Ko‘hna va navqiron Buxoroning peshqadam ishbilarmon ayollari aniqlandi

25.08.2023, 16:26

Ko‘hna va navqiron Buxoroning peshqadam ishbilarmon ayollari aniqlandi

Buxoro davlat universitetida O’zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlab “Yangi hayot uchun, yangi O’zbekiston uchun!” shiori ostida O'zLiDePning “Ishbilarmon ayol-2023” ko‘rik-tanlovining hududiy respublika bosqichi o‘tkazildi.

Mustaqillik yillarida xususan, keyingi 6-7 yilda jamiyatimizda ayol har qachongidan ko‘ra e’zoz va e’tiborga sazovor bo‘lib kelmoqda. Ayniqsa, tadbirkor xotin-qizlar uchun joylarda yaratilgan keng imkoniyatlar, ularning emin-erkin faoliyat olib borishlari uchun belgilangan imtiyoz va preferensiyalar nozik xilqat egalarini mudom izlanishga, o‘z ustida tinimsiz ishlashga kasb-mahoratini oshirishga, el-yurt ma’murchiligi yo‘lida barcha ishni qilishga da’vat etmoqda.

Tadbirkor xotin-qizlarning izchil faoliyatini har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan O'zLiDePning “Ishbilarmon ayol” istiqbolli loyihasi bu borada muhim ahamiyat kasb etayapti. Jumladan, buxorolik ayollarning ham biznes sohasidagi loyihalarini rivojlantirish, xususan xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish, ayollarning jamiyatdagi mavqeini yanada oshirishga xizmat qilib kelayotgan ushbu ko‘rik-tanlovda mana 7 yildirki, viloyatdagi tadbirkor, ishbilarmon, hunarmand, fermer ayollar ham faol ishtirok etib kelishmoqda.

Joriy yilgi ko‘rik-tanlovning tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va hududiy respublika bosqichiga yo‘llanma olgan 13 nafar tadbirkor va ishbilarmon ayollarning iste’dod, mahorat va mehnatlariga talabchan hakamlar hay’ati tomonidan munosib baho berildi. Tanlov nizomiga asosan hududiy bosqich g‘oliblari “Ishbilarmon ayol-2023” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘oliblari hisoblanadilar.

Hakamlar hay’ati qaroriga binoan faxrli birinchi o‘rin tadbirkorlikning turli yo‘nalishlarida bardavom faoliyat olib borayotgan g‘ijduvonlik Iqlima Jo‘rayevaga berildi.

-G’ijduvon tumanidagi «Firdavs O’ktam Amon omadi» mas’uliyati cheklangan jamiyatimizga  “Baraka” MFY hududidan 33 gektar yer ajratib berilganligi bu yerda 1 mlrd. so‘m hamda AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi USAIDning 31 ming dollari evaziga ekomaskan barpo etish imkonini berdi, - deydi ushbu MChJ rahbari, O'zLiDeP faoli I.Jo‘rayeva. - Hozirgi paytda ekomaskanimizda 40 ming tupga yaqin turli ko‘chatlar parvarish qilinmoqda. Dam oluvchilar uchun yurtalar o‘rnatilib, tegishli sharoitlar yaratilgan. Kelgusida esa mahalliy va xorijiy mehmonlar 5 gektardan iborat suv havzasidan baliq ovlashlari ot va tuyalarda sayr etishlari mumkin bo‘ladi. Ekoturizm mahalliy aholining faol ijtimoiy-iqtisodiy ishtirokini ta’minlashi va ushbu faoliyat turidan yaxshigina daromadga erishilishi bilan  e’tiborga sazovordir. Bu yilgi Tadbirkorlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz qatori “Shuhrat” medali bilan taqdirlanganligi, meni o‘z faoliyatimda yangi marralarni egallashga da’vat etib turibdi.

Ko‘rik-tanlovda faxrli ikkinchi o‘rin Romitan tumanidagi “Sanobar Samad Jasmina” MChJ ta’sischisi va rahbari  Sanobar Jo‘rayevaga nasib etdi. Uchinchi o‘ringa esa Vobkent tumanidagi yakka tartibdagi tadbirkor, hunarmand Shahnoza Avezova munosib deb topildi.

G’olib va sovrindorlar O'zLiDeP hamda hamkor tashkilotlarning  diplom, tashakkurnoma, shuningdek qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandilar. Bayramona tarzda tashkil etilgan tadbir davomida yangragan kuy-qo‘shiqlar barchaga xushnudlik baxsh etdi.

 

  • Ko'rildi
    180
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+