Forishdan to‘g‘ri xorijga!

07.09.2023, 17:27

Forishdan to‘g‘ri xorijga!

Tadbirkorlikni shunchaki havas deb emas, balki hayotining mazmuni deb qaraydigan insonlar uchun bugun markaz yo chekka hudud degan gaplar nisbiy tushunchaga aylangan.

Buni Jizzax viloyatining Forish tumani misolida ham ko‘rishingiz mumkin. Tumanimizda turli xil yo‘nalishlarda faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, ish o‘rinlari yaratayotgan, xalqimiz farovonligiga o‘z hissalarini qo‘shayotgan ishbilarmonlar ko‘p.

Momolarimizdan meros bo‘lib qolgan turli xil taqinchoq, kiyimlar bolaligimdan meni hayratga solib kelgan. Bora-bora bu hayrat o‘ziga xos san’at asari darajasiga ko‘tarilgan Forish hunarmandchilik an’analarini tiklash, yanada rivojlantirishdek orzuga, orzu esa aniq maqsadga, harakatga aylandi.

Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshlagach, hayratimni tumanimizga tashrif buyurayotgan xorijlik va mahalliy sayyohlar nigohida ham ko‘rib, san’atga, go‘zallikka oshuftalik, yaratuvchilik ishtiyoqi biz o‘zbek ayollariga asrlar davomida hamroh bo‘lib kelayotganiga ishonch hosil qildim.

Hamma narsaga mehnat, izlanish, tinimsiz sa’y-harakatlar orqali erishiladi. Shu bois, endi faoliyat boshlagan paytimda uchragan qiyinchilik va muammolarni sabr bilan yengib o‘tishga intildim. Ustozlarim, yaqinlarim, mahalliy hokimiyat vakillari ham har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi, ozmi-ko‘pmi tajriba orttirdim. Asta-sekin ishlarim yo‘lga tusha bosh ladi. Dastlab, mahallamizdagi 8 nafar ayol bilan faoliyatni boshladik, asta-sekin uni kengaytirib, hunarmandchilik bilan birga tikuvchilik, savdo va o‘quv yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘ydik. Ayni paytda 20 nafarga yaqin doimiy va 50 dan ortiq mavsumiy ish o‘rinlari yaratishga muvaffaq bo‘ldik.

Tadbirkorlik faoliyati nafaqat moddiy farovonlik keltirgani uchun, balki shu yurtga, elga kerakligimni anglatib turgani uchun ham menga qadrli. O‘zLiDeP faoli bo‘lganim uchun ham “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanloviga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Bejiz “ko‘rdik” demayapman. Chunki bu tanlov, aytishim kerak-da, men bilan birga ishlayotgan barcha xodimlarimiz uchun ham o‘ziga xos maktab vazifasini o‘tadi. Birgalikdagi mehnatimiz samaralari ko‘rik-tanlovning respublika hududiy bosqichida hakamlar tomonidan eng yuqori bahoga sazovor deb topilgani, o‘sha kez Forishda bu xabarni telefon orqali eshitgan opa-singillarim, dugonalarim qanchalik quvonchga, hayajonga tushganini tasavvur qilavering.

Bu bellashuv orqali viloyatimizdagi ko‘plab ishbilarmon ayollar bilan tanishdim, yangi hamkorlar ham topdim. Eng muhimi, partiyamiz tomonidan biz ishbilarmonlarga bo‘lgan yuqori e’tiborni his qildik.

“Yilning eng ishbilarmon ayoli” deb topilganim juda katta mas’uliyat yuklaydi. Bu sharafli nomga loyiq bo‘lish uchun juda ko‘p mehnat qilishim, izlanishimiz, o‘rganishim kerakligini anglayapman. Ayni paytda tumanimizda tashkil etilayotgan kichik sanoat zonasidan 5 gektar yer olib, yangi ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish niyatidamiz.

Maqsadimiz oddiy. Nasib etsa, forishlik ishbilarmonlar yaratgan mahsulotlar nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham dovrug‘ taratadi.

Laylo ILHOMOVA,

 yakka tartibdagi tadbirkor

  • Ko'rildi
    96
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+