O’zbekiston - Rossiya: ikki davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichi

09.10.2023, 14:20

O’zbekiston - Rossiya: ikki davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning yangi bosqichi

Bugun O’zbekiston bilan Rossiya mamlakatlari o‘rtasida ikki tomonlama ko‘p qirrali hamkorlik yuqori sur’atda o‘sib boryapti, barcha sohalarda salmoqli natijalarga erishilayotganini alohida e’tirof etish joiz.

Xususan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikda nafaqat miqdoriy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sib borayapti, balki sifat jihatidan yangi bosqichga chiqmoqda. Ilgari o‘zaro tovar ayirboshlash tarkibining aksariyatini xomashyo tashkil etgan bo‘lsa, bugungi kunda savdoning 70 foizi yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Investitsiya sohasida ham yengil va kimyo sanoati, avtomobilsozlik va mashinasozlik, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika tarmoqlarida innovatsion loyihalar salmog‘i ortib borayotgani kuzatilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 5-7 oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.

Ikki davlat rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida qo‘shma bayonot qabul qildilar. Unga ko‘ra, ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari tomonidan imzolangan 10 ta hujjat almashildi.

Jumladan, Samarqand shahrida Rossiya Federatsiyasining bosh konsulxonasini ta’sis etish, vakolatli iqtisodiy operator institutlarini o‘zaro tan olish, “Agroekspress” tezkor temir yo‘l tashuvlarini tashkil etish loyihasini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitimlar, Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2024-2025 yillar uchun hamkorlik dasturi, shuningdek, transport, ilm-fan, ta’lim va madaniyat sohalarida hamkorlik bo‘yicha hujjatlar shular jumlasidan.

Uchrashuvlari doirasida Rossiyada mehnat qilayotgan fuqarolarimizga ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Rossiya fuqarolari orasida O’zbekistonning turistik jozibadorligi oshayotgani qayd etildi. Rossiyalik sayyohlar oqimi yil boshidan buyon 20 foizga oshgani ko‘rsatib o‘tildi.

Umuman olganda, ikki tomonlama erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada rivojlantirishga, O’zbekiston va Rossiya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Mavluda Ibragimova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

  • Ko'rildi
    104
  • Chop etish
  • Do'stlar bilan ulashish
← Orqaga qaytish

Fikringizni qoldiring

+