Xalq ishonchi – shijoat, shiddat manbai

14.09.2023, 11:57

Xalq ishonchi – shijoat, shiddat manbai

Vaqt qadri odatda o‘tgan kun va oylar, yillar bilan emas, balki amalga oshirilgan ishlar salmog‘i bilan o‘lchanishi sir emas. Shu ma’noda olib qaralganda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining siyosiy kuch sifatida yigirma yillik bosib o‘tgan yo‘liga nazar solsak, unda o‘tgan har bir kun – bir maqsad, bir maslak yo‘lida birlashgan fidoyi, elparvar, shijoatli insonlarning Vatan, xalq, yurt farovonligi yo‘lidagi sa’y-harakatlari tobora kuchayayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

2003 yillar hali-hali esimda. O’sha kezlar partiya tuzish tashabbusi bilan chiqqan ishchi guruh a’zosi sifatida o‘tgan yillarga nazar solar ekanman, ko‘p yorug‘ xotiralar xayolimdan o‘tadi. Garchi mustaqillikka erishganimizga o‘n yildan oshgan bo‘lsa-da, hali aholining ko‘pchilik qismi dunyoqarashida eskicha qarashlar ketmagan, bozor iqtisodiyoti endi-endi joriy qilinayotgan paytlar edi.

Mana shunday damlarda mamlakatimiz taraqqiyotining keyingi o‘n yilliklardagi yurar yo‘lini belgilab beradigan, uni yangi yo‘ldan boshlashga qodir bo‘lgan siyosiy kuchni shakllantirishga bo‘lgan zaruriyatni anglab yetgan, uzoqni ko‘ra olgan insonlarning yuksak mas’uliyatni o‘z zimmalariga olishganini alohida ta’kidlab o‘tishni istardim.

Yigirma yildirki, dastlab, tashabbuskor guruh tarkibida, 2008 yildan boshlab esa partiyaning Jizzax viloyat kengashi raisi sifatida maslakdoshlarim bilan birgaman. O’tgan yillar davomida partiyamiz bosqichma-bosqich shakllanib, ta’bir joiz bo‘lsa, kuchga to‘lib, kundan kunga xalqimiz orasida nufuzi ortib bormoqda. Buning asosiy sababi, bugun el yurtimiz ardog‘idagi O’zbekiston Qahramonlari – Parda Ziyotov, Anorboy Eshmatov, ayni paytda viloyat “Nuroniy”lar jamoatchilik kengashi raisi vazifasida faoliyat olib borayotgan Norqul Nusharov, Kasaba uyushmalari birlashmasi Jizzax viloyat kengashi raisi, senator Nusratulla Pardayev va boshqa o‘nlab, yuzlab hamfikr maslakdoshlarimizning bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilganligidadir.

Davr shiddat bilan o‘tyapti. Shu shijoatga mos, zarur chog‘da undan sal oldinroq qadam tashlamagan ortda qolishi tayin. Safimizga kirib kelayotgan yoshlarda aynan shunday jo‘shqinlikni ko‘rib beixtiyor sevinaman. Misol uchun, dastlabki yili viloyat partiya tashkiloti tarkibida 1062 nafar maslakdoshimizni birlashtirgan 24 ta boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyat olib borgan bo‘lsa, hozir quyi bo‘g‘inlar soni 1000 dan oshdi. Ular o‘z saflariga 102 ming nafardan ortiq partiyadoshimizni birlashtirgan. Ularning sa’y-harakatlari bilan bugun partiyamiz g‘oyalari, dasturiy maqsad va vazifalari har bir mahallaga, har bir tashkilot, korxona va muassasaga kirib bordi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Buni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ham yana bir bor ko‘rsatib berdi. Saylov natijalariga ko‘ra, jizzaxlik saylovchilar mazkur siyosiy jarayonning eng faol ishtirokchilariga aylanganini, ularning aksariyat qismi partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodni qo‘llab-quvvatlab ovoz berganini ko‘rishimiz mumkin.

Yana bir misol, mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan dastlabki saylovlarda viloyat, tuman (shahar) kengashlariga partiyamizdan jami 72 nafar deputat saylangan edi.

Ayni paytda xalq deputatlari mahalliy kengashlarida jami 142 nafar O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari faoliyat olib bormoqda. Ularning 26 nafari xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari hisoblanadi. Barchasi o‘z vakolatlari doirasida viloyatimizda islohotlar samaradorligini oshirishga, saylovchilarning quvonchu tashvishiga hamroh bo‘lishga, joylardagi mavjud muammolarni partiyaviy vositalar bilan hal qilishda faollik ko‘rsatmoqdalar.

Joriy yil misolida ko‘radigan bo‘lsak, o‘tgan vaqt davomida mahalliy kengash deputatlari tomonidan jami 800 dan ortiq deputatlik so‘rovlari chiqarilgani, jami 110 dan ortiq mutasaddilar hisoboti tinglangani, mahalliy kengash sessiyalariga 40 dan ortiq masala kiritilgani ham xalq noiblarining davr bilan hamnafas ekanliklarini ko‘rsatib turibdi.

Aholining partiyamizga, deputatlarimizga bo‘lgan ishonchini belgilaydigan omillardan yana biri, bu ularning murojaatlariga bo‘lgan e’tibordir. Shu kungacha aholi tomonidan qilingan 200 dan ortiq murojaatning aksariyati o‘z yechimini topgan bo‘lsa, vaqt talab qiladigani deputatlik va partiyaviy nazoratga olingan.

O’zbekiston – yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Yangi O’zbekistonning mustahkam poydevori qo‘yilmoqda. Yurtimizda Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarning samaradorligini ta’minlashda va kuni kecha e’lon qilingan “O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan maqsad va vazifalarni hayotga joriy qilishda maslakdoshlarimiz bundan keyin ham oldingi saflarda bo‘lishiga ishonaman.

Erkin XOLMATOV

O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi raisi,

Xalq deputatlari Jizzax viloyat kengashidagi

O‘zLiDeP deputatlik guruhi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    79
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+