Yangi O’zbekiston: Yangicha ta’lim tizimi va yangicha yondashuvlar

15.09.2023, 13:08

Yangi O’zbekiston: Yangicha ta’lim tizimi va yangicha yondashuvlar

Zamonaviy hayotni bugun ilm-ma’rifat va ta’limning taraqqiyotisiz tasavvur etib bo‘lmaydi, insoniyat fan o‘qi atrofida aylanayotgandek go‘yo. Jahonning yetakchi davlatlarida ta’limni rivojlantirish birinchi galdagi vazifa sifatida belgilanishi ham bejiz emas. Negaki, mamlakatning kelgusi ravnaqi aynan shu sohada qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan chambarchas bog‘liqdir.

Amalga oshirilayotgan islohotlarning, avvalo, maktabgacha ta’lim va tarbiya sohasidan boshlanishi globallashuv jarayonida bolalar tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha ta’lim tizimining jamiyatimiz hayotidagi o‘rni va ahamiyati beqiyosligini nazarda tutadi.

Qabul qilingan “O’zbekiston–2030” strategiyasida ham maktabgacha ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish hamda bolalarning to‘liq qamrovini ta’minlash maqsadi qo‘yilgan. Unga ko‘ra kelgusi 7 yillikda  davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan ta’minlash orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang‘ich kompyuter savodxonligi ko‘nikmalarini shakllantirish, 100 foiz maktabgacha ta’lim tashkilotlarini toza ichimlik suv va zamonaviy sanitariya-gigiyena infratuzilmasi bilan ta’minlash kabi ustivor vazifalar amalga oshirilishi belgilangan.

Maktab ta’limini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlar jadal davom etmoqda. Kelgusi 7 yillikda bu borada maqsad qilingan rejalar ham mazkur sohadagi islohatlarning uzviy davomi bo‘la oladi.

 Umumiy o‘rta ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqish borasida ham qator vazifalar belgilangan. Xususan, olis va chekka hududlarda joylashgan 715 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilari uchun bepul avtobuslarni yo‘lga qo‘yish; 700 ga yaqin nomdagi yangi darsliklar, mashq daftarlari, pedagoglar uchun metodik qo‘llanmalar va mobil ilovalar yaratish; Yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1000 ta multimedia dasturlarini yaratish; ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar “til egalari” bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish; barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarlarga o‘rgatish kurslarini joriy etish; Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning ta’lim metodikasini barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlariga joriy qilish; Maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumiy o‘rta ta’lim muassasalari pedagog xodimlarining o‘rtacha ish haqini 2 barobar oshirish ko‘zda tutilgan.

Ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy qismini, albatta, oliy ta’lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi.

“O’zbekiston–2030” strategiyasiga intellektual taraqqiyotni jadallashtirish, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini rivojlantirish singari vazifalar asos qilib olindi. Konsepsiya mazmuni mamlakatimiz oliy ta’lim tizimini isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini aks ettiradi. Unda oliy o‘quv yurtlarida qamrov darajasini kengaytirish hamda ta’lim sifatini oshirish, raqamli texnologiyalar va ta’lim platformalarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faoliyatga jalb qilish, innovatsion tuzilmalarni shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish, xalqaro e’tirofga erishish hamda boshqa ko‘plab aniq yo‘nalishlar belgilab berilgan. Bularning barchasi ta’lim jarayonini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun xizmat qiladi.

Viloyatimizda ham Oliy ta’lim tizimida katta o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Ilgarilari 3 tagina oliy ta’lim muassasasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa bugungi kunda ular soni 10 taga yetdi. Bunda xususiy sektorning ham ulushini e’tirof etish lozim. Horijiy va xalqaro universitetlarning filiallari va xususiy oliy ta’lim muassasalari sog‘lom raqobat bilan bugun o‘z faoliyatini olib bormoqda. Yoshlarimizning oliy ta’limga qamrov darajasi ham bugun sezilarli darajada o‘sgan.

Demak, xulosa qiladigan bo‘lsak, ta’lim sohasidagi islohotlar ham bugungi kunda o‘zining dolzarbligi hamda amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan aslo qolishmaydi. Chunki ushbu sohadagi islohotlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirish davr talabidir. Negaki, inson kapitali sifatini oshirmasdan turib, keyingi iqtisodiy o‘sishni ta’minlash qiyin kechadi. Shu bois, zarur kuch va resurslarni ta’lim sifatini oshirishga, malakali kadrlar tayyorlashga yo‘naltirish nafaqat bugun, balki ertaning ham ustuvor vazifasiga aylanmoqda.

Belgilangan ushbu maqsad va vazifalar ijrosini ta’minlash, jamoatchilik va deputatlik nazoratini kuchaytirish mamlakatimizdagi yetakchi siyosiy kuch hisoblangan O’zbekiston Liberal-demokratik partiyasining har bir faoliga, har bir xalq noibiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Islom Fayzullayev,

O'zLiDeP Xorazm viloyat Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    1886
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+