Katta marralarni ko‘zlamagan tadbirkor shiddatli zamon talablariga javob bera olmaydi

18.09.2023, 14:53

Katta marralarni ko‘zlamagan tadbirkor shiddatli zamon talablariga javob bera olmaydi

– Bugun yurtimizda tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash, eng muhimi, ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish davlatimiz siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi quvonarlidir. Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zi bu yo‘nalishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Natijada bizning ham ijtimoiy faolligimiz oshib, turmush farovonligimiz yuksalib boryapti. Bunday e’tibor va rag‘bat berilayotgani men kabi ishbilarmon opa-singillarimizga katta imkoniyatlar eshigini ochib berdi, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bundan besh-o‘n yilcha avval qishloq xo‘jaligi sohasida ishlab, katta obro‘ va daromad topasan, fayzli turmush kechirasan, desa birov ishonarmidi. Agrar sohani tom ma’noda xususiylashtirish mumkinligiga aql bovar qilmas edi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlarini qayta ishlash, ichki va tashqi bozorda sotishni qo‘llab-quvvatlash masalasi o‘zining tizimli yechimini topganini har qancha e’tirof etsak oz. Zotan, eksportbop mahsulot tayyorlash jarayonning yarmi bo‘lsa, xorijdan unga xaridor topish va mijozning ishonchini qozonish qolgan yarmidir. O’zgarishlar tufayli bugun dehqon ham, fermer ham eksport tizimida o‘zining o‘rnini topdi. Mehnatiga yarasha daromad ola boshladi. Xalqona aytganda, kosasi oqardi.

2006 yilda tashkil etilgan ko‘p tarmoqli “Zarkent Gavhari” fermer xo‘jaligimiz ham ayni qo‘llab-quvvatlashlardan ruhlanib, yaratilayotgan imkoniyatlar natijasi o‘laroq qator yutuqlarga erishdi.

Hozirda 80 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan xo‘jalik uzumchilik, meva-sabzavot, go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlab eksportga qilishda Toshkent viloyatidagi yirik korxonalar qatoriga qo‘shilishga muvaffaq bo‘ldi.

Birgina 2022 yilda mevadan 310 va uzumdan 200 sentnerdan hosil olgan bo‘lsak, 150 ming dollar miqdoridagi mahsulotimiz Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Qirg‘izistonga eksport qilindi. 2023 yilning dastlabki olti oyi mobaynida esa eksport hajmimiz yanada ortdi.

Xo‘jaligimiz a’zolarining 20 nafari “Temir daftar” va “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turadigan xotin-qizlardan iborat edi. Ularni o‘zimiz ma’lum mashg‘ulotga yo‘naltirish orqali ish bilan band qilib, moddiy ta’minlash maqsadida ishga olganmiz. Natijada ushbu opa-singillarimiz ham o‘z sharoitlarini o‘ng lab olishmoqda.

Kelgusidagi rejalarimiz yanada ulkan. Boisi, katta marralarni ko‘zlamagan tadbirkor shiddatli zamon talablariga javob bera olmaydi. Astoydil intilish, ilg‘or va ildam idrok orqali viloyatimizda eko-turizmni yanada yaxshilashga hissa qo‘shishda davom etib, Parkentning brend taomlarini tayyorlovchi yangi tarmoqni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Yana kamida 20 kishi ishli bo‘ladi. Bu esa ishbilarmon ayollarga yaratib berilayotgan sharoit, qulay muhit, erkin raqobat ta’minlanganidan dalolat beradi, albatta!

Kamtarin mehnatlarimni yuksak baholab, “O’zbekiston Konsitutsiyasining 30 yilligi esdalik nishoni”, Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan “Ilg‘or fermer” ko‘krak nishoni, “O’zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik, O’zbekiston Res publikasi Prezidentining farmoyishi bilan “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanganim ham fikrimning yorqin isboti bo‘la oladi.

O‘zLiDePning “Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovida ishtirok etish barobarida o‘zim kabi tadbirkor opa-singillarimiz bilan yaqindan tanishib, ularning boy tajribalarini o‘rganishga muvaffaq bo‘ldim. O’zaro fikr almashib, hamkorlik rejalarini tuzdik. Bu tanlov meni bundan keyin ham xotin-qizlarning ish bilan bandligini ta’minlash, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashda yanada shijoat bilan ishlashga undayotir.

Gavhar RIZAYEVA,

“Ishbilarmon ayol – 2023” ko‘rik-tanlovi g‘olibi,

Parkent tumanidagi “Zarkent Gavhari” fermer xo‘jaligi rahbari

  • Ko'rildi
    139
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+