“O’zbekiston - 2030” strategiyasi: Ta’lim tizimida sifat va samaradorlikka erishish - davr talabi

15.09.2023, 17:31

 “O’zbekiston - 2030” strategiyasi: Ta’lim tizimida sifat va samaradorlikka erishish - davr talabi

5 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 100 ta muhim maqsadni o‘z ichiga qamrab olgan “O’zbekiston-2030” strategiyasida birinchi navbatda Yangi O’zbekiston uchun eng katta investitsiya hisoblangan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Ushbu muhim hujjatda maktabgacha, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalarini yanada rivojlantirish, ayniqsa barcha yo‘nalishlarda innovatsion faoliyatni keng joriy etish, ilmiy tadqiqotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan maqsad-vazifalar hamda ularning amaldagi ijrosini ta’minlash muhim vazifa sifatida belgilab qo‘yilgan. Ushbu tizimdagi islohotlar bilan tanishar ekanmiz, jumladan umumta’lim maktablari faoliyatida ham 2030 yilgacha ro‘y beradigan o‘zgarish va yangilanishlar zamirida mamlakatimiz taraqqiyotining shundan keyingi bosqichlarida faoliyat yuritadigan yetuk, salohiyatli yosh avlodni tarbiyalashga qaratilgan dolzarb vazifalar belgilanganligiga amin bo‘lamiz.

Viloyatimiz ta’lim tizimi xususida so‘z borar ekan eng avvalo, umumta’lim maktablarining keyingi paytdagi samarali faoliyati xususida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq ekanligini his etamiz.

Viloyatda bugungi kunda 547 ta davlat umumta’lim maktabi, 21 ta xususiy maktablar faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi 1 yilda ulardagi oliy toifali pedagoglar soni 2940 nafardan 4763 taga, 1-toifali o‘qituvchilar soni esa 7112 tadan 7800 taga yetgan. Ta’lim-tarbiya jarayonini yanada yaxshilash maqsadida Yaponiya, Rossiya, AQSh singari xorijiy davlatlardan 51 nafar malakali pedagoglar buxorolik o‘quvchi-yoshlarga sifatli dars bera boshlashdi. Birgina 2023-2024-o‘quv yilida xorijlik 10 nafar yuqori malakali pedagoglar chet tillarni o‘rgatish bo‘yicha viloyat umumta’lim maktablariga jalb etildi. Maqsad - har bitta o‘quvchini maktab partasidayoq kamida 2 ta chet tilini o‘rganishiga erishishdan iborat. Buxorolik iqtidorli o‘quvchi yoshlardan  500 nafarining xorijdagi bir qator oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilinganligi bu boradagi ta’lim sifatining yaxshilanganligidan dalolat beradi. Bu yo‘nalishdagi ishlarning mantiqiy davomi sifatida keyingi 7 yilda mamlakatimizda “O’zbekiston-2030” strategiyasiga muvofiq ta’lim tashkilotlariga har yili 500 nafar til egalari bo‘lgan xorijiy mutaxassislarni jalb etish ko‘zda tutilgan. Viloyatimizdagi iqtidorli o‘quvchi-yoshlarning respublika va fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli ishtirok etayotganligi, jumladan, respublika olimpiadalarida ularning 8 nafari sovrindor bo‘lgani, xalqaro olimpiadalarda esa 7 ta kumush hamda 12 bronza medallarini qo‘lga kiritganliklari umumta’lim maktablarida ta’lim-tarbiya sifat ko‘rsatkichlari davr talablari darajasida ekanligidan darak beradi.

“O’zbekiston-2030” strategiyasida oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish masalasiga ham alohida e’tibor berilgan. Viloyatda ham ushbu yo‘nalishdagi ishlarni keyingi 7 yilda bosqichma-bosqich davom ettirish nazarda tutilgan. Bu borada Buxoro davlat universiteti  asosiy o‘rin egallab turganligini quyidagi raqam va dalillardan bilib olsa bo‘ladi. Bugungi kunda bu yerda 22535 nafar talaba tahsil olmoqda. 847 nafar professor-o‘qituvchilar ularga yuqori sifatli ta’lim berib kelmoqda. Universitetda 10 ta kafedra ish olib boryapti. Bir qator xorijiy davlatlardagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik memorandumarining tuzilganligi ta’lim tizimida sifat va samaradorlikka erishish, o‘zaro tajriba almashish imkonini beryapti. Xususan, AQSh, Koreya, Yaponiya, Rossiya, Malayziya, Italiya, Ispaniya, Latviya, Portugaliya, Belorussiya, Bolgariya, Hindiston, Turkiya, Qozog‘iston, Tojikiston va boshqa xorij mamlakatlari o‘rtasidagi oliy o‘quv yurtlari bilan tuzilgan o‘zaro manfaatli shartnomalar qo‘shma ta’lim dasturlari asosida “ikki diplomli tizim” ni joriy etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Universitetda shuningdek, ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish va ilmiy salohiyatni yuksaltirishga ham e’tibor qaratilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, “O’zbekiston - 2030” strategiyasida belgilangan barcha maqsad va chora-tadbirlarning har birini o‘z vaqtida va samarali bajarilishiga hamda hayotimizda keng tadbiq etilishiga barchamiz, shu jumladan, O’zLiDePning faol a’zolari, mahalliy Kengash deputatlari va ziyoli qatlam vakillari birdek mas’ulmiz.

Strategiyada ilgari surilgan dolzarb vazifalar va ularning ijrosi har birimizni qaysi sohada faoliyat olib borishimizdan qat’iy nazar jamiyatimiz, xususan, mamlakatimiz ta’lim tizimi rivojiga uning shundan keyingi istiqbolli vazifalari ijrosini ta’minlashga samarali ta’sir ko‘rsatishga davat etadi.

Obidjon Xamidov,

O’zLiDeP Buxoro viloyat Kengashi raisi,

 xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    195
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+