bino-inshootlarda yo‘lga qo‘yish ayniqsa, iqtisodiy jihatdan juda muhim. Bunday imkoniyatga ega bo‘lmaganlar ishni tayyor bino-inshootlarni ijaraga olgan holda boshlashi tabiiy. Bu mahsulot tannarxiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Bundan tashqari, o‘zgarib turadigan ijara xarajatlari, o‘ziga tegishli bo‘lmagan bino-inshoot va infratuzilma ob’ektlarini ta’mirlash majburiyati hamda saqlash xarajatlari, qisqasi, ijaraga beruvchining barcha talablariga ko‘nib ishlash oson emas. Aks holda, tadbirkor oldida boshqa ma’qul joy izlab topish, uskuna va jihozlarni ko‘chirib qaytadan o‘rnatish, bu orada raqobatchilarga o‘tib ketgan mijozlar ishonchini qayta qozonish, xodimlar o‘rnini to‘ldirish kabi yanada murakkab muammolar paydo bo‘lishi mumkin.

Bu qiyinchilarga uchramaslik maqsadida ayrim tadbirkorlar ijaraga beruvchining xufyona shartlariga ham ko‘nadi. Ayrimlari biznes-rejasida qurilish xarajatlari nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, uskuna va jihozlar, xom ashyo sotib olish uchun olingan kredit hisobidan qurilishni boshlab yuboradi. Oqibatda ishlab chiqarish kechikishi, loyihani qoplash muddati cho‘zilishi, qarzdorliklar paydo bo‘lishi natijasida turli nizoli vaziyatlar yuzaga keladi. Sanoat ipotekasi yuqorida keltirilgan qator masalalarning yechim topishiga xizmat qiladi.

Bugungi kunda O’zbekistonda mavjud tijorat banklarining aksariyati birlamchi va ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorida ancha faol bo‘lib, uning ulushi asosan uy-joylar hissasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni uzoq muddatli ipoteka kreditlari deyarli faqat uy-joy sotib olish uchun berib kelingan. Sanoat ipotekasi yo‘lga qo‘yilishi bilan ishlab chiqarish bino-inshootlari va infratuzilma ob’ektlarini qurish, rekonstruksiya va modernizatsiya qilish ishlarining ortishi hisobiga qurilish bozori yanada faollashadi. Chunki tez ishga tushadigan loyihani yuqori likvidli tayyor bino-inshootlar garovi evaziga moliyalashtirish tijorat banklari uchun har tomonlama manfaatli.

Bunda muayyan sanoat tarmoqlari yoki ishlab chiqarish loyihalarini imtiyozli moliyalashtirish nazarda tutilgan hollarda berilayotgan imtiyozlardan maqsadli foydalanish qat’iy nazoratga olinishilozim. Masalan, bitta loyihada ishtirok etayotgan, afillangan shaxslardan sodda qilib aytganda, “o‘zidan o‘zi” ko‘chmas mulk xarid qilinishining oldi olinishi shart. 

Sanoat ipotekasi institutining keng qo‘llanilishi tadbirkor va sarmoyadorlarni yangi loyihalarini ishga tushirishga rag‘batlantirishi bilan mamlakat investitsiya muhitini yaxshilashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bilan bir qatorda, mamlakatda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, iqtisodiyotda sanoat ulushi va moliya bozorida kapitallashuvning ortishi bilan mulkdorlar safi ko‘payishiga zamin yaratiladi.

Tadbirkorlar uchun teng sharoitlar yaratish, narx va sifat jihatdan raqobatdoshlikni ta’minlash, doimiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish orqali, iqtisodiyotning ko‘plab tarmoqlari o‘sishiga erishiladi.

Botir Mardayev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi

  • Ko'rildi
    176
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+