Barqaror iqtisodiy o‘sish – aholi farovonligi garovidir

19.09.2023, 14:45

Barqaror iqtisodiy o‘sish – aholi farovonligi garovidir

Ma’lumki, mamlakatimizda so‘nggi 6-7 yilda to‘plangan tajribalarimiz kichik biznes va xususiy tadbirkorlik barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili ekanligini isbotladi. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkor va ishbilarmonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli yurtimiz iqtisodiyoti tez sur’atlarda o‘sib,  yangi ish o‘rinlarini tashkil qilishda va aholi daromadlarini oshirishda katta rol o‘ynamoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 11 sentyabrda qabul qilingan “O’zbekiston–2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O’zbekiston-2030” strategiyasini 2023 yilda o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazkur boshlangan ezgu ishlarning kelgusida yangi bosqichga olib chiqishda dasturilamal hujjat bo‘lib xizmat qiladi..

Xususan, kelgusi yetti yillikda iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish, tibbiy yordamga muhtoj aholining 70 foiz murojaatlarini birlamchi bo‘g‘inning o‘zida hal etish, kambag‘allikni ikki barobarga kamaytirish, “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish asosiy maqsad qilib olinmoqda. Bunda 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish mo‘ljallangan.

Bundan tashqari, kelgusida “yashil” iqtisodiyot”ga o‘tish, iqtisodiyot tarmoqlari va aholini zarur energiya resurslari bilan uzluksiz ta’minlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash ko‘rsatkichining 25 foizdan yuqoriga ko‘tarish  kabi chora-tadbirlar belgilab olingan. Shuningdek, mamlakatimiz hududlarida 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi agrologistika markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda ularning eksport salohiyati 1 milliard dollarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

Qarorda ko‘rsatilishicha, 2023 yil 1 oktyabrdan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga miqdori 10 million so‘mdan yuqori bo‘lgan soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun, agar tadbirkorlik sub’ekti huquqbuzarlikni inkor etsa, moliyaviy sanksiyalarni faqatgina sud tartibida qo‘llash amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi, kelgusi  yil 1 yanvardan boshlab, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilarga hosilni sug‘urtalashda sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya berish tartibi joriy etilishi barcha ishbilarmonlar qatori xususiy korxonalarning mulkdori sifatida shaxsan meni ham behad ruxlantirib yubordi.

Umuman olganda, “O’zbekiston-2030” strategiyasida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda partiyamizning hududdagi ko‘p ming sonli a’zolari, deputatlari oldida ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Bu borada biz bor kuch va salohiyatimizni namoyon qilamiz.

Ulug‘bek  Sotiboldiyev,

Oliy Majlis Senati a’zosi, 

O‘zLiDeP Sirdaryo viloyat Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    697
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+