Global muammolar yechimlari

21.09.2023, 14:38

Global muammolar yechimlari

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 78-sessiyasidagi nutqi orqali xalqaro munosabatlarda fundamental o‘zgarishlar yuz berayotgan sharoitda jahon hamjamiyati e’tiborini  ayni kundagi dolzarb masalalarga qaratdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, dunyoda ishonch inqirozi, xalqaro huquq me’yor va talablaridan chetga chiqish holatlari kuzatilyapti. Oqibatda geosiyosiy qarama-qarshiliklar kuchaymoqda. Iqlim o‘zgarishlari, ochlik va tengsizlikka nisbatan norozilik harakatlari ko‘zga tashlanyapti.

Yuzaga kelgan murakkab vaziyatni xolis va amaliy hamjihatlikni qat’iyat bilan qaror toptirish, umuminsoniy qadriyatlarni hamma narsadan ustun qo‘ygan holda xalqaro ishonch ruhini mustahkamlash orqali to‘g‘ri izga solish har qachongidan muhim.

Dunyo hamjamiyatiga ma’lumki, O’zbekiston Prezidenti 2023 yil umumiy havfsizlik va taraqqiyot masalalariga bag‘ishlab Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Samarqand birdamlik tashabbusini ilgari surgan edi. Bundan asosiy maqsad jahon xalqlarining buguni  va istiqboli uchun javobgarlikni chuqur anglash, tomonlarni ochiq va konstruktiv hamkorlik uchun global muloqotga jalb qilishdan iboratdir.

Davlatimiz rahbari nutqida BMT Bosh Kotibi tashabbusi bilan kelgusi yili “Kelajak sammiti” o‘tkazilishi ham xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini xal etishga, mazkur tashkilotning ta’siri va samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi. Nutqda, shuningdek, Markaziy Osiyo va jahon hamjamiyatini tashvishga solayotgan qator muammolarni hal etishga alohida to‘xtalib, jumladan, ayollarning bunyodkorlik tashabbusini ro‘yobga chiqarish maqsadida Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish taklifi olg‘a surildi. Bundan tashqari Markaziy Osiyo hududida ekologik vaziyat keskinlashgani, sayyoramizdagi iqlim o‘zgarishlari, bioxilma-xillik kamayayotgani, atrof-muhit ifloslanishi ortayotgani o‘z yechimini kutmoqda.  Orol dengizi qurishidan Markaziy Osiyoda vujudga kelgan murakkab ekologik vaziyatni o‘nglashga O’zbekiston o‘z imkoniyatlari darajasida izchil intilmoqda.

O’zbekiston rahbari jahon minbaridan ekstremizm va xalqaro terrorizmga qarshi kurashni takomillashtirish haqida so‘z yuritar ekan, dunyo hamjamiyatini ayrim mamlakatlarda ko‘zga tashlanayotgan diniy toqatsizlik, islomofobiyaga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasi minbaridagi  nutqida olg‘a surilgan g‘oyalar davlatlar va xalqlar o‘rtasida tinchlik-totuvlikni mustahkamlashi, jahon hamjamiyati diqqat-e’tiborini mavjud global muammolarni xal etishga undashi shubhasiz.    

Solijon MO’MINOV,

O’zLiDeP Namangan viloyat Kengashi raisi

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    384
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+