“O’zbekiston – 2030” strategiyasi – yurtimizda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojini ta’minlovchi muhim hujjat bo‘ldi

22.09.2023, 15:23

“O’zbekiston – 2030” strategiyasi – yurtimizda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojini ta’minlovchi muhim hujjat bo‘ldi

Bugun xalqaro hamjamiyat O’zbekiston qishloq xo‘jaligidagi yangi islohotlarga katta qiziqish bilan qaramoqda. Negaki, bugungi O’zbekistonda qishloq xo‘jaligiga drayver sohalardan biri sifatida qaralib, qishloq xo‘jaligi hududlarini rivojlantirish va qishloq aholisi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.   

Dunyo davlatlaridagi qishloq xo‘jaligi hududlari shaharga nisbatan hali ham yetarli darajada xizmat ko‘rsatish bilan ta’minlanmagan va bir qator muammolarga duch kelayotgan bir sharoitda O’zbekiston qishloq aholisi hayot sifati va darajasini oshirish, ish bilan bandligini ta’minlash choralarini ko‘rmoqda.

Yurtimizda qulay agrobiznes muhitini yaratish, soha boshqaruvida davlat ishtirokini kamaytirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, qishloq xo‘jaligida ilm-fan, ta’lim, axborot va maslahat xizmatlari tizimini rivojlantirish masalalariga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida qaraladi.  

Yaqinda qabul qilingan “O’zbekiston – 2030” strategiyasi ham yaqin yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgani bilan yanada ahamiyatli bo‘ldi. Negaki, unda xalqchil g‘oya va tashabbuslarni o‘z ichiga olgan ustuvor maqsadlar qatorida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalasiga ham jiddiy e’tibor qaratilgan.

Unda qishloq xo‘jaligida hosildorlik va rentabellik darajasini keskin oshirish borasida aniq maqsadlarning belgilab olingani tahsinga sazovor jihatlardan biridir.

Xususan, qishloq xo‘jaligi sohasida eksport hajmini oshirish, agrar sohaga investitsiyalarni jalb qilish, qo‘shimcha 300 ming gektar maydonni zamonaviy suv tejaydigan texnologiyalarni qo‘llash orqali o‘zlashtirish va mazkur yerlarda ozuqabop, dorivor, moyli, dukkakli, sholi, g‘alla, sabzovot, poliz ekinlari ekish, intensiv bog‘ va uzumzorlar tashkil etish, respublika hududlarida 2,5 million tonna quvvatga ega bo‘lgan 100 ta yangi agrologistika markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, yer munosabatlarini isloh qilish doirasida yer maydonlarini ijara huquqini garovga qo‘yish mexanizmini joriy qilish masalalariga ham jiddiy e’tibor qaratilgani e’tiborga molik.

Shuningdek, strategiyada belgilanganidek, har bir tumanda agrar sohadagi ilm va innovatsiyalar, yangicha yondashuvlar, zamonaviy agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishga ko‘maklashuvchi markazlarni tashkil qilinishi, dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda klasterlarga barcha subsidiyalarni yagona “Agrosubsidiya” platformasi orqali “bir qadam” tamoyili asosida taqdim etilishi zamirida soha mehnatkashlari, ayniqsa, dehqon va fermerlarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan dalolat. Katta imkoniyatlar eshigini ochuvchi kalitdir. Davlatdan o‘z vaqtida zaruriy ko‘makni olgan, qo‘llab-quvvatlangan fermer va dehqonning ishida unum, hosilida baraka bo‘ladi. Endilikda, qishloq xo‘jaligida zamonaviy bilimlar, ilm-fan yutuqlarini sohaga samarali tatbiq qila oladigan markazlar fermer va dehqonlarga ko‘makchi bo‘ladi. Buning natijasida, unumdorlik, hosildorlik va rentabellik darajasi oshishi muqarrar.

Bundan tashqari, yurtimizni kelgusi yetti yilda taraqqiy ettirishdagi muhim maqsadlar jamlangan konseptual hujjatda chorvachilik sohasida ozuqa bazasini mustahkamlash, yaylov yerlardan unumli foydalanishni ta’minlash, pillachilik sohasida klaster tizimi asosida 105 ming gektar yangi tutzorlarni barpo qilish va 1 milliondan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Aytish joizki, bizning Toshkent viloyati mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida o‘z tajribasi va salohiyatiga ega bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. Bugun viloyatdagi qaysi bir fermer va dehqon bilan suhbatda bo‘lmaylik, yaqin kelajakda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan “O’zbekiston – 2030” strategiyasida belgilab berilgan hayotbaxsh maqsadlarni quvonch bilan qarshi olganini ta’kidlamoqda. Qishloq xo‘jaligi sektori bilan bog‘liq bo‘lgan muammollar juda yaqin yillarda o‘zining ijobiy yechimini topishidan mamnunligini bildirmoqda.

Ayniqsa, 2024 yil 1 yanvardan boshlab hosilni sug‘urtalagan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilariga sug‘urta mukofotining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratilishining tatbiq qilinishi ularda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

 Muxtasar qilib aytganda, kelgusi yetti yildagi taraqqiyotimiz mezoni bo‘lgan mazkur strategiya yurtimizdagi hayotining sifati va darajasi, ish bilan bandligi bevosita qishloq xo‘jaligi sektori bilan bog‘liq bo‘lgan millionlab kishilar hayotidagi ulkan voqelik bo‘ldi.

Bu esa, o‘z navbatida mamlakatdagi dehqon va fermerlar, agrobiznes vakillarini faol qo‘llab-quvvatlovchi biz partiya tizimi xodimlariga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.

Kelgusidagi faoliyatimizda ushbu hayotbaxsh maqsadlarni amalga oshirishga yanada shijoatkorlik, tashabbuskorlik, qolaversa, mas’uliyat bilan kirishishga undaydi.

To‘lqinjon Fayziyev,

O’zLiDeP Toshkent viloyat Kengashi raisi,

Xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi

partiya deputatlik guruhi rahbari

Teglar
Munosabat
  • Ko'rildi
    159
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+